1776 yildan beri dunyo qancha urushlarni ko‘rdi, yangi imperiyalar qad ko‘tardi va quladi, davlatlar yuksaldi, inqirozga uchradi, yana hammasini qayta boshlashiga to‘g‘ri keldi. Ammo shuncha vaqtdan beri bir narsa o‘zgarmaydi: AQSh. U urush-u inqirozlardan keyin ham qudratli va maftunkor.

Ammo bu o‘zgarmaslik qonuniyati qachongacha amal qiladi? AQSh nima uchun har tomonlama superderjavaga aylangan? «Amerika orzusi» nega bunchalik ommalashib ketdi? Xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert, siyosiy tahlilchi Farid Rafiq Zakariya o‘zining «Postamerika dunyosi» (The PostAmerican World) kitobida AQShning buguni va ertasi bilan bog‘liq bir qator savollarga javob izlaydi.

AQSh qanday qilib xalqaro siyosat maydonida regulyatorga aylanib qoldi va bundan keyin ham hozirgi maqomini saqlab qoladimi, boshqa davlatlar qanday qilib AQShdan o‘zib ketmoqda – muallifning bu bo‘yicha tahlil va prognozlari ham kitobda bayon etilgan.

Sharq nega G‘arbdan ortda qoldi?

Zakariya dunyo sahnasida AQSh kabi qudratli davlatning paydo bo‘lishini boshqa mamlakatlarning rivojlanish yo‘lidagi xatoliklar va ulardan chiqarilgan xulosalar bilan bog‘laydi. Axir 16-asrlarga qadar sivilizatsiyaning barcha yo‘nalishlarida Sharq peshqadam edi. Keyinchalik G‘arbiy Yevropa Renessans va Reformatsiyaga yuz tutdi va rivojlanishda o‘zib ketdi. 18-asrga kelib esa Atlantikaning narigi sohilida Sharq va G‘arbning shu nuqtaga qadar qilgan xatoliklardan chiqarilgan to‘g‘ri xulosalar asosida Amerika bunyod bo‘ldi.

Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq davlatlari g‘arb tamaddunidan ancha avvalroq gullab-yashnashni boshlagan. Gap shundaki, aksariyat Sharq davlatlarida davlat boshqaruvi tiraniya, markazlashuv, xalqni soliqlar bilan qiynashga asoslangan edi. Hukmdorlar o‘zlariga hashamatli saroylar qurib olish bilan band bo‘lishgan, infratuzilmani yaxshilash, savdo va fanni rivojlantirish haqida bosh qotirishmagan. Odamlar shaxsiy boyishdan manfaatdor emasdi, chunki davlat baribir uning pulini tortib olardi.

Sharq mamlakatlarida fuqarolik jamiyati sust rivojlangan, ko‘p jihatdan davlatga bog‘liq bo‘lib qolgan. Misol uchun, Hindistonda savdogarlar kasta iyerarxiyasining quyi bo‘g‘iniga mansub bo‘lgan, saroyning injiqliklari bilan hisoblashib ish ko‘rishga majbur bo‘lgan. Xitoyda esa savdogarlar imperator saroyiga manzur kelish uchungina istalgan daqiqada savdoni yig‘ishtirib qo‘yib, konfutsiylikni o‘rganishga berilib ketishi mumkin edi. (AQSh esa tadbirkorlar rivojlanishning asosiy richagi ekanligini ancha erta tushunib yetdi).

Yevropada esa qirol hokimiyati bu darajada markazlashgan va qudratli emasdi. Birinchidan, qirollar har doim cherkovlar bilan raqobatlashishga majbur bo‘lgan. Ikkinchidan, yerga egalik shakli aniq belgilab qo‘yilgan va bu qirolning hokimiyatini cheklab qo‘yar edi. 1215 yildayoq qabul qilingan Erkinliklar xartiyasi g‘arb dunyosining huquq haqidagi eng birinchi hujjati bo‘ldi.