So‘nggi vaqtlarda firibgarlik, tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyatlar ortgani sir emas. Oxirgi 4 yilda ushbu jinoyat bilan bog‘liq bir nechta shov-shuvli ishlar OAV orqali yoritildi. «Ahmadboy ishi», «Human» va boshqa qator xususiy bandlik agentliklari bilan bog‘liq ishlar shular jumlasidan. «Straus House» MChJ, «Avto 60 oy», Auto Rental kabi qator firma va tadbirkorlik sub'yektlari bilan bog‘liq ishlarga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ushbu ko‘rsatuv tayyorlanishi chog‘ida esa, Qashqadaryoda dunyoga mashhur kompaniyalarning soxta aksiyalari, ya'ni qimmatli qog‘ozlarini sotish orqali 2 mingga yaqin kishini 9 mln AQSh dollariga chuv tushirgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olingani xabar qilindi.

Achinarlisi shundaki, shuncha voqealardan keyin ham firibgarlik jinoyati yoxud firibgar va yo tovlamachi qarmog‘iga ilinayotgan vatandoshlar soni kamayib qolayotgani yo‘q. Qolaversa, taraqqiyot yuksalgani sari firibgarlikning yangidan yangi turlari ham qayd etilmoqda. Axborot texnologiyalari, internet orqali amalga oshirilayotgan firibgarliklar ham ko‘p uchrayapti. So‘nggi 20 yilliklarning yana bir firibgarligi – bu farzandining oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lishi orzusidagi ota-onaga nisbatan qilinmoqda.

Bundan tashqari, Kun.uz sayti tomonidan og‘ir xasta vatandoshlarimizga yordam berish va savob ishlarga vasila bo‘lish maqsadida tashkil etib kelinadigan xayriyalarda tushgan mablag‘larni bemorlarning plastik kartochkalaridan yolg‘on-yashiq so‘zlar bilan, bemorlar ishonchiga kirib olib, o‘marish holatlari ham bir necha marotaba ro‘y berdi.

Xo‘sh, bunday jinoyatlarning kelib chiqish sabablari nimada? Firibgarlar domiga tushayotganlar shunchalik soddami yoki firibgarlar boshqalarni o‘ta go‘l hisoblashadimi?