Sport | 18:16 / 14.12.2025
9364
22 daqiqa o‘qiladi

«Real»dagi kichik inqiroz. Klubning muammosi nimada va Alonso endi nima qiladi?

Madridliklar g‘alaba qozonishni unutib qo‘ydi, ayrim futbolchilar va murabbiy o‘rtasida esa ziddiyat ko‘zga tashlanmoqda.

Foto: Getty Images

Yaqindagina klasikoda g‘alaba qozonib, Ispaniya chempionatida jiddiy farq bilan peshqadamlik qilayotgan «Real» birdaniga muammolar girdobiga tushib qoldi. Qoniqarsiz natijalar, ishonarsiz o‘yin, jarohatlar va eng e’tiborlisi Habi Alonso bilan muammolar – ispan nashrlari yozda jamoa boshqaruviga kelgan murabbiyga muhlat berilgani, keyingi uch o‘yindan birortasida g‘alaba qozona olmasa, iste’foga chiqarilishi mumkinligi haqida yozishmoqda.

Albatta, bunday xabarlar turli murabbiylar bilan ko‘p chiqib turadi, odatda nashrlar ko‘pincha taxminlarni bo‘rttirib yozishadi. Ammo Angliyadan farqli ravishda Ispaniyada jurnalistlar biroz boshqacha ishlashini, nashrlar u yoki bu klub, shu jumladan, «Real»ning ham manfaatlariga xizmat qilishini inobatga olsak, vaziyatga jiddiyroq qarash mumkin. Zero bunday xabarlar chiqayotgani, shu bilan birga, klub rasmiylari tomonidan raddiyalar yo‘qligi, tabiiyki, daraxtning uchi bekorga silkinmayotganidan dalolat beradi. Quyida shu savolga javob izlanadi – Madridda nima bo‘lyapti o‘zi?

Tizimli murabbiy nima?

So‘nggi yillarda bu atama tez-tez ishlatilmoqda, nafaqat Yevropada, balki mahalliy matbuotda, sharhlovchilar tomonidan ham murabbiylar tizimli va eski klassik uslubga rioya qiluvchilar sifatida ajratilishiga guvoh bo‘lamiz.

Habi Alonso va «Real» mavzusida ham bu atamaga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi, zero u nemis futbolida shakllangan tizimli murabbiy bo‘lsa, «Real»ning oldingi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti aksincha, eski maktab murabbiylarining yorqin va eng muvaffaqiyatli vakili edi. Qisqa muddatda bu qadar qutblashish tabiiyki, avvaldan bu mavzu tilga olinishiga sabab bo‘lgandi.

Xullas, eski maktab asosan futbolchilarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda taktika va uslub tanlash, ayniqsa yetakchilarning o‘zini qulay his qilishi yordamida samaraliroq foylalanishni ko‘zda tutadi va ijrochilarga imkon qadar erkinlik taqdim etadi. Bazaviy talablar – zich o‘ynash, pozitsiyalar, pressingga amal qilingan holda, muayyan vaziyatlarda improvizatsiyaga kengroq yo‘l ochiladi.

Tizimli futbolda esa birlamchi – futbolchi emas, jamoadir. Albatta, har qanday tizim ham mazkur jamoadagi futbolchilarning xususiyatlariga tayanadi va shundan kelib chiqadi. Ammo to‘p qanday egallanishidan tortib, har bir nuqtada qanday harakatlanish, to‘pni kimga yetkazish va qaysi yo‘l bilan vaziyatlar yaratish murabbiy tomonidan oldindan belgilanadi. Shu asosda jamoa uzoq mashg‘ulotlar yordamida aniq uslubni avtomatizm darajasiga olib chiqadi. Ha, biroz murakkab, ammo to‘liq ishlaganda, raqibdan qat’i nazar soatdek ishlaydigan mexanizmga aylantirish mumkin.

