Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Wizness Class’da uchmang” - kanadalik musiqachi Wizz Air haqida qo‘shiq kuyladi
Deyv Kerollning bu qo‘shig‘i 2023 yilda Wizz Air tomonidan reysga qo‘yilmagan o‘zbekistonlik talaba Suhrob Ubaydullayev haqida. U qo‘shiqqa atab klip ham suratga olgan. Kerollning avvalgi qo‘shig‘i aviakompaniyalarning mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yondashuvini o‘zgartirishga sabab bo‘lgandi. Avvalroq Suhrob Kun.uz’ga bergan intervyusida qanday qilib noqulay holatga tushib qolgani haqida aytib bergandi.
Deyv Keroll — kanadalik qo‘shiqchi va bastakor. U 16 yil avval “United Breaks Guitars” (United Airlines gitaralarni sindiradi) nomli qo‘shig‘i bilan aviatsiya sohasida shov-shuv ko‘targandi. Oradan vaqt o‘tib, Keroll “Don’t fly Wizness class” nomli qo‘shiq va klip chiqardi. Unda Wizz Air aviakompaniyasi tomonidan 2023 yilda reysga chiqarilmagan O‘zbekiston fuqarosi Suhrob Ubaydullayev haqida hikoya qilinadi.
Kerollning bu mavzudagi avvalgi qo‘shig‘i 16 yil oldinga borib taqaladi. O‘shanda “United Airlines” aviakompaniyasi uning 3500 dollar turadigan gitarasini sindirib, tovon to‘lab bermagan. Shunda Keroll bu haqda qo‘shiq yozib YouTube’ga chiqargan va kompaniyani sharmanda qilib, uning 180 million dollar zarar ko‘rishiga sababchi bo‘lgandi. Kerollning qo‘shig‘i jahon aviatsiyasida mijozlar bilan ishlash strategiyasining tubdan o‘zgarishiga olib kelgan.
Suhrob Ubaydullayev esa avvalroq Kun.uz’ga bergan intervyusida “O‘zbekiston yozuvli pasportim uchun reysga qo‘yishmadi” deya aytib o‘tgandi. Voqea 2023 yilning avgustida sodir bo‘lgan. Talaba Work and Travel, ya’ni ishlash va sayohat dasturi uchun Yevropaga borgan. U O‘zbekistonga qaytishda Rim orqali Abu-Dabiga, Abu-Dabidan esa Samarqandga Wizz Air bilan uchishi kerak bo‘lgan. Rimdagi holat ortidan Suhrobning ikkinchi chiptasi ham kuyib ketgan. Nima qilishini bilmagan talaba qarz olib, Turkiyaga uchgan va Istanbulda bir necha kun boshpanasiz qolib ketgan.
“Qaytish biletini Italiya orqali olgandim. Ushbu aviakompaniya xodimlari meni diskriminatsiya qilishdi. Italiya hududidan ketayotganimda allaqachon pasportimga davlatdan chiqqanim haqidagi muhr urilgandi. Aviakompaniya xodimi esa samolyotning eshigi oldida mening qo‘limdagi pasportni ko‘rdi-da, sen O‘zbekiston fuqarosimisan, deya mendan chetga o‘tishimni so‘radi. Shu joyning o‘zida chiptamni bekor qilib yuborishdi va samolyotga mensiz uchib ketaverishini xabar qilishdi. Ular qo‘limdagi viza, chiptalar, viza va Germaniya bergan hujjatlarning birortasiga qarashmadi. Faqat pasportimdagi “O‘zbekiston” yozuvini ko‘rib, meni ushlab qolishdi”, — degandi Suhrob Ubaydullayev.
Mavzuga oid
19:55 / 14.11.2025
"Pul g‘ururdan ustun emas" - Wizz Air kamsitgan o‘zbekistonlik aviakompaniyaning kompensatsiyasini rad etdi
18:39 / 14.07.2025
Wizz Air loukosteri O‘zbekistondan Abu-Dabiga parvozlarni to‘xtatadi
18:07 / 17.02.2025
“O‘zbekiston yozuvli pasportim uchun reysga qo‘yishmadi” – Wizz Air o‘zbek talabani bortga chiqarmagan
14:41 / 18.01.2025