O‘zbekiston | 14:35 / 17.09.2023
29335
14 daqiqa o‘qiladi

“Mening yo‘lim” xushxabari, rossiyalik deputatga javoblar va konvertatsiya shov-shuvi - hafta dayjesti

Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Tadbirkorlik sub’yektlari uchun konvertatsiyaga texnik cheklovlar kiritish haqida qaror qabul qilinib, keyin bekor qilingani haftaning eng kutilmagan va eng xavotirli voqeasi bo‘ldi. Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 15 sentabr, juma kuni qabul qilgan qaror bilan, 18 sentabrdan boshlab tijorat banklari uchun valuta operatsiyalariga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilgan edi, xayriyatki, bir kun o‘tib, u qaror bekor qilindi.

Yangi qoidalarda, yuridik shaxslar xorijiy valutani faqat bitta – asosiy hisobvarag‘i ochilgan bankdan sotib olishi mumkinligi yozilgandi. Bu talab valuta bilan bog‘liq boshqa operatsiyalarga ham taalluqli bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Agar qaror bekor qilinmaganida, tadbirkorlarning valutani manfaatliroq kurs taklif etayotgan bankdan sotib olish imkoniyati yo‘qolgan bo‘lardi.

Bundan tashqari, qarorda yuridik shaxslar xorijiy valutani nafaqat bitta bankdan, balki o‘sha bankning tegishli organi roziligi asosidagina xarid qilishi ko‘zda tutilgandi. Juma kuni banklarga shu va boshqa yangi talablarga rioya qilmasa, valuta birjasidagi ishtiroki cheklab qo‘yilishi haqida ogohlantirish berilgandi.

Bu yangi cheklovlar ko‘p o‘tmay bekor qilindi. Shanba kuni Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov matbuot anjumani o‘tkazib, bunday qaror noto‘g‘ri bo‘lganini ta’kidladi. Ko‘zda tutilgan cheklovlar sanksiyaviy kompleans bilan bog‘liq bo‘lgani aytilyapti. Rasmiylarga ko‘ra, oxirgi kunlarda ayrim chet el banklari O‘zbekiston Markaziy bankiga murojaat qilib, o‘zbek banklariga o‘z mijozlarini yetarlicha tekshirish bo‘yicha talablarni kuchaytirishni so‘ragan. Ma’lum qilinishicha, sanksiyalar talablariga rioya etilishi bo‘yicha nazoratni kuchaytirgan xorij banklari O‘zbekiston banklarining o‘z mijozlarini lozim darajada tekshirganiga ishonmayapti, natijada tadbirkorlarning to‘lovlari “osilib qolib”, xorijdagi hamkorlarining hisobvaraqlariga tushmayotgan holatlar kuzatilyapti. Tadbirkorlar o‘zlarining valuta operatsiyalarini faqat bitta – asosiy hisobvarag‘i ochilgan bankda o‘tkazishiga doir talab shu holat bilan izohlandi.

Bu voqea milliy valutaning yil boshidan beri 8 foizga qadrsizlanishi ortidan ro‘y beryapti. Avgust oyidagi so‘rovlarga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarning valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari keskin oshgan. Ayni paytda, oltin-valuta zaxiralari ketma-ket 5 oydan beri qisqarishda davom etyapti. Zaxiralar hajmi yil boshidan buyon 3 mlrd dollarga kamaygan.

Energetikada tabaqalashgan tariflarga 1 maydan o‘tilishi mumkin

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. 1 oktyabrdan boshlab biznes uchun energetika tariflari o‘zgarishiga qaramay, joriy yil uchun inflatsiya prognozi 8,5–9,5 foiz darajasida saqlab qolindi. Regulyatorga ko‘ra, yangi tariflarning iste’mol sektoridagi narxlarga ta’siri shu prognoz doirasidan chetga chiqmaydi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, aholi xonadonlari uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning tabaqalashtirilgan tariflari 2024 yil may oyidan joriy etilishi mumkin, lekin bundan oldin elektr energiyasining uzluksiz yetkazib berilishi ta’minlanishi kerak.

“Ya’ni narx oshsa-yu, lekin elektrda uzilish bo‘laversa, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi, shu sababli generatsiyalarni oshirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtiryapmiz”, – dedi Mirzamahmudov.

“Tabaqalashtirilgan tarif deganda belgilangan ijtimoiy normadan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan, aytaylik uyida basseyni, saunasi, ko‘plab maishiy texnikalari bor xonadonlar, ya’ni nisbiy olganda boy va o‘ziga to‘q xonadonlar uchun narx oshadi”, – deya keyingi yilgi rejaga izoh berdi Energetika vazirligi rahbari.

