O‘zbekiston | 07:19 / 15.09.2023
7185
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident «svetoforsiz estakadalar» qurish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekiston prezidenti YTH sonini kamaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, ularga tez-tez tirbandlik va avariyalar kuzatiladigan yo‘llarda «svetoforsiz estakadalar» qurishni o‘z ichiga olgan uch yillik dasturni kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Gazeta.uz yozmoqda.

Davlat rahbari mazkur vazifani ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov hamda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov zimmasiga viloyat hokimlari bilan birgalikda amalga oshirishni yukladi.

U hujjat loyihasiga tez-tez tirbandlik yuzaga keladigan va avariyalar sodir bo‘ladigan yo‘llarda «svetoforsiz yo‘l o‘tkazgichlar» qurish bo‘yicha uch yillik dasturni kiritish bo‘yicha topshiriq berdi. Mazkur dastur xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqilishi kerak.

Yig‘ilishda yo‘llarga 2500 dan ortiq kamera va radarlar o‘rnatilgani, shuningdek, shaharlarda transport harakatining ruxsat etilgan tezligi 70 dan 60 km/soatga kamaytirilgani tufayli kameralar o‘rnatilgan joylarda avtohalokatlar soni 30 foizga kamaygani ta’kidlandi. Prezident shularni hisobga olib, aqlli chorraha va aqlli svetofor tizimlarini yanada keng ko‘lamda joriy etishni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Mavzuga oid