«Tergovdagi qiynoqlar tajribamdan o‘tgan». Zamonamiz advokat nigohida
Sud-huquq sohasidagi liberallashtirish ishlari ommaviy axborot vositalarida ko‘p va xo‘p tilga olinmoqda. Aslida ushbu islohotlar – real voqelikmi? Yanada erkinliklar berish maqsadida qabul qilingan qonun va qarorlar amaliyotda ham o‘z so‘zini aytmoqdami? Bu savollarga javob olish maqsadida malakali huquqshunos, advokat Amirillo Ahmedov bilan suhbatlashdik.
Tas-IX
YouTube
Hozirgi kunda sud-huquq sohasida islohotlar olib borilmoqda deya Oliy sud va prokuratura organlari tomonidan ham ta'kidlanmoqda. Hozirgi kundagi liberalizatsiya asosan qay yo‘nalishda ketmoqda?
─Ayni paytda sud-huquq tizimida liberalizatsiyaning maqsad-mezoni bu, shaxsning bilib-bilmay qilgan jinoyati bo‘ladimi, ijtimoiy ahvolini yaxshilash maqsadida yengilliklar berish deyish mumkin. Bu masala iqtisodiy jinoyatlar yo‘nalishida ko‘tarilmoqda. Oldingi qonunchiligimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, avvallari shaxs Jinoyat Kodeksining 167-moddasi, ya'ni o‘zlashtirish va rastrata qilish jinoyatini sodir qiladigan bo‘lsa, nafaqat ozodlikdan mahrum qilish, yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalasi, balki shu jarayonda uning mol-mulkini musodara qilish instituti ham bor edi. Demak, shaxs huquqbuzarlik sodir etgandan so‘ng, 3 ta holatda javobgarlik belgilanar edi. Shaxs o‘ziga nisbatan sodir qilayotgan jinoyatga nisbatan yetkazilgan zararni qoplaydigan bo‘lsa, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni qo‘llash yoki u dastlabki tergovda qamoqda bo‘ladigan bo‘lsa, zararni to‘laganidan so‘ng qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash olib tashlanishi ko‘plab sodir bo‘lmoqda. O‘ylaymanki, buning zamirida unga nisbatan sud-huquq tizimida yetkazilgan zararni qoplash evaziga ozodlikka chiqishi bilan holatlarini tushunishimiz mumkin. Bu nafaqat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi jinoyatlarga, qolgan jinoyat turlariga nisbatan ham qo‘llanilmoqda. Vaholanki, ayrim jinoyatlarimiz jinoiy jazodan ma'muriy jazoga o‘tishi bu liberalizatsiyaning bir ko‘rinishidir. Lekin, alohida toifadagi jinoyatlar bu terrorizm, qasddan odam o‘ldirish kabi jinoyatlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Qolaversa, Jinoyat Kodeksning 184-moddasi (soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) bo‘yicha agar shaxs to‘lovlarni bajarsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish joriy qilindi. Bu ham o‘z navbatida tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Buni biz ijobiy natijasini ko‘ryapmiz. Avvallari, tadbirkorga javobgarlik qat'iy belgilab qo‘yilar edi. Hozir qonun ogohlantirib, agar bartaraf etsang seni nafaqat jazodan, javobgarlikdan ozod qilishni aytmoqda. Bu degani u sudlanmaydi.
Qonun va qarorlar jamiyatda o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Bu yengilliklar jamiyatda jinoyatchilikni avj olishiga sabab bo‘lmaydimi?
─Hozirgi statistikani oladigan bo‘lsak, biz o‘tgan yilga qaraganda barcha turdagi jinoyatlar pasaymoqda. Bu yengilliklar tashqaridan kelib bir-birini aldaydigan kishiga nisbatan qo‘llanilmaydi. Bu tadbirkorlikni olib borayotan shaxs bo‘lishi mumkin. Aynan, bu holat soliq qonunchiliklariga taalluqli bo‘lgan jinoyatlarga qo‘llaniladi.