Taqqoslash uchun misol keltiramiz. Tasavvur qiling, bir jamoa tarkibida  o‘rtacha darajasi 7 baholik bo‘lgan 11 nafar futbolchi bor. Klassik uslubda bu jamoa har o‘yinda kamida 6, muvaffaqiyatli hollarda 8 bahoga loyiq o‘yin ko‘rsatishi mumkin. Ammo agar bu tizimlashsa, jamoa 9-10 darajadagi futbol namoyish qilishga loyiq bo‘ladi. Shu bilan birga, tizim ishlamaganda, ba’zida jamoa o‘yini 4-5 darajaga tushib ketishi ham mumkin. Shundan xulosa qilish mumkinki, tizim nisbatan kuchsizroq tarkib va futbolchilar bilan ham yaxshi ishlaydi – shu orqali umumiy darajani oshirish, o‘rtacha futbolchilar bilan ham yuqori natijalarni ko‘zlash mumkin.

Shu misol orqali «Real»ni yanada osonroq tushunamiz – Madridda doim har bir chiziqda Yevropaning eng yaxshi futbolchilari yig‘ilgan, shuning uchun klassik uslubda o‘ynash ham jamoaga katta sovrinlarni yutish uchun kifoya qilgan. O‘yin ma’lum darajadan pastga tushib ketmaydi, futbolchilar uchun qulay uslub tanlangani evaziga ichki ziddiyatlar ham bo‘lmaydi, 8-9 darajali futbolchilar doim shu darajada o‘yin ko‘rsatib, raqobatbardosh bo‘la olishadi.

Nega tizimli murabbiy «Real» uchun noqulay?

Bilasizmi, sportda sabab-oqibat prinsipi mavjud bo‘lishi juda muhim. Ma’lum natijaga erishish uchun belgilangan harakatlar majmui kerak bo‘ladi. Aytaylik, biror tezlikka ega bo‘lish uchun bir kunda falon soat mashq, falon soatlik uyqu, ma’lum diyeta va hokazolar kerak. Demak, belgilangan natijaga erishish uchun shu yo‘ldan boriladi. Hammasi oddiy.

Ammo agar shu sabab va oqibat bog‘liqligi yo‘qolib qolsa-chi? Masalan, o‘ta iste’dodli futbolchilarni bilamiz – Romario, Neymar, Ronaldinio, Gaskoyn va hokazo. Ularni nima birlashtirib turadi? Ular shundoq ham o‘ta iste’dodli bo‘lishgan, belgilangandek mashg‘ulot qilishmas, tartibli hayot tarzida yashashmagan. Mana shu teskari sabablar bilan ham mutlaqo boshqa oqibat – muvaffaqiyatga erishishgach, tabiiyki, ularning mashg‘ulotlarga bo‘lgan munosabati boshqacha bo‘ladi. Ularga har qanday muvaffaqiyat ostida ulkan mehnat yotishini tushuntira olmaysiz, chunki ulardagi g‘ayrioddiylik siz keltirgan nazariyani rad qiladi. Ana, Romario mashg‘ulot qilmasdan turib erta-yu kech tinim bilmaydigan Dungadan yaxshiroq, ana Gaskoyn bir umr aroq ichib yurib, ichmasdan diyeta qiladigan ko‘pgina futbolchilardan yaxshiroq o‘ynayapti. Nimani tushuntirasiz?

Yomon tomoni, bunday futbolchilarning faoliyati uzoq kechmaydi. Qachonki, mashg‘ulotlarga ehtiyoj sezganda, talant yetarli bo‘lmay qolgan paytda boyagi sabab-oqibat bog‘liqligiga ular ishonishmaydi. Chunki o‘z tanasida buning aksiga misol bor. Eng muhimi, ularning misoli boshqalarga ishlamasligi, aslida muvaffaqiyat kaliti bu emasligini boshqa oddiy futbolchilar tushunib yetishi kerak. Ana, Ronaldinio mashg‘ulotlarga qatnamay ham zo‘r o‘ynayapti-ku, demak oson yo‘li bor ekan-da, degan xulosa paydo bo‘lmasligi lozim.

Uzoqdan olib kelganimning sababi, «Real» klubi aynan shunday futbolchi misolining jamoa ko‘rinishidir. Yo‘q, «Real» ham doim mashg‘ulot qilgan, noto‘g‘ri ishlar qilmagan. Ammo butun dunyoda jamoalar boshqacha, tizimli futbol o‘ynayotgan paytda, xuddi diskotekadan kelib, hammadan yaxshi o‘yin ko‘rsata olgan Ronaldinio singari kelib, sovrinlarni yutavergan. Bu yerda anormallik yo‘q, zero «Real» eng yaxshi futbolchilarni va bu uslubda eng samarali bo‘lgan murabbiylarni (Mourinio, Zidan, Anchelotti) qo‘lga kirita olgandi. Boyagi misoldagi futbolchilarda muhim farq ularning xudo in’om etgan talanti bo‘lsa, «Real» misolida bu to‘g‘ri yig‘ilgan tarkib va murabbiy sababli bo‘lgan. 

Ammo yildan yilga moliyaviy tomondan inglizlar bilan kurashish qiyinlashib qoldi. Avvalgidek eng yaxshilarni yig‘ish qiyinroq va qimmatroq bo‘lib bormoqda. «Barselona»ga qarshi muhim uchrashuvlar boy berilmoqda. Anchelottini birov bog‘lab bermagan. Shu va boshqa sabablar Florentino Peresni katta islohotga, shu paytgacha «Real» uchun mutlaqo teskari bo‘lgan yo‘nalishga undadi.

Alonsoga qiyin bo‘lishi aniqmidi?

Hali ish boshlanmasdanoq Alonso to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va mavsum davomida kutilmaganda paydo bo‘lgan to‘siqlarni taxmin qilish oson edi. Bu har qanday boshqa murabbiy bilan ham sodir bo‘lishi shubhasiz, ya’ni obektiv sabablar sifatida quyidagi uch omilni keltirish mumkin.

Klublar o‘rtasida jahon chempionati. «Real» iyun-iyul oylarida klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashdi va yarimfinalgacha bordi. Taqqoslash uchun, boshqa klublar 1 iyuldan to‘liq dam olib, mavsumoldi yig‘inlarni boshlagan bo‘lsa, «Real» iyul oyi boshlarida eski mavsumni yakunlab, tanaffusga chiqib ketdi. Tabiiyki, odatdagidan qisqaroq dam olish va rejadagidek bo‘lmagan mavsumoldi yig‘inlar har qanday yangi murabbiy, ayniqsa u yangi tizimni olib kirmoqchi bo‘lganida, qiyinchilik tug‘diradi.

Jarohatlar. «Real» futbolchilari mavsum davomida anormal darajada ko‘p jarohat olishmoqda. Tabiiyki, bu kerakli o‘yin tizimini qurish uchun ham, jamoadagi o‘zaro raqobat muhitiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Vaqt. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘lib, barcha tayyorgarliklar a’lo o‘tib, hech kim jarohat olmagan taqdirda ham ma’lum tizimni jamoa o‘yiniga kiritish ma’lum vaqtni talab etadi. Jamoa real rejimda, haqiqiy o‘yin yuklamalari ostida ham sinovdan o‘tishi kerak. Hammasi hal qilingan taqdirda ham, ora-sira turli to‘siqlar chiqishi, muvaffaqiyatsiz o‘yinlar bo‘lishi, o‘sha to‘siqlar ostida bu uslub qanday ishlashi borasida tajribalar o‘tishi lozim bo‘ladi.

Yulduzlar bilan ishlash. Habi Alonsoning murabbiylik tajribasi u qadar katta emas, faqat «Bayyer»da ishlagan xolos. «Bayyer» va «Real» futbolchilarining darajasi, har ikki klubga bo‘lgan bosim farqi juda katta va bu murabbiyga yetarlicha noqulaylik tug‘dirishi aniq edi. Inqiroz uchun dastlabki zarba shu tomondan keldi.

Vinisius bilan ziddiyat

Aslida Alonso hammasini to‘g‘ri qildi. «Barselona»ga qarshi muhim o‘yinda 2:1 hisobidagi ustunlikni saqlab qolish uchun pragmatik qaror qabul qildi, Vinisiusni zaxiraga oldi. Dunyodagi yuzta jamoadan to‘qson to‘qqiztasida bo‘ladigan oddiy ish jarayoni va bu qandaydir janjal keltirib chiqarishini taxmin qilish ham mumkin emas. Habi doimgidek, «Bayyer»da o‘n marta qilgan, jamoa uchun, o‘yin uchun kerakli bo‘lgan almashtirishni amalga oshirdi.

Yuqorida tilga olingan asosiy farq mana shu yerda yuzaga chiqadi. Ha, jamoa sifatida «Real» uchun «Barselona»ni yengish eng muhimi, ammo yulduz futbolchilarda qo‘shimcha motivatsiya ham bo‘ladi. Bellinghem, Mbappe, Vinisius kabi yulduzlar mavsumni chempion bo‘lish, Chempionlar Ligasini yutish kabi maqsadlardan tashqari, aytaylik, «Oltin to‘p» olish kabi maqsadlar bilan boshlaydi. Tabiiyki, Vinisius klasikoda gol urish uchun maydonga chiqqan, o‘zi uchun juda muvaffaqiyatli va qulay kechayotgan o‘yinni hammadan avval tugatishni istamaydi. Bu yerda zinhor futbolchini oqlamayapman, uning aytganini qilish kerak, demoqchi ham emasman, ammo «Real» kabi katta klubga borar ekansan, shunchaki, sening shogirdlaring Playstation’dagi 75 baholik futbolchilardan 90 baholikka aylanib qolmaydi. Ularning manfaatlari, egolari ham kattaroq, ziddiyatliroq bo‘ladi va katta klublarda taktikadan ham ko‘proq insoniy munosabatlar, psixologiya ko‘proq ahamiyat kasb etadi.

Tizimli murabbiylarda eng ko‘p namoyon bo‘ladigan kamchilik ham shu – o‘zi va futbolchilar o‘rtasida qandaydir masofa, devor o‘rnatishdir. Kichik klublarda bu juda samarali bo‘lishi mumkin, ammo yulduzlar bilan ishlashda har bir qarorni ularga yoqadigan qilib tushuntira olish, muhitni ushlab turish ham juda muhim hisoblanadi. Sen Rodrigo bizga kerak emas deyapsanmi, uning yaqin do‘stlari bo‘lgan Vinisius va Militoaga ham bu qaroring boshqacha ta’sir qilishi mumkinligini hisobga olishing kerak. Jamoa bilan hissiy bog‘ qurish, hech bo‘lmasa, murabbiylar shtabida mana shu vazifani bajara oladigan, bosh murabbiyning g‘oyalari va qarorlarini futbolchilarga boshqacha tilda yetkazib bera oladigan kimdir bo‘lishi lozim. Shu o‘rinda «Liverpul»da Slotning muammolari Jon Heytinga ketishidan so‘ng boshlanganini eslash mumkin.

Muammo barham topdi, Vinisius uzr so‘rab, tarkibga qaytdi. Ammo natijalardagi yomonlashuv ham xuddi shundan keyin boshlandi – 8 o‘yinda atigi 2 g‘alaba. Vinisius esa uzr so‘ragani haqidagi postida Habi Alonsoning ismini umuman tilga olmadi.

Futbolchilar Alonso uslubiga qarshimi?

Agar yetarlicha ta’sirga ega bo‘lgan yulduzlarni oladigan bo‘lsak, faqat Kilian Mbappeda murabbiy bilan muammo bo‘lmasligi kerak. Chunki fransuz hujumchisi aynan Alonso qo‘l ostida juda ko‘p gollar uryapti, eng yaxshi mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda. Shuningdek, Arda Guler asosiy tarkibga qaytdi, albatta, Mastantuono, Karreras, Hausen kabi yangi xarid qilingan futbolchilar ham murabbiyga qarshi bora olmaydi.

Vinisius bilan ochiq ziddiyat bo‘ldi, Rodrigo tarkibdan deyarli chiqarildi, Valverde avvalgidek muhim futbolchi emas, Judning maydondagi pozitsiyasi bilan ham muammolar bor – avvaliga u raqib jarima maydonidan uzoqlashdi, keyin Guler bilan bir paytda samarali tandem bo‘la olishmayapti. Ya’ni qarshi tomonning ham salmog‘i katta.

Endi Anchelotti davri bilan asosiy farqni aytaman. Italiyalik murabbiy aksariyat o‘yinlarda futbolchilar zavq oladigan, ularga qulay bo‘lgan uslubni tanlar, «Real» aksariyat o‘yinlarda yulduzlarning malakasi hisobiga yutib ketardi. «Barselona», «Manchester Siti», «Arsenal»ga qarshi katta o‘yinlarda esa ishonchli o‘ynash qiyinlashar, agar futbolchilar katta sahnaga chiqa olsa, yaxshi, mabodo o‘yin qovushmasa, imkoniyat pasayib ketardi.

Alonso o‘z tizimi bilan har qanday jamoaga qarshi tashabbuskor, o‘z o‘yinini ko‘rsata olishni o‘rgatdi – «Barselona»ga qarshi bu tizim ish berdi ham. Futbolchilar ham nihoyat «Barselona»ni ustunlik bilan yenga olishganidan xursand bo‘lishgan, tizimga bo‘lgan ishonch ortgan bo‘lishi kerak. Ammo muammo «Elche» yoki «Selta» kabi raqiblarga qarshi o‘yinlarda qalqib chiqadi. Alonso faqat katta o‘yinlarni yutishni o‘rgatib, kichik o‘yinlarda o‘zidan Anchelottini «yoqib» ololmaydi. Tizimmi, demak hamma o‘yinda shunday o‘ynash kerak, «Elche» bilan ham tinmay yugurish, pressing qilish kerak. Odatda «Elche»ni boshqacha, osonroq va qulay yo‘l bilan yutib yurgan yulduzlarga endi bu ko‘rsatmalar yoqavermaydi. Maydon chetida to‘pni egallagan Vinisius uni jarima maydoniga Alonso aytgan yo‘l bilan emas, o‘zi bilganicha olib bormoqchi bo‘ladi. To‘pni egallash uchun uning orqasidan yugurish shart emas, biroz sabr qilib, o‘rta blok qo‘ysak, shundoq ham olib qo‘yamiz-ku, deb o‘ylay boshlashadi. Ziddiyat mana shu yerda.

Nega boshqa jamoalarda bunday muammo yo‘q?

Shu yerda Habi Alonsoning Madridga kelish vaqti ham biroz noqulay bo‘lganini inobatga olish kerak. Nega «Arsenal» yulduzlari Artetaga qarshi shunday qarshi chiqishmaydi? Chunki Saka bo‘ladimi, Raysmi, har kim har qancha yulduz bo‘lmasin, bu darajaga aynan Arteta bilan, Artetaning uslubi, tizimi yordamida chiqishdi. «PSJ»da sakkiz nafar futbolchi «Oltin to‘p» nomzodlari qatoriga kirdi, hammasi Luis Enrike qo‘l ostida o‘ynab.

Alonso Madridda boshqarishi kerak bo‘lgan tarkib esa Alonsosiz, ayni paytda u taklif qilayotgan tizimga mutlaqo teskari bo‘lgan tizimda Chempionlar Ligasini ham, Ispaniya chempionatini ham yutgan. Alonso faqat mana bunaqa qilsakkina biz Chempionlar Ligasini yutamiz, deb singdira olmaydi. Bu bilan futbolchilarni noprofessionalizmda ayblamoqchi emasman, ammo ziddiyatlar bo‘lganida o‘rtadagi mana shu ishonchsizlik qalqib chiqishi mumkinligini tushunish kerak. Devid Moyyes kelganida «MYu» futbolchilari uning barcha aytganini qilganiga, professional shaklda shug‘ullanganiga shubha yo‘q, ammo natijalar yomonlashganda, qandaydir ziddiyatlar paydo bo‘lganda Moyyesning futbolchilardan farqli ravishda shunchaki «Everton»dan kelgani ham rol o‘ynagani shubhasiz.

Aytaylik, bu ish ancha ertaroq, masalan, «Real» bir tarkib bilan barcha turnirlarni yutib, Ronaldu, Beyl, Benzema, Kazemiro kabi yulduzlar bilan xayrlashib, yangi futbolchilar bilan birga Alonsoni olib kelib, endi yangi yo‘ldan boramiz, degan g‘oya bilan sodir bo‘lganda, hammasi boshqacha kechishi mumkin edi. Ammo Alonso tayyor o‘ynab turgan, yutib yurgan tarkibga keldi. Yulduzlar ham Modrich, Kroos yo Benzema kabi yangi murabbiyga yordamchi bo‘lib yoniga kiradigan, g‘oyalarni yoshlarga singdirib, estafetani beradiganlar emas, ancha toksik futbolchilar. Vinisiusni taniymiz, Mbappega tegib bo‘lmaydi, Jud yoki boshqalar ham yuqorida misol keltirgan futbolchilarga o‘xshamaydi. Qaysidir ma’noda «Real» rahbariyati mana shu yo‘nalishda biroz xato qildi.

Klub murabbiyni himoya qilmayapti

Shu bilan birga, «Real» klubi ham Alonsoni yetarlicha himoya qilmayotgandek tuyulmoqda. Esingizda bo‘lsa, Ruben Amorim eng ko‘p tanqidlar ostida qolganda «MYu» rahbari Jim Retkliff chiqib, Rubenga kamida uch yil berishini ochiq aytgandi. Shundan so‘ng jamoa o‘yinida siljish kuzatildi, turli shubha va taxminlarga o‘rin qolmadi. Shu bayonotdan keyingi 9 uchrashuvda jamoa faqat bir marta mag‘lubiyatga uchradi.

Hakamlar haqida juda ko‘p chiqishlar qiladigan Peres Habi Alonso turli mish-mishlar girdobida qolganida biror bayonot bilan vaziyatga oydinlik kiritishi, murabbiyga yordam berishi mumkin edi. Boshqa tomondan Retkliffda necha yildan beri yutqazayotgan va ko‘zni yumib almashtirib yuborish mumkin bo‘lgan tarkib, Peresda esa bir qator jahon miqyosidagi qimmatbaho aktivlar turganini ham inobatga olish kerak. Tabiiyki, bu holatda murabbiyni bo‘shatish eng arzon va xavfsiz yo‘l.

Endi nima bo‘ladi?

Odatda, iste’fo haqida gap chiqib, murabbiyga muhlatlar berila boshlandimi, bu uzoqqa bormaydi. O‘zi berilgan vaqt yetarli emasligi va katta bosim ostida ekanini bilgan murabbiy o‘z g‘oyalariga ters bo‘lgan qarorlarni qabul qilishni, futbolchilarga tayanishni boshlaydi. Ba’zi murabbiylar shunday shartlarda natijalarni yaxshilab, o‘zi uchun vaqtni cho‘zishi, holatdan chiqib ketishi ham mumkin. Ammo aslida boshqa faoliyat bilan nom qozongan murabbiylar, xususan Habi Alonsoga bunday shartlar noqulay bo‘lishi tabiiy. U «Bayyer»da ilk o‘yinlardan katta ishonch ostida ishlagan va to u yerdan ketguncha hech qanday bosim his qilmagan. Bosim ostidagi Alonso qanchalik samarali, buni hali bilmaymiz.

Lekin «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda butunlay boshqa «Real»ni ko‘rdik. Alonso imkon qadar futbolchilarga erkinlik berdi, yutqazgan bo‘lsa-da, jamoa so‘nggi paytlardagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi, uchrashuvdan keyin bir qator futbolchilar Alonsoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, u uchun jonini berishga ham tayyor ekanini aytib chiqishdi.

Futbolchilar murabbiy uchun o‘ynashni boshladimi, demak murabbiyning taqdiri shu kundan boshlab futbolchilar qo‘liga o‘tadi. Alonso endi futbolchilarga yaxshi bo‘lishi, ular o‘zlarini yaxshi his qilishlari uchun o‘z g‘oyalaridan voz kechib turishga majbur. Habi Alonso Madridda qolgan taqdirda ham, bemalol aytish mumkinki, murabbiy Habi Alonso ketib bo‘ldi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid