Iqtisodiyot | 16:02 / 11.05.2024
10994
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi oy eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi

O‘zbekiston Markaziy banki mart oyida dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq – 11 tonna oltin sotdi.

Foto: chinadaily

O‘zbekiston mart oyida ham oltin savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon Oltin Kengashining (WGC) oylik ma’lumotlarida keltirib o‘tilgan.

Hisobot davrida jahon markaziy banklarining jami oltin zaxiralari 16 tonnaga oshgan. Xususan, xaridlar hajmi 40 tonnani, sotuvlar hajmi esa 25 tonnani tashkil etgan.

Mart oyida qimmatbaho metallarning eng faol xaridorlari Turkiya (14 tonna), Xitoy (5 tonna) va Hindiston (5 tonna) Markaziy banklari bo‘ldi.

Mazkur vaqtda oltinning asosiy sotuvchisi O‘zbekiston Markaziy banki bo‘ldi va o‘z zaxiralarini 11 tonnaga qisqartirdi. Shuningdek, Tailand (10 tonna) va Iordaniya (4 tonna) Markaziy banklari tomonidan ham katta miqdorda oltin sotilgan.

Avvalroq, O‘zbekiston fevralda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lgani xabar qilingandi. 2023 yil yakuni bo‘yicha esa dunyoda ikkinchi eng ko‘p oltin sotgan mamlakat bo‘lgandi. Xususan, o‘tgan yilda 8,2 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida O‘zbekiston 1,35 mlrd dollarlik, yil boshidan buyon esa 2,66 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan. Bu mamlakat umumiy eksportining 41,7 foizini tashkil etadi.

Mavzuga oid