«Real» – «Manchester Siti» 3:0
Gollar: Valverde, 20 (1:0). Valverde, 27 (2:0). Valverde, 42 (3:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Vinisius Junior, 58’
«Real»: Kurtua, Ryudiger, Hausen, Mendi (Garsiya, 46), Aleksandr-Arnold (Karvahal, 83), Tshuameni, Pitarch (Mastantuono, 76), Arda Guler (Kamavinga, 70), Valverde, Vinisius Junior, Dias (Manuel Anxel, 76)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Geyi, O`Rayli, Husanov, Rodri, Bernardu Silva (Ayt Nuri, 70), Doku, Savio (Reynders, 46), Holand (Marmush, 82), Semenyo (Sherki, 70)
Ogohlantirishlar: Donnarumma, 57. Ayt Nuri, 82

Chempionlar ligasi klassikasiga aylangan «Real» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi o‘yinda muxlislar bu safar ham yorqin futbol tomosha qilishdi. Madridliklar jarohatlar tufayli Mbappe, Bellinghem, Rodrigo, Militao, Alaba, Karreras va Kamavinga kabi yetakchi futbolchilaridan foydalana olmaganiga qaramay, nomdor raqibga qarshi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozonishni uddalashdi.

O‘yinni «Siti» faolroq boshladi, chap qanotda Doku bir necha bor Trentni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Belgiyalik vinger 17 daqiqa ichida uni uch marta muvaffaqiyatli aldab o‘tdi.

Ammo 20-daqiqada o‘yin kartinasi butkul o‘zgarib ketdi. Kurtua darvoza oldidan uzun pas berdi.

O‘ng qanotda oldinga tashlangan Federiko Valverde bir harakat bilan Niko O'Raylini ortda qoldirdi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi.

Donnarumma oldinga chiqib keldi, ammo xavfni bartaraf eta olmadi, urugvaylik yarimhimoyachi to‘pni uning yonidan olib o‘tdi va bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.

Yetti daqiqa o‘tib u markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘ldi va ikkinchi golni urdi: Vinisius himoya chizig‘ini kesib o‘tuvchi pas berdi, Ruben Diash to‘pni to‘sa olmadi, himoyachilar ortiga ochilgan Valverde esa Geyidan ildamroq harakat qildi va Donnarummaga imkon qoldirmadi.