Iqtisodiyot | 10:36 / 07.10.2020
17648
5 daqiqa o‘qiladi

Yevropa va Markaziy Osiyoda ikki davlat iqtisodiyoti ijobiy o‘sishi mumkin. Ulardan biri - O‘zbekiston

O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishni namoyish etadigan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi ikki davlatdan biri bo‘lishi mumkin. Bu aholining karantin qoidalariga qat'iy rioya qilishiga ham bog‘liq.

Jahon banki mintaqaviy iqtisodiy tahlilining 7 oktabr kuni e'lon qilgan nashrida bildirilishicha, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirib, raqobatbardosh xususiy sektor yetovidagi bozorga muvaffaqiyatli o‘tish — O‘zbekiston oldidagi eng katta sinov.

«COVID-19 va inson kapitali» nomli tahlilnomada ta'kidlanishicha, davlat yetovida bo‘lgan eski iqtisodiy model garchi yuqori o‘sish ko‘rsatkichiga turtki bo‘lsa ham,  (2000-2019 yillarda o‘rtacha 6,7 foiz o‘sish) bu yetarli ish o‘rni yaratish, mehnat unumdorligi va xususiy sektori rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmadi. Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, mamlakat aholisining 9,5 foizi hanuz o‘rtachadan quyiroq daromadga (kuniga o‘rtacha 3,2 dollar) ega qashshoqlikda yashamoqda. 

«Iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni hal etish uchun mamlakatda keng ko‘lamli islohotlar boshlangan. 2017 yildan buyon, xorijiy valutani ayirboshlashdagi nazorat olib tashlandi, narxlar erkinlashtirilmoqda, biznes yuritish va eksport uchun qiyin shart-sharoitlar bartaraf etilmoqda. Endigi maqsad — bank sektori hamda davlat ulushiga ega korxonalarni isloh etish, agro iqtisodiyot va bozor omilini rivojlantirish», — deyiladi  tahlilnomada. 

Jahon bankining ma'lumotiga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi Sovet Ittifoqi parchalanishidan so‘ng tiklangan O‘zbekiston iqtisodiyoti duch kelgan eng og‘ir inqiroz bo‘ldi. Bu holat mamlakat yalpi mahsulotining o‘sishiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi va fuqarolarning bandligi, farovonligi va daromadlarining pasayishiga olib keldi. 

«2020 yilning birinchi yarmida YaIM o‘sishi deyarli nolga teng bo‘ldi, 2019 yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 5,8 foizni tashkil etgandi. Shu davrda asosiy kapitalga investitsiyalar 12,8 foizga kamaydi. Ishsizlik darajasi 2020 yilning birinchi choragida 9,4 foizdan ikkinchi chorakda 15 foizgacha keskin ko‘tarildi», — deyiladi Jahon banki tarqatgan axborotda. 

Shunga qaramay, O‘zbekiston 2020 yilda iqtisodiy o‘sishni namoyish etadigan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi ikki davlatdan biri (Tojikiston bilan) bo‘lishi mumkin. Jahon banki mutaxassislarining fikricha, oltin ishlab chiqarishning ko‘payishi va qishloq xo‘jaligidagi o‘sish sanoat va xizmatlar sohasidagi keskin pasayishni bartaraf etishga yordam berdi. Birinchi yarim yillikda pul o‘tkazmalari 19 foizga kamayganiga qaramay, ijtimoiy transfertlarning 17 foizga ko‘payishi va 2020 yil fevralidan eng kam ish haqining 10 foizga o‘sishi xususiy iste'molni saqlab qolishga yordam berdi. 

Bozor islohotlari iqtisodiyotda resurslardan yanada samarali foydalanish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun rag‘batlantirishni kuchaytirgani sababli O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha prognozlar ijobiy bo‘lib qolmoqda. 2020 yil uchinchi choragida karantinning bekor qilinishi, qishloq xo‘jaligida barqaror ishlab chiqarish va pul o‘tkazmalarining qisman tiklanishi 2020 yilning ikkinchi yarmida birinchi yarim yilga nisbatan kuchliroq iqtisodiy faollikka olib kelish kutilmoqda.

YaIMning yillik o‘sishi bu yil 0,4 foizdan 0,8 foizgacha, bo‘lishi kutilmoqda. Bu 2019 yilgi ko‘rsatkich – 5,6 foizga nisbatan sezilarli darajada past. Mamlakat bo‘ylab karantin qayta kiritilmasa, 2021 yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi 4,8 foizdan 5 foizgacha bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Albatta, mamlakatning iqtisodiy o‘sishi aholining karantin qoidalariga qat'iy rioya qilishiga bog‘liq. 

Jahon banki O‘zbekiston tashqi qarzi yanada o‘sib borishini kutmoqda. Unga ko‘ra, 2020 yilda va keyingi o‘rta muddatli istiqbolda defitsit asosan tashqi qarzlarni ko‘paytirish hisobiga moliyalashtiriladi. 2020 yilda tashqi davlat qarzi YaIMning 34,7 foizigacha ko‘tarilishi mumkin. Garchi u 2017 yildan beri YaIMga nisbatan foizda ko‘paygan bo‘lsa-da, o‘rta muddatli istiqbolda barqarorlashishi kutilmoqda.

Mavzuga oid