O‘zbekiston | 20:05 / 10.04.2026
20755
6 daqiqa o‘qiladi

«Umuman iqror emasman» – Sanjar Karimovga oid sud ish boshladi

Jinoyat ishi JIB Mirzo Ulug‘bek tumani sudida ko‘rib chiqilmoqda. Sudlanuvchi sud majlislarini yopiq tarzda o‘tkazishni so‘radi, sudlov hay’ati buni rad etdi hamda OAV vakillariga sud majlisini audio shaklida yozish va fotosuratga olishga ruxsat berildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Real Sanjik taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimovga oid jinoyat ishini birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqish boshlandi.

Sanjar Karimov va uning advokatlari sud majlislarini yopiq tarzda o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi. Sudlov hay’ati buni rad qildi: ish ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi bildirildi. OAV vakillariga sud majlisini videotasvirga olish rad etildi, shu bilan birga, suratga olish hamda audio shaklda yozib olishga ruxsat berildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, dastlabki sud majlisida tomonlarga o‘z huquq va majburiyatlari tushuntirilgan. Shuningdek, e’lon qilingan ayblov bo‘yicha fikrlar tinglangan.

Xususan, Sanjar Karimovdan e’lon qilingan ayblovlarga iqror yoki iqror emasligi haqida so‘ralgan.

«Menga qo‘yilgan ayblovlarning birortasiga iqror emasman», – degan ayblanuvchi.

Shundan so‘ng jabrlanuvchilardan biri Feruza Rahmatullayeva tinglandi.

Unga ko‘ra, Sanjar Karimov qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li Shahzod Rismatov Olimboyevaning uyini garovga qo‘ygan holda undan pul olganini, o‘sha pulni qaytarib berishni aytgan va buning uchun bir hafta muhlat bergan. Shundan so‘ng jabrlanuvchi mulklarini sotishga kirishgan. Bu paytda Shahzod Rismatov Dubayda bo‘lgan.

O‘g‘limning ikkita mashinasi va hamda pasportini Sanjar Karimov olib qo‘ygan ekan. Olimboyevalarning uyini ham garovga olgan ekan. Bulardan meni xabarim yo‘q edi.

Bir haftada Sanjar Karimovga pul berolmadim. Keyin judayam siqildim, har xil joylarga murojaat qildim. O‘sha bir haftada uyimga har xil odamlar keldi, bosimlar qilishni boshlashdi, qo‘rqitishdi.

Keyin Sanjar Karimov telefon qilib, bolangning tobutini ko‘tarasan, sharmanda qilaman o‘g‘lingni, kino chiqaraman, deya yomon so‘zlar bilan haqorat qildi.

O‘sha ishda jabrlanuvchilarning hammasi Sanjar Karimovning iltimosi bilan mening o‘g‘limning ustidan yozishdi. Lekin o‘sha pullarni mening o‘g‘lim olmagan. Tergovda o‘g‘lim to‘g‘ri ko‘rsatma bergan: Sanjar Karimovga ofisda pul berganini aytgan.

Tergovda meni chalg‘itishdi. 8 soat tergovda olib o‘tirishdi. Telefonimni olib qo‘yishdi. “O‘g‘ling mana shunaqa ko‘rsatma bermasa bo‘lmaydi. Sanjar Karimov ularning uylarini berib yuboradi. O‘g‘ling faqat shunaqa ko‘rsatma berishi kerak. Pulni bular notariusda olgan, deb aytishing kerak”, deyishdi.

Sanjar Karimov tergovchilarni ham qo‘lga olib, o‘g‘limni 9 yilga qamatib yubordi. 700 ming dollarlik narsalarimizni o‘rtoqlari bilan bo‘lishib oldi. U pullarni qaytarib bermaslik uchun o‘g‘limga ariza yozdi. Lekin tergovda hech qanaqa dalilsiz, isbotsiz o‘g‘limni qamashdi”, dedi Feruza Rahmatullayeva.

Jabrlanuvchi “O‘g‘lingiz Sanjar Karimovdan pullarni nima maqsadda olgan ekan?”, degan savolga Dubayda biznes qilishmoqchi bo‘lishgan, deb javob qaytardi.

O‘sha bolalar Dubayda biznes taklif qilishgan. Kriptovaluta qilamiz, oyiga 30 ming dollarmi, shunaqa pul kelib turadi deyishgan. Ular 500 ming dollarmi so‘rashgan. Keyin u Sanjar Karimovdan pul olib beraman degan.

O‘g‘lim 210 ming olgan. Sanjar Karimov 2 ta mashinasini olib qo‘yib, o‘g‘limni Ibrohim degan bolaga olib borib bergan. O‘g‘lim u pulni ishlatib yubormagan. Chunki ular pulni Dubayga o‘tkazamiz deyishgan. Keyin o‘g‘lim bir hafta kutgan, 10 kun kutgan, puldan darak bo‘lmagandan keyin o‘zi Dubayga borgan. Dubayda o‘sha bolalarning qo‘liga tushgan”, dedi u.

Ma’lum qilishicha, Feruza Rahmatullayeva shundan so‘ng o‘g‘lini olib kelish uchun Dubayga borgan. Biroq aeroportda Shahzod Rismatovni qo‘lga olishgan.

Feruza Rahmatullayevaning ko‘rsatmalari eshitilgach, sud majlisida tanaffus e’lon qilindi. Navbatdagi sud majlisi 13 aprel kuniga belgilandi. Unda yana bir jabrlanuvchi Shahlo Olimboyevaning ko‘rsatmalari tinglanadi.

Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi “Qochoq “kuyov” va aldangan “kelin” ishi bilan bog‘liq. Shahzod Rismatov ushbu jinoyat ishi doirasida firibgarlikda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi hamda 273-modda (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda ayblanmoqda.

Unga 2025 yil 28 noyabrda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid