O‘zbekiston | 16:29 / 13.03.2024
22070
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning Oqtepa dahasida renovatsiya dasturini xitoylik investorlar amalga oshiradi

Bu yerdagi jami 568 ta xonadondan iborat 42 ta ikki qavatli uy buzilib, o‘rniga xitoylik investorlar tomonidan ko‘p qavatli uylar quriladi. Loyihaga 360 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritilishi, budjet mablag‘lari sarflanmasligi ma’lum qilindi.

"O‘zbekiston 24" lavhasidan kadr

Shayxontohur tumani “Olim Xo‘jayev” MFY (Oqtepa dahasi)da joylashgan 2 qavatli uylar buzilib, o‘rniga xitoylik investorlar tomonidan ko‘p qavatli turar joylar qurilishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston24” telakanalida xabar berildi. Xabarda investorlar nomi ochiqlanmagan.

Ma’lum qilinishicha, Oqtepadagi ushbu 42 ta uy 1960-yillarda qurilgan bo‘lib, 568 ta xonadondan iborat. Renovatsiya dasturi doirasida bu uylar o‘rniga 3 200 ta xonadonli uy-joylar qurish reja qilinmoqda.

Loyiha Xitoy investorlariga topshirilgan. Davlat budjeti yoki bank mablag‘lari sarflanmasligi, 360 mln dollar miqdorda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Olim Xo‘jayev mahallasidagi 2 qavatli uylar renovatsiya dasturiga tushishi haqida 2021 yil noyabr oyida mahallaga tashrifi vaqtida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qilgan edi.

Davlat rahbari 2018 yilda parlamentga murojaatida yirik megapolislarning tajribasi o‘rganilib, renovatsiya dasturi bosqichma-bosqich joriy etilishini e’lon qilgan. Bunda foydalanish muddati tugab, eskirib qolgan ko‘p qavatli uylar o‘rnida zamonaviy sharoitga ega yangi uylar qurilishi kerakligi ta’kidlangan.

2020 yilda renovatsiya dasturi loyihasi muhokamaga chiqarilgan, loyiha doirasida 2021-2023 yillarda respublika bo‘yicha avariya holatidagi 192 ta ko‘p qavatli uylar o‘rnida yangi uy-joylar qurish ko‘zda tutilgandi.

2024 yil fevral oyida Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umrzoqov poytaxtda 500 gektar hududdagi binolar renovatsiya qilinishi kerakligini aytgandi. U bunday binolar qatoriga 2 qavatli eski uylar va Sergeli tumanidagi ayrim turar joylar ham kirishini qayd etgandi.

Hokimning so‘zlariga javoban “Milliy tiklanish” partiyasi “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilmay turib bu dasturni amalga oshirmaslik kerakligi, aks holda bir necha yil oldin ro‘y bergan “snos”lar vaqtidagi kabi salbiy holatlar boshlanib ketishi mumkinligini bildirdi.

2023 yil noyabr oyida “Adolat” partiyasi ham huquqiy baza yaratmay turib renovatsiyani boshlamaslikka chaqirgan.

Mavzuga oid