O‘zbekiston | 07:29 / 07.10.2020
17018
12 daqiqa o‘qiladi

«Yapon universitetlari kutubxonasida bo‘sh joy topish qiyin» - Tokioda o‘qib qaytgan tadqiqotchi taassurotlari

Kun.uz'ning «Xorijdagi o‘zbeklar» ruknida bu gal Yaponiyada tahsil olib qaytgan Zokir Rahimovning taassurotlari bilan tanishamiz. 37 yoshli Zokir Rahimov Namangan viloyatida tug‘ilgan, Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan. U ikki yil davomida Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiya universitetida tahsil olib, yaqinda O‘zbekistonga qaytib keldi.

Yaponiyaga borishdan oldin...

– 2004 yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutining bakalavr yo‘nalishini tamomlab, mutaxassisligim bo‘yicha Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida 4 yil ishladim. 2010–2018 yillar davomida esa Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining «Davbionazorat» inspeksiyasida bosh mutaxassis, «Eko-energiya» ilmiy-tatbiqiy markaz direktori lavozimlarida faoliyat yuritdim.

2017 yil faoliyatim yuzasidan katta konferensiyada qatnashdim. Yaponiyadan kelgan professorning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha olib borayotgan izlanishlari meni juda qiziqtirdi. Yaponiyaning rivojlanishi yo‘lida atrof-muhitga e’tibori va u yerdagi ilmiy izlanishlar maqsadimni belgilashda turtki bo‘ldi.

Shu davr ichida Yaponiyada o‘qish va bilim olish maqsadim qat’iylashdi va ilmiy ishim qaysi yo‘nalishda bo‘lishini belgiladim. Hujjatlarimni Yaponiya tomonidan beg‘araz yordam – JDS dasturiga topshirdim. IELTS va matematika imtihonlaridan o‘tib, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiya universitetining Xalqaro ekologiya va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida tahsil olishga muvaffaq bo‘ldim.

Yaponiya taassurotlari

– Yaponiyaga ilk bor kelishim edi. Bundan avval Yevropa davlatida yashab, bir muncha o‘qiganman. Bu davlat yangiliklarni kashf etishimga sabab bo‘ldi. Masalan, odamlarda bir-biriga bo‘lgan hurmat, «kechirasiz», «uzr», «katta rahmat» so‘zlarining juda ko‘p ishlatilishi. Maktab oldidagi bekatlarda o‘quvchilar darsdan so‘ng qator bo‘lib avtobusga chiqish uchun navbat kutib turishlari meni ajablantirdi.

Xuddi shu navbatda turish madaniyati bu yerda yoshlik davridan o‘rgatilishi va barchaga hurmatda bo‘lishlarini kuzatdim. Meni eng hayron qoldirgan jihati – yaponiyaliklar juda ishonuvchan bo‘lishi. Siz aytgan har bir gapga ishonishadi. Yaponlarning ana shu ishonuvchanligi chet davlatlarga chiqqanda o‘zlariga pand berishini ham angladim.

Rivojlanish va iqtisodiy o‘sish – ta’lim tizimi bilan bog‘liq

– Men Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlari qay tarzda rivojlandi, taraqqiy etishda katalizator vazifasini o‘tagan omillar nimalardan iborat, degan savollarning javoblariga qiziqdim.

Har bir rivojlanish va iqtisodiy o‘sish – ta’lim tizimi, ilmiy izlanishlar bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rdim.

To‘g‘ri, ta’lim, ilmiy izlanishlarga e’tibor dolzarb ekanini bilamiz, deyishingiz mumkin. Biroq Yaponiyani ajratib turadigan jihat bu – maktabda bilim berayotgan o‘qituvchi va oilada ta’lim-tarbiya berayotgan ota-ona gaplarining bir xilligida.

Yaponiyada 1-sinfdan to 4-sinfgacha bolalarga baho qo‘yilmaydi. Shu davr ichida tarbiyaga, madaniyatga ko‘proq e’tibor beriladi. Sinf xonalarini ham bolalarning o‘zlari yuvishadi, tozalashadi.

Community, ya’ni jamoa bo‘lib ishlash va o‘quvchilarni shunga o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Men bu bilan yapon o‘qish tizimini baholashdan yiroqman. Chunki bu tizimning o‘ziga xos salbiy jihatlari ham bor. Masalan, bolalarda liderlikning so‘ndirilishi. Masalani yechish kerak bo‘lgan paytda o‘z zimmasiga mas’uliyatni ola olmaslik ham kuzatiladi.

Atrof-muhit va ekologiyaga bo‘lgan e’tibor yuqori

Yaponiyada atrof-muhit va ekologiyaga bo‘lgan e’tibor juda yuqori darajada. Chunki 60-yillar, ayni rivojlanish davri boshlanishi arafasida zavodlar tomonidan atmosfera va daryolarga zararli moddalarni chiqarish ko‘paygan.