Ko‘plab rivojlangan davlatlarda ham soliq qonunchiligi bo‘yicha jazolar qat'iy belgilab qo‘yilgan. Masalan, AQSh qonunchiligida qattiqroq jazolarga sabab bo‘ladi. Bunday yengilliklar tadbirkorlar tomonidan bemalolchilikka olib kelmaydimi?
─Yo‘q. Bu narsaga e'tiroz bildirgan bo‘lar edim. Chunki, amaliyotda shu narsani ko‘ryapmizki, jinoyatni qilaman degan odam yengillikka qarab o‘tirmaydi. Kerak bo‘lsa takroran bo‘lsa ham bu ishni qiladi. Maqsad soliqdan bo‘yin tovlash, soliqdan qochish. Lekin, bizda har bitta holatda shaxsga o‘zining huquqlari tushuntiriladi. Tadbirkor kelgusida o‘zining biznesini rivojlantirishni maqsad qilib qo‘ymoqda. Buxgalteriya hisobotida, qonunni to‘g‘ri talqin qilmaslik yoki uni yaxshi bilmasligi oqibatida soliqdan qarzdorlik bo‘lib qoladi. Biz unga «mana qonun normasi, buni to‘lasang javobgarlikdan ozod bo‘lsan» deb aytsak u to‘laydi. Chunki, u ertaga kredit olishda, faoliyat yuritishida unga dog‘ bo‘lmasligi uchun bu narsadan tiyiladi. Bunday vaziyatlarda javobgarlikdan ozod qilingandan so‘ng, minnatdorchilik bildirib ketishmoqda, Prezidentga rahmat deyishmoqda.
Tergovga qaytarish instituti bekor qilindi. Bu yangilik insoniylik tamoyili asosida qanday yengilliklar beradi?
─Avvallari, ayblov xulosasi prokuror tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, bu ish bevosita sudga oshirilardi. Sud ishni ko‘rish davomida ma'lum kamchiliklar topadimi, ziddiyatlarga kelib qolishi mumkin. Shunday holatlarda, o‘zidan soqit qilish uchun dastlabki tergovga qaytarish instituti bo‘lar edi. Dastlabki tergovga qaytargandan so‘ng, uyoq-buyog‘ini to‘g‘rilagan bo‘lib, yana sudga beradi. Ikki martalab tergovga qaytargan vaqtlar bo‘lar edi. Demak, bu holatda sud bilan tergovning o‘rtasidagi munosabatni emas, shaxsga nisbatan huquqlari qanchalik darajada buzilib kelayapti, uning muddati bizni xavotirga solib kelardi. Hozirda, tergovga qaytarish instituti bekor bo‘lgandan so‘ng, bu avvalambor tergovchini mas'uliyat bilan ishlashi, tergovni sifatli olib borib uni sudga oshirishi, sud esa bu narsani tergovga qaytarish imkoniyati yo‘qligidan kelib chiqib odilona, prinsipial, qonuniy ko‘rib chiqib jazo belgilashni nazarda tutmoqda. Shu bilan birgalikda, Jinoyat-protsessual kodeksining 416 moddasiga binoan, sud mazkur holatda jinoiy ishda kamchiliklarni bartaraf etish holati yuzasidan bir oylik muddat ichida prokuraturaga yuborishi mumkin.
Agar bir oylik muddat ichida ko‘rib chiqilib, prokuraturadan ham tayinli holat, masalan jinoyat alomatlari topilmasa qanday hal etiladi?
─Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi mavjud. Bunda reabilitatsiya qilish belgilangan, ya'ni oqlash. Vaziyatdan kelib chiqib aytish mumkin. Lekin, shunda ham jinoyat alomatlari topilmasa, shaxsga nisbatan oqlov hukmi o‘qiladi. O‘tgan yil hisobida bunday holatlar o‘zimning ishlarimda ham kuzatildi.
Ichki ishlar vazirining bergan ma'lumotiga ko‘ra, tergovda g‘ayriinsoniy qiynoqlarga solish butkul yo‘qotilgan deya aytilmoqda. Bu sizning tajribangizda qanchalik darajada o‘z isbotini topmoqda?
