Iqtisodiyot | 21:48 / 02.03.2021
17869
3 daqiqa o‘qiladi

«Qo‘shtirnoq ichidagi ekspertlarning bayonotlari asossiz» - DSQ

Davlat soliq qo‘mitasi «obnalchilar» mojarosi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda qo‘mita harakatlarini «gumon», «mutlaqo quruq gap», «tasdiqlanmagan faraz» deb fikr bildirgan ekspertlarga qarshi bayonot bilan chiqdi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

DSQ qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan qochish «sxema»lariga qarshi boshlagan kurashni «faqat gumon va mutlaqo quruq gap» yoki «barisi hech qanday isbot bilan tasdiqlanmagan farazlar» deb atagan ekspertlar fikrlari asossiz, deya bayonot berdi.

«Davlat soliq qo‘mitasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan qochish «sxema»lariga qarshi boshlangan faol kurashish harakatlarini ayrim, qo‘shtirnoq ichidagi nufuzli ekspertlar tomonidan «faqat gumon va mutlaqo quruq gap» yoki «barisi hech qanday isbot bilan tasdiqlanmagan farazlar», deb ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirayotgan bayonotlarining asossiz ekanligini ma'lum qiladi.

Soliq organlarining harakati juda mantiqiy, izchil, amaldagi soliq qonunchiligida (Soliq kodeksining 14,15, 266-moddalari) belgilangan va bozorda teng raqobat sharoitini yaratish orqali halol-pok tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Jumladan, qo‘llanilayotgan normalar xalqaro soliq ma'murchiligida keng foydalanilib, Soliq kodeksiga Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Rossiya Federatsiyasi ekspertlari taklifi bilan kiritilgan», – deyiladi rasmiy xabarda.

Bundan tashqari, bayonotda soliq firibgarligi bilan shug‘ullangan «shubhali» firmalar bilan tovarsiz operatsiyalarni amalga oshirish orqali QQS summalarini budjetga to‘lanmaganligi holatlari 97 foizi yoki 7 486ta korxonada (780 milliard so‘m) to‘liq miqdorda, 97 tasida esa (12,1 milliard so‘m) qisman tasdig‘ini topgani ma'lum qilingan.

Shuningdek, rasmiy xabarda qo‘mita 2021 yil 2 mart holatiga ko‘ra, 256 ta soliq to‘lovchi (30,7 milliard so‘m) asoslovchi hujjatlar taqdim eta olgani ma'lum qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, 1 mart kuni iqtisodchi Yuliy Yusupovning Kun.uz’da e'lon qilingan maqolasida DSQning «obnalchilar»ga qarshi boshlagan kurashi yuzasidan fikr bildirilgandi. Unda iqtisodchi qo‘mita harakatlarini «sog‘lom fikr va qonunni mazax qilish», deb baholagan.

«Endi minglab tadbirkorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri isbotlarsiz, tekshiruvlarsiz va sud qarorlarisiz jinoyatda ayblanmoqda», degan ekspert Yuliy Yusupov.

Ma'lumot uchun, shu yilning fevral oyida Davlat soliq qo‘mitasi davlat budjetiga yetkazilgan zararni qisqartirish maqsadida «naqdlashtiruvchi korxonalar» faoliyatini cheklash mexanizmini joriy etgandi. Natijada 396ta korxona shubhali sub'yektlar reyestriga kiritildi va ular bilan hamkorlik qilgan 10mingga yaqin tadbirkorning shartnomalari, xususan, hisobga olingan QQS summasi bekor qilindi.

Mavzuga oid