Iqtisodiyot | 09:00 / 16.03.2021
25568
7 daqiqa o‘qiladi

«Obnal ishi»: Tadbirkorlar soliq boshqarmasini sudga berdi

Soliq maslahatchisi Abdug‘ani Muhammadboyevga ko‘ra, «obnalchilar ishi» yuzasidan tadbirkorlar soliq organining harakatiga qonuniy baho berilishini so‘rab sudga murojaat qilgan. Ekspertning ta'kidlashicha, O‘zR Soliq kodeksiga muvofiq, soliq idorasi jarayon sudda ko‘rilayotganda ijroni to‘xtatib turishi kerak, ammo idora ijroni davom ettirmoqda.

 Gap nimada?

 Shu yilning fevral oyida boshlangan «obnalchilar» mojarosi atrofida bahs-munozaralar tinmayapti. Mustaqil ekspertlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali qilayotgan chiqishlarida Davlat soliq qo‘mitasi xatti-harakatlariga baho berishmoqda. Xususan, «M-Faktor» loyihasiga intervyu bergan soliq maslahatchisi Abdug‘ani Muhammadboyev ushbu masala yuzasidan soliq idorasi harakatining qonuniy asoslariga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, 11 fevraldan davlat budjetiga to‘lanmagan QQS (qo‘shimcha qiymat solig‘i-tahr.) summasini undirish bilan bog‘liq «soliq qarzi» qayerdan paydo bo‘lgani 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarini qiynamoqda.

«Holat 3 fevraldan boshlandi. 11 fevraldan tadbirkorlar soliq idorasi tomonidan to‘lanmagan QQS summasini to‘lash bo‘yicha talabnomalar ola boshlashdi. Talabnoma ikki xil bo‘ladi. Birinchisi: soliq tekshiruvi natijasida soliq to‘lovchiga taqdim etiladigan talabnoma. Bu soliq hisobotlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga doir bo‘ladi. Ikkinchi turi yuzaga kelgan soliq qarzdorligini bartaraf etish to‘g‘risida.

Biz gapirayotgan holatda tadbirkorga soliq qarzini bartaraf etish xususida talabnoma kelgan. Endi savol tug‘iladi: soliq qarzi qayerdan paydo bo‘ldi? Soliq qarzi paydo bo‘lishi uchun yo soliq to‘lovchining hisoboti natijasida to‘lanmay qolgan mablag‘, kechroq to‘lagan bo‘lsa penya, yoki soliq tekshiruvi jarayonida qandaydir qo‘shimcha hisoblangan soliqlar, penyalar, jarimalar bo‘lishi lozim. Shu ikkita holatdagina soliq qarzi paydo bo‘lib qolishi mumkin», - deydi u.

Ish sudda ko‘riladi

Muhammadboyevning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar soliq boshqarmasiga e'tiroz bildirgan taqdirda nizoli vaziyat sudda ko‘rilishi kerak.

«Soliq idorasi soliq to‘lamaslik xavfi katta bo‘lgan yoki QQS to‘lovchisi degan guvohnomasi bekor qilingan sub'yektlar bilan aloqa qilgan soliq to‘lovchilarga hisobga olingan soliq summasini budjetga to‘lashni talab qilmoqda. Bunda Soliq kodeksining 266-moddasiga murojaat qilinyapti. Soliq organida shunday huquq bor. Soliq kodeksining maxsus qismida QQS soliq organiga bu huquq berilgan bo‘lsa, kodeksning umumiy qismida protsessual tartiblar belgilangan. Ya'ni, soliq organi murojaat qilayotgan 14-moddaga asosan soliq organi “ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitimlarni soliq hisoblashda inobatga olmaslikka haqqim bor”, - demoqda. 14-moddaning tegishli qismida ko‘zbo‘yamachilik masalasi yoki soliq organi bitimni haqiqiy emas deb topsa-yu, soliq to‘lovchi e'tiroz bildirsa, bu masala faqat sudda hal etilishi belgilab qo‘yilgan», - deya ta'kidlaydi ekspert.

Soliq idorasiga aloqasi bo‘lmagan mutaxassislar qanday fikrda?