─Bu jarayon oldin bo‘lmagan deb ayta olmaymiz. Shaxsan o‘zimning tajribamda bu bo‘lgan. Jinoyat qonunchiligida, Oliy sud plenumining dalillar maqbulligiga normalar chiqqan. Aynan shu qarorda shaxsga qo‘yilgan ayblov ruhiy bosim ostida yoki ruhiy tazyiq ostida ko‘rsatma olingan bo‘lsa, bu nomaqbul dalil deb topiladi. Shaxsga qo‘yilgan ayblov tasdig‘ini topmasa, bu bevosita sudlanuvchini foydasiga hal etiladi.
Yuqori yuridik bilimga ega bo‘lmagan odamlar orasida tergovda davlat tomonidan beriladigan advokatlar, ya'ni davlat advokati va xususiy advokat degan tushunchalar mavjud. Sifati ham ikkalasida ikki xil deyishadi. Bu qanchalik darajada to‘g‘ri?
─Savolingiz o‘rinli. Jinoyat qonunchiligi bo‘yicha 9 toifadagi ishlarda advokat ishtiroki majburiy deb belgilangan. Deylik, o‘shandan bir toifada qolgan ishtirokchilarda advokat berilgan bo‘lsa, bu ishtirokchilarda ham advokat ishtiroki shart. Bunday holatda advokatni ta'minlab berilishida ijtimoiy ahvolidan kelib chiqilmasligi kerak. 5 tasida advokat bor, Eshmatda advokat yo‘q. Uning sharoiti yaxshi emas. bu degani u advokatsiz ishtirok etsa bo‘ladi, degani emas. Aynan shu masalada, Advokatlar palatasida navbatchilik joriy etilgan. U gumonlanuvchi, ayblanuvchi bo‘ladimi unga advokat berilishi shart. Advokatning ish haqi davlat tomonidan to‘lanadi. Davlat advokati emas, o‘zing olsang advokat jon-jahdi bilan kurashadi deyishadi. Bir advokat shartnoma asosida, boshqaning advokati davlat tomonidan berilgan. Men mijozim uchun kurashaman, davlat bergan advokat bepisandlik bilan ishtirok etyapti. Bu holatni fuqarolar farqlay oladi. Bu narsani yo‘qqa chiqarishimiz uchun har bir instansiyada advokatlarning almashishi yo‘lga qo‘yilgan. Agar kamchiliklar aniqlansa, qisqa raqamli ishonch telefonlar mavjud. Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari bor. Ularga murojaat etsa tegishli choralar ko‘riladi.
Bu masala yuzasidan tartibga solish qanday amalga oshiriladi?
─Bu masalada tartibga soluvchi Advokatlar palatasining ichki Yo‘riqnomasi mavjud. Shunga asoslanib advokatlar ishlashi tekshirilib boriladi. Har bitta holat bo‘yicha tekshirilib boriladi. Advokatga navbatchiligi bo‘yicha chaqiriladi. Agar uzoqda bo‘lsa, betob bo‘lgan bo‘lsa boshqa advokatga yuklanadi.
Ishdan xabardorlik masalasida-chi? Dabdurustdan ishni olgan advokat uchun ishni ko‘rishdagi sifatni tushib ketishiga sabab bo‘lmaydimi?
─Ishni olgandan so‘ng, himoya ostidagi shaxs bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashni boshlaydi. O‘sha kungacha o‘tkazilgan tergov harakatlari bilan tanishib chiqadi. Agar ish sudda bo‘lsa, ish bilan tanishib chiqish uchun suddan vaqt so‘raydi.
Masalan, bu gapingizdan bugun ishni olgan advokat ertaga agar navbatchilik vaqti bo‘lmasa, bu ish bilan shug‘ullanmaydi deb tushunish mumkinmi?
─Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Bizdagi jadvallarga ko‘ra, bugun mening navbatim bo‘lsa, bugungi kundagi ishga borib qatnashsam, bu ishni oxirigacha olib boraman.Demak, bir jinoyat ishida bugun men qatnashib, keyin boshqasi qatnashishi mumkin emas. Agar himoyadagi shaxs o‘zi buni talab qilmasa.
Xalqaro amaliyotda Miranda qoidalari, AQSh Konstitutsiyasiga 5-tuzatma kabi tushunchalar mavjud. Ulardan biri shaxs o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi. Aybini tan olib ariza ham olinmaydi. Bizda bu qanday holatda?
─«Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5441-sonli 2018 yil 12 mayda qabul qilindi. Bu farmonga ko‘ra, shaxs o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermasligi kerak. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasida ayblanuvchining huquq va majburiyatlari belgilangan. Unga ko‘ra, ayblanuvchi ushlangan vaqtdan boshlab himoyachiga, ya'ni advokat olish huquqiga ega.
Bizga murojaatlarning orasida advokatlar tomonidan yuboriladiganlari ham bor. Bu murojaatlar asosan protsessual kamchiliklar, muddatlar buzilishi haqida. Vaqtida bunga odatiy hol sifatida qaralgan. Hozirgi kunda bu masalada davlat organlari qanday ishlamoqda?
─Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmaydi, deb ayta olmayman. Protsessual muddatlarni buzilishida nafaqat qonunlarning yaxshi ishlashi, balki o‘sha protsessual masalalar ishtirokchisi, aytaylik, tergovchi o‘z ishida, o‘z ustida yaxshi ishlashi kerak. Sudda raislik qiluvchi ishni yaxshilab o‘rganib chiqish kerak. Har bitta sudlanuvchining harakatlariga qonunan baho berish kerak. Bu ularning bevosita vazifasi.Shu o‘rinda, dastlabki tergovning muddati hozirda 7 oy qilib belgilangan. Bunga ba'zi tergovchilarning amal qilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Mana shu mexanizmni soddalashtirishni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. To‘g‘ri, qonunchiligimizda belgilab o‘tilgan. Lekin, sun'iy ravishda to‘xtab turilishini bartaraf etish uchun mexanizmlarni o‘ylab chiqish kerak, nazarimda.
Oldinlari Oliy sudda ishni ko‘rish uchun Oliy sudning biror sud'yasining protesti asos bo‘lar edi. Hozir prokuratura protesti yoki advokat bergan ariza xati ham asos bo‘lmoqda. Bu qanday natija bermoqda?
─Bu ijobiy natija ko‘rsatmoqda. Oldinlari hammamizga ma'lumki, nazorat tartibi viloyat sud'yalari darajasida ko‘rilar edi. Hozirda, bu ishlar Oliy sud darajasida ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, sud jarayonida davlat ayblovchisi (prokuror) va himoyachi (advokat) teng huquqli hisoblanadi. Biroq, prokuror protest keltirishi mumkin, advokat esa yo‘q. Bu tenglikning buzilishidir. Shunday holatlarda, advokatlar Oliy sudga nazorat tartibida ko‘rilishiga ariza berishi mumkin bo‘ldi. Bu amalda yana bir liberallashtirishdir. Zamon shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Qonunchiligimizda ham o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Chunki, bu davr taqozosi. Zaruriyat bormi o‘zgartirish kiritish lozim. Soliq kodeksi yangidan qabul qilindi. Yangisiga ham qanchadan-qancha o‘zgarishlar kiritilmoqda. Mana shu zamon bilan hamnafas bo‘lishdir.
Soliq qonunchiligiga o‘zgarishlar kiritilgani haqida aytib o‘tdingiz. Bu borada yana qanday erkinliklar berilmoqda?
─Tergovchi tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha taftish o‘tkazishda advokatning ishtirok etishining shartligi bu alohida bir mexanizm. Bu ham tadbirkorni taftish jarayonida huquqlari himoyasini nazarda tutadi.
