O‘zbekiston davlat chegarasi: qaysi idoralarga qanday vakolatlar berilgan, qurol va harbiy texnika qanday hollarda qo‘llanadi?
Qo‘shni Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatga kelishi ortidan avvalgi hukumat rahbarlari, amaldorlar, harbiy xizmatchilar va tahdid ostidagi fuqarolar mamlakatdan chiqib ketishga urinmoqda. Tinch aholi vakillarining aksari qochqin maqomini olish uchun G‘arb va qo‘shni davlatlarga yo‘l olishni ko‘zlagan, toliblarga qarshi kurashgan harbiylar esa chegarani noqonuniy yo‘l bilan kesib o‘tib bo‘lsa-da, jon saqlashga urinmoqda.
Bu kabi holatlar Afg‘onistonning asosan etnik o‘zbeklar yashaydigan shimoliy qismi – O‘zbekiston bilan 137 kilometrlik chegara hududida ham sodir bo‘lmoqda.
Dastlab, «Tolibon» harakati 14 avgust kuni Termizdan 58 km janubdagi Mozori Sharif shahrini egallagach, Afg‘oniston armiyasining bir guruh kuchlari Amudaryo ustidan o‘tuvchi, Termiz shahriga olib boruvchi Hayraton ko‘prigida O‘zbekistonga kirish ilinjida to‘plandi. Tashqi ishlar vazirligi to‘planganlar muzokaralar va tushuntirishlar yo‘li bilan tarqatib yuborilganini bildirdi.
15 avgust kuni Afg‘oniston prezidenti va bir qancha yuqori lavozimli amaldorlar ham mamlakatni tark etdi, «Tolibon» poytaxt Kobulni egalladi. Shu kuni Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida Afg‘oniston armiyasiga tegishli harbiy samolyot urib tushirilgani haqida xabar tarqaldi.
16 avgust kuni Bosh prokuratura jami 585 nafar afg‘on harbiysi 22ta harbiy samolyot va 24ta harbiy vertolyot orqali O‘zbekistonga noqonuniy kirib kelgani, bu jarayonda Afg‘onistonning «Embrayer-314» samolyoti O‘zbekistonning «MiG-29» rusumli samolyoti bilan to‘qnashib ketgani, holat bo‘yicha bevosita bosh prokuror tomonidan jinoyat ishi ochilgani haqida ma'lum qildi. Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmay Bosh prokuratura rasman raddiya berdi va bu ma'lumotlar «oxirigacha aniqlashtirilmagani»ni bildirdi.
16 avgust kuni bortida afg‘on harbiylari bo‘lgan ikkita vertolyot O‘zbekiston hududidagi paxta dalasiga qo‘ngani aks etgan video ham tarqaldi.
Bu kabi murakkab harbiy-siyosiy jarayon mustaqil O‘zbekiston tarixida kamdan kam kuzatiladigan hodisa ekani sir emas. Shunday vaziyatda O‘zbekistonning quruqlik, havo va suv yuzasidagi chegaralarini himoya qilish kimning vazifasi ekani, chegarachilar qanday huquq va majburiyatlari borligi ko‘pchilikni qiziqtiradi.
Quyida davlat chegaralarini himoya qilishning qonuniy asoslari va tartib-taomillari borasida so‘z yuritiladi.
2000 yil 1 yanvardan kuchga kirgan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, O‘zbekistonning Davlat chegarasi — O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasini (quruqlikda, suvda, yer ostida, havo bo‘shlig‘ida) belgilovchi chiziqdan va bu chiziq bo‘ylab o‘tuvchi vertikal sathdan iborat.
Mazkur qonunning 15-moddasida Davlat chegarasini chegara o‘tkazish punktlaridan boshqa joydan har qanday usul bilan kesib o‘tgan yoki kesib o‘tishga harakat qilayotgan shaxslar, mamlakat ichki suvlari, shuningdek, chegara bo‘yi daryolari va boshqa suv havzalariga belgilangan qoidalarni buzgan holda kirgan chet el noharbiy va harbiy kemalari, davlat chegarasi orqali uchib o‘tish qoidalarini buzgan havo kemalari va uchish apparatlari davlat chegarasini buzuvchilar deb hisoblanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonunda davlat organlarining O‘zbekiston davlat chegaralarini himoya qilish bo‘yicha vakolatlari belgilangan, jumladan:
- Vazirlar Mahkamasi Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi kuchlar va vositalarni, o‘tkaziladigan tadbirlarni moliyalash va resurslar bilan ta'minlashni amalga oshiradi, chegarani himoya qilish va qo‘riqlash sohasida normativ hujjatlar chiqaradi;
- Davlat xavfsizlik xizmati esa davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash sohasidagi davlat siyosati amalga oshiradi, chegara himoya qilinishi va qo‘riqlanishini ta'minlaydi;
- Mudofaa vazirligi havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasi himoya qilinishi va qo‘riqlanishini amalga oshiradi va o‘z vakolatlari doirasida havo bo‘shlig‘ida yuzaga kelgan chegara nizolarini hal etadi;
- Tashqi ishlar vazirligi Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashni tashqi siyosiy va xalqaro-huquqiy jihatdan ta'minlashni amalga oshiradi hamda chegara rejimini belgilash bo‘yicha muzokaralar olib boradi, zarur hujjatlar va materiallar tayyorlaydi;
- Ichki ishlar vazirligi chegarani himoya qilishda chegara qo‘shinlariga ko‘maklashadi, chegara oldi zonasida chegara oldi rejimiga rioya etilishi nazoratni amalga oshirishda IIV ishtirokini ta'minlaydi, chegara oldi hududlarida huquq-tartibotning holati to‘g‘risida chegara qo‘shinlariga axborot berib boradi.
- Davlat bojxona qo‘mitasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarning Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida bojxona nazoratidan o‘tishi va rasmiylashtirilishini tashkil etadi;
- bulardan tashqari, qonunda davlat chegaralarini himoya qilish yuzasidan sanitariya-karantin tekshiruvi, veterinariya, fitosanitariya nazorati, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning ham bir qancha vazifalari belgilangan.
Shuningdek, qonunga muvofiq havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari havo bo‘shlig‘ida Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan havo kemalari va boshqa uchish apparatlarini aniqlaydi va ularning O‘zbekiston hududidagi parvozini belgilangan tartibda to‘xtatadi.
Chegara qo‘shinlari, Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash paytida O‘zbekiston hududiga qurolli bostirib kirishni daf etish maqsadida qurol va harbiy texnikani qo‘llash huquqiga ega.
Shuningdek, davlat chegarasini buzuvchi qoidabuzarlarni boshqa vositalar bilan ushlashning iloji bo‘lmagan hollarda ham qurol va harbiy texnika qo‘llanadi.
«O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi qonunda O‘zbekiston Respublikasi va chet el davlatlari harbiy havo kemalarining, boshqa harbiy obektlar yoki harbiy xizmatchilarning xatti-harakatlari bilan bog‘liq bo‘lgan chegara nizolari Mudofaa vazirligi vakillari ishtirokida hal etilishi belgilangan. Chegara vakillari yoki Mudofaa vazirligi vakillari hal eta olmagan masalalar va nizolar esa diplomatik tartibda hal qilinadi.
Ko‘rib turganingizdek, O‘zbekiston o‘z davlat chegaralarini himoya qilish va chegara buzuvchilarga nisbatan chora ko‘rish borasida barcha qonuniy asoslarga ega.
Farrux Absattarov
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
23:55 / 04.01.2025
Geosiyosiy hafta tahlili: gaz tranzitini to‘xtatgan Ukraina, Rossiyadan norozi Ozarboyjon va tanlov qarshisidagi Suriya
21:23 / 28.12.2024
Pokiston-Afg‘oniston chegarasida janglar boshlandi
19:50 / 28.12.2024
O‘zbekistonlik shifokorlar Afg‘onistonda 1300 nafardan ziyod insonlarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
17:13 / 25.12.2024