21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputat Rasul Kusherbayev maktablarning atigi 31 foizi optik tolali internet bilan ta'minlanganiga e'tibor qaratib, 2020 yilga mo‘ljallangan davlat budjetida bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazishni taklif etdi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali joylardagi infratuzilmani rivojlantirishga katta turtki berish mumkin.

Rasul Kusherbayev

«Chunki yuqori tezlikli internet O‘zbekistondagi barcha maktablarga yetib borsa, bundan o‘sha hududdagi aholi ham, tadbirkorlar ham, umuman, boshqa muassasalar ham foydalanishi mumkin. Bu o‘z navbatida, aholining axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonlik darajasi oshishiga xizmat qiladi», – deydi Rasul Kusherboyev.

Mazkur masalaga Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov munosabat bildirdi.

Temur Komilov

«Prezidentimizning 3931-sonli qarorida ham xalq ta'limi tizimidagi muassasalarni optik tolali aloqa liniyalari bilan ta'minlash belgilangan. «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda, uch yillik chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqqanmiz. Mamlakatimizda 10 mingta ta'lim muassasasi bo‘lsa, 2019 yil oxirigacha ularning 4152tasi (40 foiz), 2020 yilda esa 4367tasi, 2021 yilda 1600tasi to‘liq optik tolali internet bilan ta'minlanishi ko‘zda tutilgan», deydi Temur Komilov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov deputat bu masalani 2021 yilga qoldirmasdan 2020 yilning o‘zida internetga ulanmagan 5967ta maktabning barchasini optik tolali aloqa liniyalari bilan ta'minlashni nazarda tutayotganini ta'kidladi va mutasaddilardan bunga izoh so‘radi.

Temur Komilovning aytishicha, 3 yillik chora-tadbirlar rejasi «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining imkoniyatidan kelib chiqib ishlab chiqilgani, maktablarni optik tolali internet bilan ta'minlash budjetdan emas, balki «O‘zbektelekom»ning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgani, deputatning savoliga AKT vazirligi va «O‘zbektelekom» AK mutasaddilari javob berishi maqsadga muvofiqligini ta'kidladi.