Ko‘p marotaba ta'kidlab o‘tdingizki, advokat ishtiroki bu liberalizatsiyaning ko‘rinishidir. Advokatlar shu ishonchni oqlashmoqdami? Eski fikrlash bo‘yicha advokat qatnashsa ham o‘zgarish bo‘lmasdi...
─Fikr tushunarli. Advokatlarning hozirgi kundagi ilg‘orligi, ta'sirchanligini oshirish maqsadida bugungi jarayonda ancha-muncha to‘siqlarga barham berildi. Advokat qonunda ko‘rsatilgan huquqlardan to‘la-to‘kis foydalansa bo‘ladi. Advokatlarga qilinadigan tazyiqlar bevosita qaysidir organ tomonidan ko‘rib chiqilishi, xususan yaqinda Bosh prokurorimiz va Advokatlar palatasining raisi o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda ham advokatlarga bo‘lgan to‘siqlar Bosh prokuror tomonidan ko‘rib chiqilish mexanizmlari yaratilmoqda. Hozirgi kunda kechagi advokat bilan hozirgi kundagi advokatning farqi sezilib qoldi. Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi qonunga ko‘ra, faoliyat yuritmayotgan advokatlarning litsenziyasi tugatildi. Advokat faqatgina advokatlik bilan shug‘ullanishi lozim, ilmiy faoliyat bundan mustasno. Advokat hozirda o‘z ustida ishlashi lozim. Kundan-kunga qonunlar o‘zgarmoqda. Bozor iqtisodiyoti bu. Yangi qonunlarni bilmasa, ertaga mijozni qanday himoya qila oladi? Shu sababli, 5 yildan oldingi advokat bilan hozirgi kundagi advokatning farqi juda katta. Hozir advokatlar sud majlislarida kurashmoqda, mijozning huquqlarini tiklamoqda.
Bozor munosabatlari advokatlik faoliyatiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda, deb aytish mumkinmi?
─Albatta. Advokat o‘z ustida ishlamasa ertaga unga talab bo‘lmaydi. Talab eng yaxshi advokatga bo‘ladi. Ayrim holatlarda sudga borib mana qonun desak, “Yo‘g‘-e shunaqa qonun chiqdimi?”,- deyishadi. Bu advokatning ilg‘orligidir. Qonunlarni qo‘llay olishi bu - uning yutug‘i. Ayniqsa, iqtisodiy yo‘nalishidagi sud jarayonlarida advokat qonunni talqin qila olishi kerak.
Qonunda shunday holatlar mavjudki, bu korrupsiyaga yo‘l ochadi. Xalq tilida aytganda «qonundagi lazeykalar» ga misollar keltira olasizmi?
─Xalq tilida «lazeykalar» deyiluvchi mavjud. Masalan, og‘ir jinoyat turkumidagi jinoyatlarda sanksiya, ya'ni jazo muddatlarini misol qilishimiz mumkin. Ularda 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan. Sudyaga bu keng huquqlar taqdim etadi. Sudya xohlasa 5 yildan 10 yilgacha xohlagan muddatini (5,6,7,8,9,10) tayinlashi mumkin. Bu korrupsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, sud ko‘rib chiqib xulosa qilishi mumkin. Buni aniqlashtirilishi lozim.
Islohotlarda advokatlar o‘zlarining qanday hissalarini qo‘shmoqda?
─Bu borada advokatlar palatasi tomonidan har bir advokat mahallaga biriktirilgan. Mahallalarda u yerdagi aholiga bepul huquqiy maslahatlar berilmoqda. Agar kimdir o‘z huquqlari buzilgan bo‘lsa, o‘z advokatiga murojaat etishi mumkin.
Bu ishlar nafaqat mahallada, ommaviy axborot vositalarida ham advokatlar faol bo‘lishga harakat qilishmoqda.
Bahodir Ahmedov suhbatlashdi
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
13:00 / 13.09.2024
Navalniyning advokatlari ustidan mahkama yopiq eshiklar ortida o‘tadi
13:43 / 10.09.2024
Toshkentda 2 nafar advokat va yurist qo‘lga olindi
18:23 / 26.08.2024