Jahon | 18:33 / 09.02.2024
7398
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh havo tarkibidagi PM2,5 zarralari bo‘yicha yangi me’yor belgiladi

AQSh havo tarkibidagi PM2,5 zaharli zarrachasining yillik konsentratsiyasi me’yorini 12 mkg/m3 dan 9 mkg/m3 ga tushirdi. Kuchaytirilgan standartlar 2032 yilgacha 4500 tagacha erta o‘limning oldini olishi, 290 mingta yo‘qotilgan ish kunini saqlab qolishi va sog‘liqni saqlash tizimi uchun 46 mlrd foyda keltirishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

Biden-Harris administratsiyasi amerikaliklar hayotini yaxshilash uchun kuchliroq havo standartlari joriy etilishini e’lon qildi. Amerikada PM2,5ning yillik konsentratsiyasi 2012 yildan beri 12 mkg/m3 edi. Endilikda bu 9 mkg/m3 ga pasaytirildi.

Ma’lum qilinishicha, kuchaytirilgan standartlar 2032 yilgacha 4500 gacha erta o‘lim, 290 000 yo‘qotilgan ish kunini saqlab qoladi va sog‘lik uchun 46 milliard sof foyda keltiradi. Havo standartini kuchaytirish uchun sarflanayotgan 1 dollar 2032 yilda inson salomatligi uchun 77 dollargacha foyda olib kelishi mumkin.

Bu strategiya amerikaliklarning sog‘lom hayot kechirishini samaraliroq qilishi, shu bilan birga Amerikada ishlab chiqarishning tiklanishiga xizmat qilishi ma’lum qilingan. 2000 yildan beri havodagi PM2,5 konsentratsiyasi 42 foizga kamaygani bilan bir qatorda, xuddi shu vaqt ichida AQSh yalpi ichki mahsuloti 52 foizga oshgan.

AQSh Milliy tibbiyot assotsiatsiyasining 118-prezidenti Doktor Doris Braunga ko‘ra, havo standartlari uchun qo‘yilgan yangi tartib toza havo odamlar hayoti saqlab qolishini ko‘rsatuvchi ilmiy dalillarga asoslangan. PM2,5 zarrachalari yurak, o‘pka kasalliklariga chalinganlar, astma bilan kasallangan bolalar, keksalar hayotini yaxshilashga yordam beradi.

Agentlik yangi standartlarni joriy qilishdan oldin keng jamoatchilik fikrini o‘rgangani, jumladan virtual so‘rovnomalarda 700 mingdan ortiq izohlarga tayanganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, havo tarkibidagi PM bu yagona zarracha emas, balki bir necha kimyoviy moddalarning qo‘shiluvidan yuzaga keladi. Uning me’yordan oshishi (Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, kunlik me’yor – 5 mkg/m3) yurak-qon tomir kasalliklari, astma va saratongacha sabab bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri havosi tarkibida 2023 yilning oxiri va 2024 yilning boshidan beri PM2,5 zaharli dispers zarrachalari o‘nlab barobar surunkali oshib boryapti. Bunga sabab qilib, AI-80 benzinidan foydalanuvchilar ko‘paygani, korxona, zavodlarda mazut va ko‘mir yoqilgani va boshqa omillar ko‘rsatilgandi.

Oldinroq, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi O‘zbekiston havo sifati bo‘yicha o‘zining milliy standartlarini belgilashini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid