Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kitob o‘qish orqali ozodlikka va Jizzaxda tug‘uruqxonadan o‘g‘irlangan chaqaloq – mahalliy dayjest
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun QQS nol stavkaga tushiriladigan bo‘ldi. Senator mobil aloqa operatorlari abonentlar mablag‘ini ularning roziligisiz yechib olayotganini aytdi. Kitob o‘qigan mahkumning qamoq muddati qisqartirilishi mumkin. Navoiy viloyatida maktab bitiruvchilarining qariyb yarmi talaba bo‘ldi. Jizzaxdagi tug‘uruqxonada egizak chaqaloqlardan biri o‘g‘irlab ketildi. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun QQS nol stavkaga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, qishloq xo‘jaligida hamon yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori, oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foizni tashkil etmoqda.
Davlat rahbari bu borada dehqon va fermerlarga qulaylik yaratish, soliq yukini yengillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.
Ta’kidlanishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi.
Mobil aloqa operatorlari abonentlar mablag‘ini ularning roziligisiz yechib olmoqda
So‘nggi paytda mobil aloqa operatorlari tomonidan abonentlarning roziligisiz, xabardorligisiz pulli SMS va xizmatlarga ularni avtomatik tarzda ulash holatlari ko‘plab kuzatilmoqda. Bu haqda Senatning yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov ma’lum qildi.
«Huquqiy bo‘shliqlar yoki boshqa sabablar oqibatida abonentlar ko‘rayotgan zarar uchun kim javob berishi kerak? Bizningcha, bu muammoga yechim topish lozim. Aks holda, go‘yo arzimasdek ko‘ringan, ammo fuqarolarning milliardlab mablag‘ini ularning ixtiyorisiz ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun so‘ramay olib qo‘yaverish katta muammoga aylanib, qonunbuzarliklarga yanada keng yo‘l ochadi. Bunday muammolar aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir qilishi bilan ham dolzarbdir», dedi senator.
Burhonov so‘zining yakunida bu holatni tartibga solish maqsadida huquqiy me’yoriy hujjat ishlab chiqish uchun qo‘mita yordamga tayyor ekanini aytdi.
Kitob o‘qigan mahkumning qamoq muddati qisqartiriladi
Senatning o‘ninchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ma’qullandi.
Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksi shaxs tuzalish yo‘liga o‘tgani munosabati bilan jazoni o‘tash muddatini qisqartirishni nazarda tutuvchi 741-modda bilan to‘ldiriladi.
Bunda mahkum Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qisa va ushbu kitoblarni o‘qigani fakti tasdiqlansa, jazoni o‘tash muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan 30 kungacha Komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Navoiy viloyatida maktab bitiruvchilarining qariyb yarmi talaba bo‘ldi
2025 yilda O‘zbekistonda 438 869 nafar o‘quvchi maktabni bitirgan. Ularning 327 673 nafari test sinovlarida ishtirok etgan. Shundan 113 176 nafari, ya’ni 25,8 foizi talabaga aylangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3,5 foizga oshgan.
Hududlar kesimida Navoiy viloyati yetakchilik qilgan: test sinovlarida qatnashgan bitiruvchilarning qariyb yarmi, ya’ni 48,4 foizi o‘qishga kirgan. Keyingi o‘rinlarni 38,2 foiz bilan Buxoro viloyati hamda 32,4 foiz bilan Jizzax viloyati egallagani ma’lum bo‘ldi.
Talaba bo‘ldingizmi? Yotoqxonaga qanday joylashish mumkin, kimning navbati birinchi keladi?
3 sentabr kuni oliygohlarda 1-kurs talabalari uchun darslar boshlandi. Yuqori bosqichlar uchun o‘quv yili 8 sentabrdan boshlanadi.
Har o‘quv yili boshlanishi bilan yashash joyidan uzoqda ta’lim oluvchilar uchun yotoqxona yoki ijaraga turar joy topish masalasi dolzarblashib qoladi.
Talabalar my.gov.uz sayti/ilovasi orqali yoki davlat xizmatlari markaziga borgan holda ariza jo‘natib, yotoqxona uchun navbatga yozilishi mumkin. Bunda imtiyozli va umumiy ro‘yxatdagi nomzodlar ketma-ket ko‘rib chiqiladi. Xo‘sh, jarayon o‘zi qanday kechyapti? Yotoqxonaga joylashish qanchalik oson yoki qiyin? Uning to‘lovi qancha? Kun.uz materialida shu haqda so‘z boradi.
Jizzaxdagi tug‘uruqxonada egizak chaqaloqlardan biri o‘g‘irlab ketildi
Bu ishni qilgan ayol yuziga niqob taqqan holda tug‘uruqxona palatasiga kirgan va shifokor so‘rayotganini aytib, tug‘ilganiga 3 kun bo‘lgan egizak chaqaloqlardan birini ko‘tarib chiqib ketgan. Bola bir kundan so‘ng topilgan va onasiga qaytarilgan. Bolani o‘g‘irlab ketgan ayol sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilindi. Hayratlanarli jinoyat ishi tafsilotlari Kun.uz maqolasida.
Mavzuga oid
21:28 / 25.12.2025
Deputatlar yashirincha tasdiqlagan 41 trln so‘m va YHXX raddiyasi – mahalliy dayjest
21:41 / 24.12.2025
Yo‘llardagi yuzlab kameralarning internetda ochiq qoldirilishi va o‘zbek so‘mida sigareta tutatgan xorijliklar – mahalliy dayjest
21:57 / 23.12.2025
Yirik supermarketlarga ogohlantirish va sudi boshlanayotgan «Credit House» – mahalliy dayjest
23:40 / 22.12.2025