AKT vazirligi va'dasining ustidan chiqmadi. Maktablarni to‘liq tezkor internet bilan ta'minlash keyingi yilga qolgan
2020 yil oxirigacha O‘zbekistondagi barcha maktablar to‘liq tezkor internet bilan ta'minlanishi kerak edi. Ma'lum bo‘lishicha, joriy yilda ushbu reja 70 foizga bajariladi, yana 1600ta maktabni internetlashtirish 2021 yilga qoldirilgan.
O‘zi nima gap?
Gap shundaki, o‘tgan yili parlamentda 2020 yilgi davlat budjeti xarajatlari muhokama qilinganda, mamlakatdagi ijtimoiy obektlar, xususan, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalari tezkor internet bilan ta'minlash bo‘yicha rejalar va budjetda buning uchun ko‘zda tutilayotgan xarajatlar taqsimoti ko‘rib chiqilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida 2019 yil oxirigacha maktablarning 4152tasi (40 foiz) internet bilan ta'minlanishi, 2020 yilda esa 4367ta, 2021 yilda qolgan 1600ta maktabga optik tolali internet yetib borishi rejalashtirilgani ma'lum qilingan edi.
Deputat Rasul Kusherbayev o‘sha paytda maktablarning atigi 31 foizi optik tolali internet bilan ta'minlanganiga e'tibor qaratib, 2020 yilga mo‘ljallangan davlat budjetida bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazishni taklif qilgandi.
Moliya vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Nodir Musliddinov deputatning so‘zlariga javoban 2020 yilda umumta'lim maktablarining internet xarajatlarini qoplash uchun 4,4 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgani, 2020 yilda maktablarni to‘liq internet bilan qamrab olish uchun qo‘shimcha xarajatlar talab etilsa, Moliya vazirligi bu mablag‘ni topib berishi, bu masalada muammo bo‘lmasligini aytgandi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Bahromjon Olmatov 1600ta maktabni internet bilan ta'minlash bo‘yicha 2021 yilga rejalashtirilgan masalani qayta ko‘rib chiqib, 2020 yilning o‘zida barcha maktablarga optik tolali aloqa liniyalarini yetkazib berish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini ma'lum qilgandi.
Eng qizig‘i, parlament muhokamasiga qadar O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov oktabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan «Ochiq innovatsiyalar-2019» forumida 2020 yil oxirigacha mamlakatdagi barcha maktablar, maktabgacha ta'lim muassasalari va tibbiyot muassasalari optik tolali internet bilan qamrab olinishini aytgandi. Biroq hukumat rahbarining so‘zlari 2020 yilda qilinishi rejalashtirilgan budjet xarajatlariga mos kelmagan. Bundan kelib chiqadiki, mutasaddilar bosh vazirning xalqaro maydondagi chiqishidan yoki bexabar bo‘lishgan yoki «Ochiq innovatsiyalar-2019» forumidagi va'da nomigagina berilgan. Hukumat rahbari va a'zolari o‘rtasidagi «tushunmovchilik»ka bundan boshqacha izoh berib bo‘lmaydi.
Va'da bajariladimi?
Afsuski, yo‘q. Ma'lum bo‘lishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 11 may kuni bo‘lib o‘tgan raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov telekommunikatsiyalar qurilishi va kengaytirilishi hisobiga 2020 yil oxirigacha 11,3 mingta ijtimoiy obekt, jumladan, maktabgacha ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining 100 foizi, maktablarning 70 foizi optik tolali internetga ulanishini ma'lum qilgan. E'tibor qiling, 2020 yilgi davlat budjetini parlamentda tasdiqlatib olishdan avval berilgan va'da ham, hukumat rahbarining xalqaro maydonda O‘zbekiston nomidan aytgan so‘zlari ham bajarilmayapti.
Shuhrat Sodiqov xalq ta'limi muassasalarining qolgan 30 foizi, ya'ni 1600ta maktab 2021 yil oxirigacha yuqori tezlikli internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini aytgan. Yig‘ilish bayonida qayd etilishicha, vazirning so‘zlari ma'lumot uchun qabul qilingan. Demak, katta ehtimol bilan 1600 maktabning internetga ulanishi 2021 yilga qoldirilgan.
Muammo nimada?
Pandemiya davrida ta'lim sohasi eng ko‘p muammolarga duch kelgan, eng ko‘p tanqidga uchragan sohalardan biri bo‘ldi. Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 16 martdan O‘zbekistondagi barcha maktablar yopildi, o‘quvchilar, o‘qituvchilar o‘quv yilini onlayn darslar yordamida bir amallab yakunlashdi.
Masofadan o‘qitish ham, onlayn ta'lim olish ham oson bo‘lgani yo‘q. Bu jarayonda bir qancha muammolar bo‘y ko‘rsatdi. Jumladan, O‘zbekistonda aholi to‘liq internet bilan qamrab olinmagani, qolaversa, borining ham sifati, tezligi talabga javob bermasligi onlayn darslarni tashkil etishda katta boshog‘riq bo‘ldi. Muammo yechimi sifatida o‘quv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashg‘ulotlari bir qancha telekanallar orqali efirga uzatildi.
Biroq baribir ota-onalar farzandlarining uy vazifalarini o‘qituvchilarga yuborishi, o‘qituvchilar esa masofadan turib ularni qabul qilib olishi hamda baholab borishi uchun internet kerak bo‘ldi. Nafaqat chekka qishloqlarda, balki shaharlardagi internet tarmoqlari bunday yuklamaga tayyor emasligi ko‘rinib qoldi, karantin davrida ijtimoiy tarmoqlar internet sifati va tezligi tanqid qilingan postlarga, norozi ohangdagi izohlarga to‘lib-toshdi.
Hatto internet tezligi pastligi sababli uyining tomiga chiqib dars o‘tayotgan ayol o‘qituvchi aks etgan video tarqaldi. Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahri yaqinidagi «Navro‘z» mahallasida olingan ushbu videoda o‘qituvchi ayol maktabda ishlashi, karantin paytida o‘quvchilar bilan internet orqali masofadan ishlayotgani, internet muammosi sabab uyining tomidan joy hozirlab dars o‘tayotgani ma'lum bo‘ldi.
Xalq ta'limi vazirligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, hozirgi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa tegishli tashkilot vakillari muammo nimadaligini aniqlash va uni bartaraf etish ustida ish olib borishayotganini ma'lum qilgan, fidoyi o‘qituvchi har qanday sharoitda ham o‘quvchilarga bilim berishga intilishini olqishlagan edi.
2020-2021 yillarda O‘zbekistondagi barcha qishloq va mahallalar yuqori tezlikdagi internetga ulanadi
Pandemiya qachongacha cho‘zilishi ma'lum emas. Navbatdagi o‘quv yili boshida ham maktablar ochilmasligi, mashg‘ulotlar yana masofadan o‘tilishi ehtimoli yo‘q emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti prognozlari ayni paytda shunday xulosa chiqarishga undamoqda. To‘g‘ri, pandemiya sharoitida rejadagi ishlarni bajarish hech bir davlatga oson bo‘layotgani yo‘q. Jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyoti ham buning ortidan mislsiz zarbalarga uchrayotganini hamma ko‘rib-bilib turibdi.
Biroq hozirgi murakkab holatda ham ko‘p muammolarni aql bilan hal qilish imkoni bor. Jumladan, maktablarni 2020 yil davomida internet bilan to‘liq qamrab olish mumkin. Buning uchun ustuvor vazifalarni to‘g‘ri qo‘ysak bo‘ldi. Aytaylik, yuqoridagilardan kelib chiqilsa, joriy yilda O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalaridan ko‘ra maktablarga yuqori tezlikli internetni yetkazib borish muhimroq. Shunday ekan, tibbiyot muassasalarini to‘liq optik tolali internetga ulashni 2021 yilga qoldirib, maktablarni shu yilning o‘zida internet bilan ta'minlash mumkin.
Hukumat qanday qilib bo‘lmasin va'dasining ustidan chiqishi, xarajatlarni tejab bo‘lsada, mavjud resurslardan unumli foydalangan holda yil uchun dasturlarni bajarishi kerak. Shunchaki, vaziyatga oqilona yondashilsa va kelajakdagi kutilmalar inobatga olinsa, muammoga yechim topsa bo‘ladi.
Mutasaddilardan mavzu bo‘yicha rasmiy munosabat kutib qolamiz.
Jamshid Niyozov
Mavzuga oid
16:39 / 28.12.2024
Putin rus tilini bilmaydigan migrant bolalarini maktabga qabul qilmaslik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
16:56 / 13.12.2024