Ma’lum qilinishicha, hozirda 1 kWh elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish tannarxi 800 so‘mdan oshadi. Lekin tok aholiga 295 so‘m, yuridik shaxslarga 450 so‘mdan sotilmoqda. Yetmagan qismiga esa davlat budjetidan subsidiya ajratilyapti. Shu bilan birga, eskirgan tarmoqlarni yangilash uchun ham mablag‘ kerak, davlat budjeti esa hamma xarajatlarni ham ko‘tara olmaydi. Xususiy investorlar kirib kelishi uchun esa tariflarni erkinlashtirish kerak bo‘ladi.

Tariflarni oshirish davlat budjetining imkoniyatlari bilan bog‘liq bo‘lyapti. Yil boshidagi qattiq sovuq vaqtida hukumat xorijdan gaz importi bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishiga to‘g‘ri kelgan edi. Natijada, shu hafta ma’lum bo‘lishicha, yilning birinchi yarmida O‘zbekiston gaz importini naq 7 barobarga oshirgan. Import qilingan 2,6 mlrd kub metr gazni bozor narxida sotib olib, ichki iste’molchilarga arzon narxda sotish, o‘rtadagi farqni budjetdan qoplash va yana boshqa xarajatlarning ham oshishi natijasida konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi rejadagidan 2 barobarga oshib ketib, YaIMga nisbatan 5,7 foizga yetgan. Yuzaga kelgan defitsit bir nechta manbalar, xususan qarz olish hisobiga qoplangan.

Yo‘l xo‘jaligida yangiliklar

O‘zbekistonda qaysi mahallaning yo‘lini asfalt qilishni endi hokimlar emas, aholining o‘zi hal qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash to‘liq “Mening yo‘lim” loyihasiga o‘tkazilishini e’lon qildi. “Tashabbusli budjet”ga o‘xshash, lekin faqat ichki yo‘llarga oid takliflar kiritilib, ovozga qo‘yiladigan bu loyihaga kelasi yili 800 mlrd so‘m ajratiladi. Darvoqe, shanba kuni “Tashabbusli budjet”da ovoz berish yakunlanib, g‘oliblar e’lon qilindi.

Yo‘lsozlik bo‘yicha yig‘ilishda prezident qurilgan yo‘llarni foydalanishga qabul qilib olishda “resurs” usulidan “hajm” usuliga o‘tish bo‘yicha ham topshiriq berdi. Davlat rahbarining aytishicha, hozir texnik nazoratchilar asosiy vaqtini qurilgan yo‘lning sifatini tekshirishga emas, pudratchining hujjatlarini o‘rganishga sarflaydi. Yangi usulda esa nazoratchilar asosiy e’tiborni yo‘lning o‘ziga qaratadi, quruvchi qanaqa texnika bilan qurishni o‘zi hal qiladi.

Bundan tashqari, yo‘llarning sifatini saqlash uchun dunyo davlatlarida qo‘llanadigan usul – yuk mashinalariga mo‘ljallangan tarozilar o‘rnatish boshlanadi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, yo‘llarda xususiy sheriklik asosida o‘rnatiladigan tarozilardan foyda olish uchun emas, yo‘llar sifatini saqlash va avariyalarning oldini olish maqsadida foydalanilishi kerak.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, respublika yo‘llarida bugungi kunga qadar huquqbuzarliklarni qayd etuvchi jami 2,5 mingdan ziyod kamera va radarlar o‘rnatilgan. Aholi joylarida harakatlanish 60 km/soatga tushirilishi hisobiga, kamera o‘rnatilgan hududlarda avariyalar 30 foizga kamaygan. Shavkat Mirziyoyev tirbandlik va yo‘l-transport hodisalari ko‘p kuzatiladigan yo‘llarda svetoforsiz estakadalar qurish, bu borada uch yillik dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Eslatib o‘tamiz, prezident avvalroq Toshkent shahrida yana 12 ta yo‘l-o‘tkazgich qurilishini aytgandi.

Shu hafta tasdiqlangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga asosan, 2024 yil 1 yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali yo‘llarda piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston bo‘yicha eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasi tuzilib, xaritaga kiritilgan joylarda xavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor berilishi aytilyapti.

Ekologik ekspertiza majburiyatga aylanmoqda

Prezident farmoni bilan, shu yil 1 noyabrdan e’tiboran ijobiy ekologik ekspertiza xulosasi bo‘lmagan obektlarga nisbatan moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish boshlanadi. Bu bilan qurilish sohasini nazorat qilishda Ekologiya vazirligining vakolati kengayadi. Bunda, ekologiya organlari ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini ololmagan obektlarga nisbatan moliyalash, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish to‘g‘risida banklarga majburiy taqdimnomalar yuboradi.

Bundan tashqari, 1 noyabrdan boshlab ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarning zimmasiga yangi majburiyat yuklanadi. Ular yetkazilgan zararni moliyaviy tarzda qoplashdan tashqari, zarar yetkazilgan tabiat obektini tiklashi va uning muayyan muddat davomida muhofaza qilinishini ta’minlashi shart bo‘ladi. Soddaroq aytganda, daraxt kesganlar faqat jarimani to‘lab, zararni qoplash bilan qutulmaydi, ular xuddi shuncha miqdorda daraxt ekib, uni parvarishlashga ham majbur bo‘ladi.

