Iqtisodiyot | 11:27 / 01.03.2021
41483
9 daqiqa o‘qiladi

Yuliy Yusupov: Soliq qo‘mitasi harakatlari – sog‘lom fikr va qonunni mazax qilish

Ekspert Yuliy Yusupov Davlat soliq qo‘mitasining «obnalchi»larga qarshi kurash boshlagani yuzasidan Kun.uz′ga o‘z fikrlarini bayon etdi.

«Keling, avval boshdan ta'kidlab qo‘yaylik, soliqlar to‘lanishi kerak, noqonuniy bitimlarga qarshi kurashish shart. Lekin bu ishlar qonuniy tarzda amalga oshirilishi kerak. Soliq qo‘mitasining so‘nggi oydagi harakatlari esa, fikrimcha — sog‘lom fikr va qonunni mazax qilish, bu «avval jangni boshlab olaylik, uyog‘ini keyin ko‘ramiz» prinsipi bilan biznes va bozor iqtisodiyotiga chinakam «qizil gvardiyachilar hujumi»ning o‘zginasi.

Nimalar sodir bo‘lyapti?

1. DSQ «risk-tahlil» natijasida 396 korxonadan iborat (keyinchalik 525tagacha kengaytirilgan) «Shubhali kontragentlar reyestri»ni tuzgan. Ularning shaxsiy kabinetlariga «qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarining asossiz zachyotini to‘g‘rilash» haqida bildirishnomalar jo‘natilgan yoki jo‘natiladi.

«Risk-tahlil» nima? Bu — ma'lum bir yuzaki belgilarga asoslanib korxonalarni alohida guruhga ajratish (masalan, «yuridik manzilining tez-tez o‘zgarib turishi», «soliq to‘lovchining ko‘rsatilgan manzili bankrot deb topilgan uch va undan ortiq yuridik shaxslarniki bilan bir xilligi», soliqlar bo‘yicha qarzdorliklar to‘planib qolgani). Sanab o‘tilgan belgilar mazkur ro‘yxatga tushgan korxonalarning boshqa korxonalarga nisbatan qonunlarni buzishi, soliqlarni to‘lamasligi ehtimoli yuqori ekanligidan bilvosita dalolat beradi. Jahon amaliyotida risk-tahlil kelgusidagi tekshiruvlarda diqqat qaratilishi lozim bo‘lgan tadbirkorlar guruhini ajratib olish uchungina amalga oshiriladi. Faqatgina shu uchun. Biroq, risk-tahlil natijalar aslo uning mezonlari ostiga tushgan firmalar qonunni buzgani va ular jazolanishi kerakligini anglatmaydi. Faqatgina tegishli tekshiruvlar, tergov-surishtiruv harakatlari hamda sud qarorlaridan keyingina ular qonunbuzar deb tan olinishi mumkin.

DSQ mantig‘iga ko‘ra, «reyestr»ga tushgan kompaniyalar QQS zachyotini to‘g‘rilash bilan jazolanadi va endi ularning o‘zi hech qanday qonunbuzarlik qilmaganini isbotlashi kerak. Boshqacha aytganda, Soliq qo‘mitasi butun jahonda qabul qilingan aybsizlik prezumpsiyasini bekor qilib, uni aybdorlik prezumpsiyasi prinsipiga almashtirdi.

2. Ammo bu «holvasi». DSQ yanada avjiga chiqdi. Barcha «shubhali kontragentlar» yoppasiga «obnalchilar» deb ataldi (garchi ularning «shubhalilik» belgilari korxonalar aynan pullarni naqdlashtirish bilan shug‘ullanganini ko‘rsatmasa-da), ular bilan ishlagan 10 mingta kompaniya esa mutlaqo quruq gap bilan «mablag‘larni naqdlashtirish va to‘lanadigan soliq summasini kamaytirish maqsadida «obnalchi firmalar» xizmatidan foydalanganlar» safiga qo‘shib qo‘yildi. DSQning bu xulosasiga sabab nima? Tushunarsiz. Endi minglab tadbirkorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri isbotlarsiz, tekshiruvlarsiz va sud qarorlarisiz jinoyatda ayblanmoqda.

3. Boz ustiga, o‘sha 10 mingta korxonaning shaxsiy kabinetiga ham «qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining asossiz zachyotini to‘g‘rilash» bo‘yicha tegishli bildirishnomalar jo‘natilgan. Ularning hisob-raqamlari muzlatilib, 915 milliard so‘mlik mablag‘lar yechib olinishi haqida qaror qabul qilingan. Bu aql bovar qilmas holat: sud qarorisiz hisobraqamlar muzlatilib, pullar yechib olinmoqda. Shunchaki, bu korxonalarning ham emas, ularning hamkorlariga nisbatan tug‘ilgan shubhalar asosida! 

To‘g‘ri, tadbirkorlarga ham aybdor emasliklarini isbotlashga lutfan izn berildi: ular o‘z harakatlari qonuniy bo‘lganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari lozim bo‘ladi (lekin bunaqasini isbotlash odatda juda qiyin, ayrim hollarda imkonsiz). Ya'ni aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi yana chetga chiqyapti. Bu holatda tadbirkorlarning bir qismi «o‘zlarining aybsizligi, qonun doirasida ishlaganini tasdiqlovchi hujjatlar yig‘ilganiga qaramasdan, ularning hisobraqami muzlatilib, pullar yechib olingani»ni ta'kidlashdi.

Men hali tadbirkorlar endi o‘zlarining huquqlarini himoyalash uchun vaqt, kuch, pul (sud jarayonlari bizda arzon emas) sarflashi kerakligiga muxtasar to‘xtalmayapman. DSQga mamlakat investitsiya muhitini «yaxshilash» yo‘lidagi ulkan hissasi uchun rahmat! Endi investorlar tinim bilmay eshik qoqa boshlasa kerak...

QQSning nima daxli bor?

QQS zachyoti bekor qilinishi bilan bog‘liq voqealarda menga ba'zi narsalar tushunarsiz. Hattoki «shubhali kontragentlar» bilan tuzilgan bitimlar soxta bo‘lib, real tovarlar va xizmatlar xarid qilinmagan bo‘lsa-da (eslatib o‘taman, bularning barisi hech qanday isbot bilan tasdiqlanmagan farazlar), nega zachyot bekor qilinmoqda?

  • «Shubhali kontragentlar» QQS to‘lamagan-u, ular tomonidan taqdim etilgan moliyaviy hujjatlar soxtami? Bunga isbot bormi? Bo‘lib ham, zachyoti bekor qilingan barcha 10 mingta holat bo‘yichami?
  • Agar shunday isbot bo‘lgan taqdirda ham, ularning tovarlari va xizmatlarini sotib olgan xaridorlarda nima ayb? Ular QQS oldinroq to‘lanmaganini qayerdan bilishi mumkin? Soxta hujjatlar beruvchi firibgarlarni aniqlab, ularni javobgarlikka tortish DSQning vazifasi emasmi? Qo‘mita nimaga asoslanib biznesni o‘zi qilgan aybi uchun jazolamoqda?
  • Agar soliq to‘langan bo‘lsa, nega zachyot bekor qilinmoqda? Axir soliq to‘langan-ku? Bu holda DSQ o‘z xatti-harakatlari bilan bir soliqni ikki marta to‘lashni talab qilish mumkin emasligini nazarda tutuvchi QQS tizimini shunchaki barbod qilmoqda. Ya'ni shuncha mehnat bilan yaratilgan QQS zanjirini yo‘q qilmoqda.

«Bitim tuzilayotganda uyoq-buyoqqa qarash kerakligi» haqida gapiradigan bo‘lsak, Reyestr 2021 yilda e'lon qilindi. Tadbirkorlar o‘zlari 2020 yilda hamkorlik qilgan kompaniyaning «shubhali» ekanligini qayerdan bilsin? Yoki DSQ vaqt mashinasini ixtiro qilib, soliq to‘lovchilarga undan foydalanishni o‘rgatib qo‘yganmi? Ya'ni Soliq qo‘mitasi yana bir asosiy yuridik prinsipni buzgan: «qonun (bu holatda qonun ham emas, DSQning tavsiyaviy topshirig‘i) ortga qaytish kuchiga ega emas».

Pullarni naqdlashtirish va xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish muammolari haqida

Agar qandaydir kompaniya «obnalchi»lar xizmatidan foydalanayotgan ekan, ular nega bu ishga qo‘l urayotganini aniqlash kerak. Yuridik shaxslar tomonidan tovarlar va xizmatlarga naqd pul to‘lash rivojlangan dunyoda keng tarqalgan amaliyot. O‘zbek kompaniyalari bu ish bilan qonuniy asoslarga ko‘ra shug‘ullana olmasligi va noqonuniy bitimlarga qo‘l urishga majbur bo‘layotgani — me'yoriy-huquqiy bazamiz hamda davlat tomonidan tartibga solish amaliyotining muammosidir. Biznesga o‘z mablag‘larini naqdlashtirish hamda bitimlarga naqd pul to‘lashning qonuniy mexanizmlarini taqdim eting — «obnal» muammosi keskin kamayadi.

«Obnal»ning boshqa sababi — xufiyona pul aylanmasining kattaligi va soliqlardan qochish. Xufiyona iqtisodiyotga qarshi albatta kurashish kerak. Biroq, birinchidan, «qizil gvardiyacha bosqinlar» bilan emas, qonuniy usullar bilan. Ikkinchidan, avvalo xufyona iqtisodiyotni paydo qilayotgan sabablarga qarshi kurashish kerak. Sabablarning aksariyati esa biznes uchun «noteng o‘yin qoidalari» (kimlardadir imtiyoz bor, ko‘pchilikda esa yo‘q), yuqori soliq yuklamasi, biznes uchun o‘zini oqlamagan ma'muriy to‘siqlar va taqiqlarda mujassam.

Sabablarni bartaraf etish kerak, oqibatlarni emas. Oqibatlar bilan kurashish, birinchidan, uzoq muddatli samara bermaydi, ikkinchidan esa, davlat organlarining haddan ziyod vakolatlari va suiiste'molchiliklari manbayiga aylanadi. Binobarin, xufyona iqtisodiyot va korrupsiyaga yanada yo‘l ochadi. Boshqacha qilib aytganda, biz kutayotganimizga mutlaqo teskari samaraga ega bo‘lamiz.

Fikrimcha, Soliq qo‘mitasi o‘z xatosini ro‘y-rost tan olib (naqadar og‘ir bo‘lmasin), biznes oldida kechirim so‘rab, noqonuniy yechib olingan pullarni qaytarib, kelgusida qonunda yozib qo‘yilgan tartiblarga og‘ishmay amal qilishi kerak.

Yuliy Yusupov

Mavzuga oid