Iqtisodiyot | 12:38 / 01.01.2026
3314
3 daqiqa o‘qiladi

YeTTB Asakabankning 15 foiz aksiyasini sotib oladi

O‘zbekiston hukumati hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Asakabankning 15 foizini xususiylashtirish bo‘yicha asosiy shartlarni kelishib oldi. Tranzaksion va boshqa talablar bajarilgach, YeTTB 2026 yilda aksiyadorga aylanadi. Kelishuv qiymati hozircha ochiqlanmadi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida “Asakabank” AJni xususiylashtirishning asosiy tijorat shartlarini belgilab beruvchi “Term Sheet” imzolandi.

Hujjatga muvofiq, YeTTB Asakabank aksiyalarining 15 foizini sotib olishi ko‘zda tutilgan. Kelishilgan shartlar, shu jumladan, tranzaksion, tartibga soluvchi va korporativ-huquqiy talablar belgilangan tartibda to‘liq bajarilganidan so‘ng 2026 yilda YeTTBning Asakabank aksiyadorlari tarkibiga kirishi belgilangan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Asakabankni xususiylashtirish doirasida YTTB bilan hamkorlik quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi:

  • korporativ boshqaruv sifatini oshirish va bank faoliyatining shaffofligini kuchaytirish;
  • xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimlariga xalqaro standartlarni joriy etish;
  • bankning kapital bazasi va operatsion barqarorligini mustahkamlash;
  • barqaror, bozor tamoyillariga asoslangan va tijorat maqsadlariga mos rivojlanish modelini shakllantirish;
  • xususiylashtirishning keyingi bosqichlari oldidan bankning investitsion jozibadorligini oshirish.

Asakabank – O‘zbekistonda tizimli ahamiyatga ega 7 ta bankdan biri. Uni xususiylashtirish bo‘yicha YeTTB bilan kelishuvga erishilgani haqida ilk bor 2024 yil may oyida, Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi chiqishida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qilgan edi.

2025 yil iyun oyi holatiga, YeTTBning O‘zbekistonga investitsiyalari 5,5 milliard yevrodan oshgan.

Kuni kecha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston-2030 strategiyasining yangilangan loyihasiga ko‘ra, hozirda davlatga qarashli 9 ta bankdan 5 tasi kelgusi 5 yil ichida xususiylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

2030 yil oxiriga borib, davlat banklari aktivlarining jami bank tizimi aktivlaridagi ulushini 55 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.

Qayd etish lozim, davlat banklarini xususiylashtirish bo‘yicha bir necha yil oldingi rejalarning katta qismi amalga oshmadi. Xususan, 2022 yilda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov “5 yildan keyin O‘zbekistonda davlatga qarashli faqat bitta bank bo‘lishi”ni aytgan edi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid