O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS askarlari soni 40 mingga yetdi

2023 yilning oktyabridan buyon G‘azo sektorida HAMASni yo‘q qilish uchun harakat qilayotgan Isroil armiyasi o‘z niyatiga yeta olmagani oshkor bo‘lmoqda.

Isroil manbalarining ma’lum qilishicha, HAMAS harakati o‘z saflarini yosh ko‘ngillilar hisobidan kengaytirib, hozirda 40 ming atrofida harbiyga ega. Bu haqda Isroilning Haaretz nashri xabar bermoqda.

Urush boshlanishidan avval tashkilotda 25–30 ming atrofida jangchi bo‘lgan. Isroil maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida HAMAS hokimiyatiga jiddiy tahdid yo‘q, aholining ko‘pchiligi ularni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

HAMAS hozirgi kunda mahalliy shart-sharoitda portlovchi qurilmalar tayyorlash, qurol ishlab chiqarish va o‘z raketalarini yaratish salohiyatini shakllantirgan. Isroil harbiylari bu salohiyat frontda yanada ko‘proq qarshilik ko‘rsatish uchun ishlatilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

AQSh Yamandagi neft portiga zarba berdi

AQSh qo‘shinlari Yaman shimolidagi Ras-Isa neft portiga havodan zarba berdi. Amerikalik harbiylar port terminali to‘liq yo‘q qilinganini, u «Ansorulloh» harakati uchun asosiy daromad manbai bo‘lganini bildirdi.

Yamandagi husiychilar boshqarayotgan sog‘liqni saqlash idorasi zarbada 74 kishi halok bo‘lganini, 171 kishi yaralanganini ma’lum qildi. Halok bo‘lganlarning aksariyati port ishchilari bo‘lgan.

Husiychilar portni faqat fuqarolik maqsadlarida foydalanadigan inshoot, deb ta’riflab, hujumni «harbiy jinoyat» deb atadi. Ular bu amaliyot javobsiz qolmasligini aytmoqda. Zarba ortidan Isroil o‘z hududiga Yamandan otilgan raketa urib tushirilganini e’lon qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp martda husiychilarga qarshi havo amaliyoti boshlashni buyurgan. Ammo AQSh hozircha ularning HAMASga himoya maqsadida qilgan hujumlarini to‘xtata olmadi. Vashington hozirda husiychilarga qarshi quruqlikdan amaliyot olib borish va uni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini muhokama qilmoqda.

AQSh Suriyada harbiy bazalarni yopmoqda