Rossiya Davlat dumasi deputati Yevgeniy Fyodorov possovet davlatlarining SSSR tarkibidan ajralib chiqishi noqonuniy bo‘lgani haqida feyk iddao bildirib, ertami-kechmi Rossiya va ular o‘rtasida nizo yoki urush kelib chiqishini bashorat qildi.

“Fan nazariyasi nuqtayi-nazaridan, sovet ittifoqi tarkibidan noqonuniy chiqqan barcha respublikalar ertami-kechmi Rossiya bilan nizolashadi yoki urushadi. Bu – nazariya masalasi. Ayrimlari hozir emas: masalan, Belarus. Ayrimlari – Gruziya, Ukraina allaqachon urushib bo‘ldi. Bu Armanistonga ham to‘la-to‘kis ravishda tegishli”, – dedi Fyodorov.

Unga ko‘ra, Rossiya xalqaro huquqqa va SSSR qonunlariga murojaat qilgan holda, sobiq sovet respublikalari bilan diplomatik muloqotlar orqali harbiy nizolarning oldini olishi mumkin.

“Ya’ni xalqaro huquq va sovet ittifoqi qonunlarini hisobga olgan holda, ular bilan hozirgi statuslari bo‘yicha qaytadan kelishuvga erishamiz. Masalan, 1991 yilda buzilgan 14/09-sonli qonun”, – dedi rossiyalik deputat.

Yevgeniy Fyodorovning bayonotiga O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining ikki o‘rinbosari va “Yuksalish” harakati raisi javob qaytardi.

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirovning fikricha, rossiyalik siyosatchilarning bunday yondashuvlari “Rossiyaning boshiga yetadi”.

“Rossiyaning boshiga odatdagidek o‘zining ahmoqlari yetadi, shekilli…

Bundan biz foyda ko‘ramizmi, yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi.

Yong‘inga qarshi choralar ko‘rib, sovuqqonlik bilan kuzatamiz…” – dedi Qodirov.

Parlament quyi palatasi spikerining yana bir o‘rinbosari Odiljon Tojiyev Fyodorovning bayonotini “g‘oyat original” deb ta’rifladi.

“Xalq vakili o‘zini geosiyosatning yetuk mutaxassisi sifatida ko‘rsatib, har xil hech kimga noma’lum “nazariyalar”ni keltiribdi.

Uning aytishicha, sovet ittifoqini barcha respublikalar noqonuniy tark etgan, allaqanday 14/09-sonli qonunni buzgan holda. Aftidan, Fyodorov Konstitutsiya barcha qonunlardan ustun ekanligini tushunmaydi. Modomiki, SSSR Konstitutsiyasining 72-moddasida shunday deyilgan edi: “Har bir ittifoq respublikasi SSSRdan erkin chiqish huquqini saqlab qoladi”,