Aholi va tadbirkorlarning valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari keskin oshdi
Avgust oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari 14,2 foizni, tadbirkorlik sub’yektlari kutilmalari esa 14,4 foizni tashkil qilgan. Har ikkala toifa ham valuta kursining o‘zgarishini narxlarga eng ko‘p bosim o‘tkazuvchi omil sifatida keltirib o‘tgan. Sezilgan va rasmiy inflatsiya o‘rtasidagi farq esa 5,5 foizga yetgan.
Markaziy bank avgust oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha kutilmalari 1,2 foiz bandga oshib, 14,2 foizni tashkil qilgan.
Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:
- valuta kursi o‘zgarishi (70 foiz);
- yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (43 foiz);
- ish haqi va nafaqalarning oshishi (36 foiz);
- bozorda monopoliyaning mavjudligi(33 foiz)
- narxlarning sun’iy oshirilishi (32 foiz).
Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari
Avgust oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 14,4 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,9 foizga oshgan.
Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:
- valuta kursining o‘zgarishi (71 foiz);
- yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (38 foiz);
- ish haqi va nafaqalarning oshishi (30 foiz);
- transport xarajatlarining qimmatlashishi(25 foiz):
- kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (24 foiz).
Shuningdek, avgust oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 14,5 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri – 16,4 foiz, Sirdaryo – 16,2 foiz va Toshkent viloyatida – 15 foiz, eng past darajasi esa Namangan – 13 foiz, Xorazm – 13,1 foiz va Qashqadaryo viloyatida – 13,3 foiz sezilgan.
Iste’molchilar tomonidan narxlari yuqori o‘sganligi qayd etilgan tovar va xizmatlar:
- go‘sht va sut mahsulotlari – 45 foiz (jami respondentlarning ulushida)
- benzin va yoqilg‘i – 40 foiz;
- qurilish mollari – 33 foiz;
- meva-sabzavotlar – 25 foiz;
- dorilar – 25 foiz.
Avvalroq, joriy yilning avgust oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 0,5 foizga oshib, yillik inflatsiya 9 foizga yetgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
17:01 / 10.10.2024
Aholi va tadbirkorlarning valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari kuchaydi
21:32 / 10.06.2024
O‘zbekistonliklarning kommunal xizmatlar qimmatlashishidan xavotirlari keskin ortgan
20:24 / 22.02.2024
Aholi va tadbirkorlarning valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari pasaygan
12:56 / 09.10.2023