 Uning ta'kidlashicha, soliq organida bo‘lmagan barcha mutaxassislar «bu e'tirozli masala, demak bitimlarning haqiqiy emasligi sudda ko‘rilishi kerak»ligini aytishmoqda va albatta, ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim haqiqatan soxta bitimligi sudda isbotlanishi kerak.

  «Bugungi kunda soliq to‘lovchilar o‘zi yoki mutaxassislar bilan birgalikda sudlarga murojaat qilmoqda. Soliq organining harakatiga baho berish, ya'ni qonunga qanchalik mos kelishi yoki kelmasligi yuzasidan murojaat qilganmiz. Harakat deganda, hisobraqamga qo‘yilgan inkasso haqida gap ketmoqda va bunday vakolat soliq organida bor. Bizning murojaatimiz mazmuni shundan iboratki, tadbirkorlik sub'yektlarining hisobvarag‘ida paydo bo‘lgan qarzdorlik qayerdan, nima asosda paydo bo‘ldi deganda, soliq organi va soliq to‘lovchi o‘rtasida bitta to‘xtamga kelinmaganligi, qolaversa soliq organi hech qanaqa tekshiruvsiz, bitim ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan degan gumoni asosida soliq qarzi hisob qilishi qanchalik qonuniy degan savolga yechim so‘rab murojaat qildik», - deydi A. Muhammadboyev.

Qaror ijrosi to‘xtatilib turilishi kerak

Soliq maslahatchisi ushbu masalaning yana bir jihatiga to‘xtaldi. Soliq kodeksining 231-moddasiga ko‘ra, soliq to‘lovchi soliq organi mansabdor shaxsining qarori ustidan shikoyat berganda, ushbu qaror ortidan kelib chiqadigan ijro to‘xtatib turilishi kerak.

 «Tadbirkorlar sudga murojaat qilgani haqida soliq organiga alohida xabarnoma berildi, chunki Kodeksda shunday yozib qo‘yilgan. Soliq organidan ma'lumot uchun qabul qildik, degan javob keldi, harakat esa davom etmoqda. Men 20dan ortiq tadbirkorlar bilan shu masalada muloqot qilib turgan bo‘lsam, birortasidan ham inkasso topshiriqlari qaytib olinmagan. Ya'ni tadbirkorlarning hisobraqamlari muzlatib qo‘yilgan.

 15 fevralda hisobraqamlariga inkasso qo‘yilgan tadbirkorlar salkam bir oydan beri faoliyat ko‘rsatmayapti. Bu jarayon tugagandan keyin tahlil ham qilinsa kerak: soliq organi qancha undirmoqchi edi-yu, qancha soliqdan quruq qoldi? Tadbirkor soliq organiga sudga murojaat qilgani haqida xabarnoma berganida, soliq organi ijroni to‘xtatib turishi kerak edi. Agar inkasso topshirig‘i bekor qilib turilsa, tadbirkor faoliyatini davom ettiradi, ishchilar, oylik, iste'molchiga mahsulot yetkazib berish kabi ijtimoiy masalalar hal bo‘ladi. Ikkinchidan, iqtisodiy masala hal bo‘ladi. Bugun mavhum bo‘lgan eski (mavhum) soliqni undiraman deb, yangi soliq hosil bo‘lish imkoniyati cheklab qo‘yilmoqda»,- deydi ekspert.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, iqtisodchi Yuliy Yusupov DSQning «obnalchilar»ga qarshi boshlagan kurashi yuzasidan fikr bildirib, qo‘mita harakatlarini «sog‘lom fikrga zid va qonunni mazax qilish» deb atagan edi.

Keyinroq DSQ «obnalchilar» mojarosi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda qo‘mita harakatlarini «gumon», «mutlaqo quruq gap», «tasdiqlanmagan faraz» deb fikr bildirgan ekspertlarga qarshi bayonot bilan chiqdi.

Shundan so‘ng, Yuliy Yusupov DSQga 6ta savol bilan murojaat qildi. Soliq qo‘mitasi ekspert savollariga javob bermadi. 

Mavzuga oid