Iqtisodiyot | 15:06 / 05.10.2023
48079
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sezilarli ko‘p energiya ishlatuvchi xonadonlarni subsidiyalash qisqaradi

1 noyabrdan boshlab, xonadonlarning oylik energiya iste’moli 1000 kWhdan oshgan taqdirda, bu miqdordan ortiq hajmdagi energiya uchun 2 barobardan 4 barobargacha oshirilgan tariflarda hisob-kitob qilinadi. Bu tartib respublikadagi 7,6 millionta xonadonning qariyb 150 mingtasiga – aksar holatlarda o‘ziga to‘q yoki badavlat aholi qatlamiga ta’sir qiladi, shu orqali mazkur toifaning davlat budjetidan arzon energiya uchun istagancha miqdorda subsidiya olish imkoniyati yo‘qoladi.

Bir nechta konditsionerli yakka tartibdagi uy / Foto: ekokond.ru

O‘zbekistonda 1 noyabrdan boshlab xonadonida o‘rtacha iste’mol miqdoridan ko‘p elektr energiyasi ishlatuvchi iste’molchilar tabaqalashtirilgan tarzda yuqoriroq tarifda haq to‘lay boshlaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil 15 iyuldagi hukumat qarori bilan, Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga 63-3-band qo‘shilgan.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 noyabrdan e’tiboran, elektr energiyasining quvvati o‘rtacha oylik iste’mol miqdoridan oshib ketgan III guruh (xonadonlar) iste’molchilariga:

  • 1001 kWhdan 5000 kWhgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar;
  • 5001 kWhdan 10 000 kWhgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar;
  • 10 000 kWhdan yuqori iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Hozirda maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi tarifi 1 kWh uchun 295 so‘mni tashkil etadi.

Shunga muvofiq, 1 noyabrdan boshlab, xonadonda oylik elektr energiyasi iste’moli:

  • 1001 kWhdan oshganda, 1001 dan 5000 kWhgacha oraliqdagi iste’mol uchun 590 so‘mdan;
  • 5001 kWhdan oshganda 5001 dan 10 000 kWhgacha oraliqdagi iste’mol uchun 885 so‘mdan;
  • 10 000 kWhdan oshganda esa 1180 so‘mdan hisob-kitob qilinadi.

Bu nima uchun muhim?

O‘zbekistonda elektr energiyasini aholiga arzonroq yetkazib berish maqsadida subsidiyalangan narxlar amal qiladi. Bunda, elektr energiyasini ishlab chiqarish, yetkazish va taqsimlash xarajatlari hamda aholi uchun belgilangan tariflar o‘rtasidagi manfiy farq davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, bir yilda o‘rtacha 1,15 mlrd dollar mablag‘ aholi xonadonlarining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanyapti.

Subsidiyalashning 1 noyabrgacha amalda bo‘ladigan shakli jamoatchilik faollari, iqtisodchilar va xalqaro tashkilotlar tomonidan ijtimoiy adolatsiz deya e’tirof etilgan. Ya’ni subsidiya barcha uchun birdek ajratilgani uchun, subsidiyalangan narxdagi energoresursni kim ko‘proq sarflasa, u davlatdan shuncha ko‘proq subsidiya oladi. Bu esa energoresurslarni boshqalarga qaraganda sezilarli darajada ko‘p sarflaydigan badavlat qatlamning juda katta xarajatlari davlat budjetidan qoplab berilishiga olib kelmoqda.

Energetika vazirligi 2023 yil senyatbr oyida taqdim etgan ma’lumotlar

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, mashiiy iste’molchilarning 75 foizi (5,7 millionta xonadon) oyiga o‘rtacha 200 kWhgacha miqdorda elektr energiyasi sarflaydi va ular sarflayotgan energiyaning umumiy miqdori jami xonadonlarga yetkazib berilayotgan energiyaning 26 foizini tashkil etadi.

Oyiga o‘rtacha 1000 kWhdan ortiq miqdorda elektr ishlatadigan aholi ulushi esa atigi 2 foizni (146 mingta xonadon) tashkil etsa-da, jami xonadonlarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining naq 32 foizi aynan ularning (146 mingta xonadonning) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq, 2024 yil may oyidan boshlab, oyiga 1000 kWhgacha hajmda elektr energiyasidan foydalanuvchi iste’molchilarga nisbatan ham tabaqalashtirilgan tariflar joriy etilishi mumkinligi aytilgandi.

Boshqa yangiliklar

Shuningdek, 15 iyuldagi qarorga ko‘ra, 1 noyabrdan boshlab, iste’mol qilinadigan elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida maishiy iste’molchilarning elektr energiyasi iste’moli yuklama orqali chegaralanadi.

Bunda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan hamda joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10 – 15 kW quvvat doirasida cheklov kiritiladi.

Bundan tashqari, 1 noyabrdan e’tiboran:

  • ulangan quvvatidan qat’i nazar, kripto-aktiv va mayning sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi iste’molchilar foydalangan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni tegishli tarif guruhiga asosan belgilangan tarifga nisbatan 5 barobar o‘suvchi koeffitsiyentga muvofiq to‘laydi (bungacha 3 barobar edi);
  • tashqi reklama obekti uchun foydalanilgan elektr energiyasiga to‘lovlar tegishli tarif guruhiga asosan belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar o‘suvchi koeffitsiyentga muvofiq amalga oshiriladi (avval bunday tartib mavjud emasdi).

Mavzuga oid