Jiddiylashib borayotgan ekologiya muammosi 11 sentabr kuni yana bir marta o‘zini eslatib qo‘ydi. Shu kuni vodiy viloyatlaridan tashqari O‘zbekistonning deyarli hamma hududlarida chang bo‘roni kuzatildi. Toshkent shahri havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha dunyo shaharlari reytingida 1-o‘ringa ko‘tarildi. “O‘zgidromet”ga ko‘ra, shu kuni poytaxt havosi tarkibidagi PM2,5 zarralari miqdori me’yordan 43 baravarga ko‘p bo‘lgan.

Rossiyalik deputat SSSRni qayta tiklamoqchi

Rossiyada 2000 yildan beri hokimiyatni egallab turgan Vladimir Putin SSSR tarqalib ketganidan afsusda ekanini ko‘p marta aytgan. Uni bu masalada 2003 yildan beri Duma deputati bo‘lib ishlab kelayotgan Yevgeniy Fyodorov ham qo‘llab-quvvatlaydi. Rossiyaning 1945 yilgi chegaralariga qaytishini targ‘ib qilib keladigan Fyodorov bu boradagi oxirgi bayonotiga o‘zbekistonlik siyosatchilardan keskin javoblar qabul qilib oldi.

Fyodorovning da’vo qilishicha, sobiq sovet respublikalari ittifoq tarkibidan noqonuniy ajralib chiqqan. Shuning uchun Rossiya ertami-kechmi ularning hammasi bilan, hatto Belarus bilan ham nizolashadi yoki hatto urushadi. U SSSRni urushlarsiz tiklash uchun sobiq sovet respublikalari bilan diplomatik muloqotlar olib borish kerakligini aytgan.

Rossiyalik siyosatchining iddaosiga o‘zbekistonlik uch nafar deputat – Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosarlari Alisher Qodirov va Odiljon Tojiyev, hamda “Yuksalish” harakati rahbari Bobur Bekmurodov munosabat bildirdi. Qodirov “Rossiyaning boshiga odatdagidek o‘zining ahmoqlari yetadi” degan bo‘lsa, Bekmurodov rossiyalik hamkasbini “navbatdagi fantazyor” deb atadi. Odiljon Tojiyevning kinoyali fikricha, agar Fyodorovning mantig‘idan kelib chiqilsa, Rossiya prezidentlari va barcha siyosiy tuzilmalari 32 yildan beri sobiq sovet davlatlari bilan noqonuniy munosabatda bo‘lib kelayotgan bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, SSSR konstitutsiyasining 72-moddasiga ko‘ra, ittifoq tarkibidagi har bir respublikada ittifoqdan erkin ajralib chiqish huquqi bo‘lgan. Ya’ni ittifoqning tarqalib ketishi yuridik jihatdan to‘la qonuniy tarzda ro‘y bergan. Qo‘shnilariga urush ochadigan davlatning yangi urushlarni targ‘ib qilayotgan siyosatchisi bergan bayonot esa, Bobur Bekmurodov aytganidek, sog‘lom fikr mahsuli emas.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali bo‘yicha ilk marta munosabat bildirdi. Prezidentga ko‘ra, agar kanal ishga tushsa, Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanati tubdan o‘zgarib ketishi mumkin. Mirziyoyev Dushanbeda bo‘lib o‘tgan maslahat uchrashuvi doirasidagi sammitda, Qo‘shtepa kanalining Amudaryo suviga ta’siri bo‘yicha davlatlararo ishchi guruh tuzib, Afg‘onistonni bu boradagi mintaqaviy muloqotga chorlash kerakligini aytdi.

AQShdan 25 nafar ingliz tili o‘qituvchisi O‘zbekistonga keldi. Ular respublikaning 11 ta hududida 10 oy davomida mahalliy o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturini amalga oshiradi. Dastur doirasida amerikalik pedagoglar ayrim maktablar va universitetlarda o‘quvchi va talabalarga bevosita dars berishi ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Qorabog‘da o‘tkazilgan prezident saylovini tan olmaydi. Rasmiy Toshkent do‘st Ozarboyjon Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashi va uning ichki ishlariga har qanday aralashuvni qoralashini ma’lum qildi. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 9 sentabr kuni Stepanakertda bo‘lib o‘tgan jarayon “qo‘shtirnoq ichidagi saylov” deb atalgan.

O‘zbekistonda Chevrolet Captiva sotuvi qayta tiklanishi mumkin. UzAuto Motors xabariga ko‘ra, hozirda sinov jarayoni o‘tkazilyapti. Sotuv oktyabr oxirigacha boshlanishi aytilmoqda. Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors 2021 yilda ham Captiva–5 sotuvini boshlab, birozdan keyin tuzilgan shartnomalarni bekor qilgan, bunga sabab sifatida bu avtomobil O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmagani aytilgandi.

Mavzuga oid