O‘zbekiston | 12:25 / 15.03.2019
57252
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzax neftni qayta ishlash zavodida qurilish to‘xtadi

Foto: oilnewsagency.com

Jizzax neftni qayta ishlash zavodi qurilishi to‘xtatildi, deb ma'lumot bermoqda «Neftegazinvest» direktori o‘rinbosari Husniddin To‘rayev.

«Hozirda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan», — deb bayonot bergan u.

To‘rayevning aytishicha, zavod qurilishini qayta boshlash Buxoro va Farg‘onadagi neftni qayta ishlovchi zavodlarida modernizatsiya ishlari yakunlanishi bilan bog‘liq. U loyiha konsepsiyasida o‘zgarishlar bo‘lganiga izoh berib o‘tgan.

«Buxoro va Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Zavodlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiya 2013-14 yillardayoq ishlab chiqilgandi. Ayni paytda ishni amalga oshiruvchi lisenziatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Biz modernizatsiya hisobidan Yevro-5 standarti bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishni ko‘zlayapmiz. Bundan keyin Jizzax NQZga oid masalalar hal qilinadi», — deydi u.

2,2 milliard dollarga baholangan Jizzax neftni qayta ishlash zavodi 2021 yilda ishga tushgach, yiliga 3,7 million tonnadan ziyod motor yonilg‘isi, 700 ming tonnadan ziyod aviakerosin, 300 ming tonna boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishi aytilgandi. Zavodni «Gazprom»ning shu'basi — Enter Engineering qurishi ko‘zda tutilgan edi.

2017 yil aprelida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan Jizzax neftni qayta ishlash zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida «bu yangi zavod, hech shubhasiz, nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi noyob sanoat obektlaridan biriga aylanishi» ta'kidlangan edi. 

Avvalroq Jizzax viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yana bir loyiha — Peugeot-Citroen avtozavodi qurilishi ham to‘xtab qolgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu avtozavod 2019 yil yanvaridan mikroavtobus va yengil tijoriy avto ishlab chiqarishni boshlashi kerak edi.

Mavzuga oid