Minamata kasalligi kelib chiqishi davlatni ekologiya siyosatini qayta ko‘rib chiqishga undagan. Yaqin o‘tmishda bu mamlakatda o‘rmonlar kesilmay kelyapti. Ular muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sirasiga kiradi. Milliy bog‘lar va tabiiy hududlarda ekologik turizm rivojlangan. Odamlar shanba va yakshanba kunlari kelib, tabiat qo‘ynida dam olishlari odat tusiga kirgan.

O‘zbekistonda ham muhofaza etiladigan hududlar, milliy bog‘ va ekomarkazlar ko‘p. Bu bizning qonunchiligimizda ham ko‘zda tutilgan. Ana shu tizimni bizda ham ommalashtirish mumkin. Ana shunday bu kabi hududlar ilmiy ishlar uchun ham mablag‘ topishga erishadi.

Sog‘liqni saqlash tizimi Yaponiyada taraqqiy etgan mamlakatlarda bo‘lgani kabi qimmat. Mazkur sohada sug‘urta kompaniyalari faol. Sog‘liqni saqlash tizimi borasida menda ikki xil tasavvur vujudga keldi. Birinchisi, O‘zbekiston bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, O‘zbekistonda shifokorlar tezkor yordam ko‘rsatishadi, muolajalar qilishadi, ayrim dori va muolajalar bepul taqdim etiladi. Yaponiyada men bilan shunday holat yuz berdi: universitetda futbol o‘ynash vaqtida yiqilib tushdim, qo‘lim biroz lat yedi. Vrachga murojaat qildim, u qo‘limni ko‘rib, spirtli plastir qo‘ydi. Oradan 3-4 kun o‘tib, qo‘lim oz-moz shishdi, og‘riq qolmadi. Shifokorga borib, qo‘limni bog‘lash kerakligi, og‘riq qolmayotganini ko‘p marta ta’kidlaganimdan keyingina u harakatga tushdi. Xuddi shunga o‘xshash holat do‘stimda ham kuzatildi. U bir dona tishini davolatish uchun 6 oy davomida tish shifokoriga qatnadi. Bu vaqt davomida uning og‘riq bilan yurgan paytlarini ham kuzatdim.

Ovqatlanish tarzi – uzoq umr ko‘rishning asl sababchisi

– Yapon xalqi ovqatlanishga katta ahamiyat beradi. Bu yerda uzoq umr ko‘ruvchilar soni nima uchun ko‘p, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, 70-yillarda Yaponiyada qon bosimi, yurak bilan bog‘liq kasalliklar ko‘paygani bois, izlanishlardan so‘ng tuzni ko‘p miqdorda iste’mol qilish ana shu kasalliklarga sabab bo‘layotgani isbotlangan. Tuz davlat tomonidan tarqatilishi joriy etilgan, uni iste’mol qilish miqdori kamaytirilgan. Bu esa o‘z natijasini bergan.

Yaponiya universitetlari kutubxonasida bo‘sh joy topish mushkul

– Bu yerda bolalar o‘zlari qiziqqan yo‘nalishdagi universitetga o‘qishga kirish uchun fanlardan yozma va testlar topshirishadi. Universitetda budjet o‘rinlar yo‘q. Yapon talabalarining o‘qish pullarini ayrim hollarda ularning ota-onalari to‘lashsa, ba’zida ularning o‘zlari restoran va do‘konlarda ishlab topishadi.

Yaponiyada talabalar uchun universitet tomonidan barcha sharoitlar hozirlangan. Kutubxonalarda bo‘sh o‘rin topish qiyin. Shuning uchun joylarni oldindan band qilish tizimi joriy etilgan. Internet orqali kitob va maqolalarni topib o‘qish ommalashgan.

Talabalar tomonidan tanlangan ilmiy ishlar asoslanganligi va izlanishlar davomida olingan natijaga asoslanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Men ham o‘z ilmiy ishim bo‘yicha ma’lumotlar olib, tahlil qilishim va o‘zimga biriktirilgan professorga taqdim etishim kerak bo‘ldi. Bunda ANOVA va shunga o‘xshash maxsus dasturlarni bilmaganim uchun biroz qiynaldim. Yapon do‘stlarimning yordami bilan uni tushunib olishga erishdim.

ANOVA dasturi orqali tahlil qilishni o‘rgandim. Bizning institutlarda ham shunga ahamiyat bergan holda o‘qitishlarini juda ham istardim. Chunki har bir yoqlanayotgan diplom ishi tahlil natijasida yoziladi va talabaning olgan ma’lumotlariga tayanib, himoya qilinadi.

Universitetlarda sportga ham alohida e’tibor qaratilgan va barcha sharoitlar yaratilgan. O‘z vaqtingizga qarab, haftada 2-3 marta sport zaliga borish imkoniyatiga egasiz. Bundan tashqari, universitet hayotida turli tanlov va chiqishlar ommalashgan. Bu sizga do‘stlar orttirish imkonini beradi.

Talaba o‘qishni tamomlashidan 6 oy oldin qaysi kompaniya yoki idorada ishlashi aniqlanadi. Universitetga turli kompaniya va tashkilot vakillari kelib, talabalarni ishga taklif etadi. Talaba o‘qishni bitirib, qayerga ishga borsam ekan, demaydi. Ilmiy ishini tatbiq etish borasida o‘zi uchun qiziq bo‘lgan kompaniyaga ishga kiradi.

Yana bir qiziq jihati – universitetda ishlab kelayotgan, faoliyatida davomida muayyan mezonlarga asoslanib, magistrant va PhD talabalar chiqargan, turli maqolalari chop etilgan professorlar saylov natijasida universitet prezidenti, ya’ni rektor etib saylanadi.

O‘qituvchi xodimlar bilan shartnoma tuziladi. Ular ana shu hujjat asosida faoliyat yuritadi. Yana bir muhim jihati – har uch yilda universitet boshqaruv xodimlari – prezidenti va vitse prezidentlari ishdan ketishadi, ya’ni o‘zgarish yuz beradi.

O‘zbekiston bilan taqqoslaganda...

– Har bir narsaning o‘z ijobiy va salbiy tomonlari bo‘ladi. Men xursand qilgan va faxrlanishimga sabab bo‘lgani shuki, O‘zbekistonda maktab, institutda o‘qitish tizimining o‘ziga xosligi, hayotiy tajribaning kengligi, tarix, kimyo, biologiya, geografiya fanlarini bilishimiz boshqa talabalar orasida ustunlikka ega ekanimizni ko‘rsatdi, deb o‘ylayman.

Yaponiyaga kelmoqchi bo‘lgan talabalarga maslahatim – kelishdan oldin bu davlatning madaniyati, tarixini yaxshilab o‘rganish kerak. Eng muhimi, o‘z maqsadlarini aniq qilib olishlari zarur deb o‘ylayman. Bundan tashqari, borgan davlatlarining qonun va talablarini bajarishga ahamiyat berishlarini so‘ragan bo‘lardim.

Maqsad – olingan bilimlarni hayotga tatbiq etish

Ikki yil ichida oila va o‘zbek millati qadriyatlari nihoyatda ahamiyatli ekani, ota-ona va vatan sog‘inchi naqadar kuchli ekanini his etdim. Nazarimda, Yaponiya taraqqiy etgani sayin ota-ona, qarindosh va umuman odamlar orasida mehr kamayib borayotganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, o‘zimizning milliy taomlarni sog‘indim.

Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiya universitetida ikki yil davomida ko‘p narsani o‘rgandim. O‘zbekistonda men olgan tajriba qo‘l keladi, deb o‘ylayman. Xalqaro loyihalarni amalga oshirish, umuman, atrof-muhit, ekologiyaga oid loyihalarni yozishda nimalarga e’tibor qaratilishi chuqur o‘rgatildi. O‘rmonlarni rivojlantirish, bioxilma-xillikni asrash uchun qanday xalqaro metodologiyalar ishlab chiqishimiz zarurligini, grant beruvchi tashkilotlar bilan ishlash, ularga loyihalarni qanday taqdim etish kerakligini o‘rgandim. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarimizda boshqarish rejalarini joriy etish naqadar dolzarb ekanini angladim. Olgan bilimimni O‘zbekistonda tatbiq etish niyatidaman.

O‘ylashimcha, biz nafaqat Yaponiya tajribasini qo‘llashimiz, balki bu yo‘lda rivojlangan davlatlarni o‘rganib, ularning tajribasini tahlil qilib, bizga mos keladigan taraflarini olib, tatbiq etish tarafdoriman. Chunki iqlim, madaniyat kabi muayyan jihatlari to‘g‘ri kelmasligini unutmasligimiz kerak.

Qishloq xo‘jaligi rivojida ayniqsa genetikaga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishimiz kerak, deb o‘ylayman. Masalan, men tahsil olgan yapon universitetida makkajo‘xori ekib, uni parvarish qilish va natijada yaxshi hosil olish uchun ter to‘kib, ilmiy ishlar yoqlashganiga guvoh bo‘ldim. Bu borada genetikaning o‘rni ahamiyatli deb hisoblanishini kuzatdim. Shuningdek, suvni tejash texnologiyalari joriy etilishini Afrika mamlakatlarida olib borilayotgan loyihalarda ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim.

Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid