Samarqandda ikki kun davom etgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumi o‘z ishini yakunladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Forumning yakuniy sessiyasida xorijdan taklif etilgan moderator Rayan Chilkot bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovga quyidagicha savol berdi:

“Tasavvur qilaylik, men potensial investorman. Ikkinchi marta O‘zbekiston iqtisodiy forumiga keldim va hammasi ajoyib o‘tdi, ayniqsa palov juda zo‘r bo‘libdi. Lekin men O‘zbekistonga investitsiya kiritishim kerakmi-yo‘qmi degan masalada hali ham bir qarorga kela olmayapman. Siz hozir O‘zbekistonga sarmoya kiritishning ayni vaqti ekaniga bu investorni ishontirish uchun, keyingi 5 yilda mamlakatda nimalar bo‘lishi haqida nima degan bo‘lardingiz?”

Jamshid Qo‘chqorov savolga javob berishga shoshilmay, biroz o‘ylab turgan mahal moderator hazilomuz qo‘shimcha qildi: “Qiyin savollar berayotgan bo‘lsam, bu forumda oxirgi marta qatnashishim bo‘lsa kerak”.

Rayan Chilkot / Foto: O‘zbekiston iqtisodiy forumi​

Zalda kulgi ko‘tarilgach, Qo‘chqorov so‘z oldi va nutqining orasida moderatorning haziliga ham hazil bilan javob qaytarib o‘tdi.

“Savolingizga javob beraman, lekin iltimos yodingizda tuting, aytadiganlarimni va’da deb qabul qilmang.

Avvalo, umid qilamizki, O‘zbekiston ancha yashilroq bo‘ladi – o‘sha vaqtga borib biz hamma eski elektr stansiyalarini yangilagan bo‘lamiz.

Ikkinchidan, davlatga qarashli faqat bitta bank bo‘ladi. Ehtimol uning ham muayyan miqdordagi aksiyalari muomalada bo‘lar.

Qolaversa... Bilasizmi, Rayan, keyingi safar sizni taklif qilmaymiz...” – dedi vazir. Uning bu hazili ham zalda kulgi va qarsak bilan qarshi olindi.

Foto: O‘zbekiston iqtisodiy forumi

“Siz oson savol berganingiz uchun zerikib qoldim”, – deya qo‘shimcha qildi Jamshid Qo‘chqorov.

“Birinchi savolimda, esingizda bo‘lsa, keyingi yil qanday o‘zgarishlar bo‘lishiga kafolat bera olasiz, deb so‘ragandim. Bunga javobni oldik: men keyingi forumda bo‘lmas ekanman”, – deya kulgi bilan ta’kidladi moderator.