O‘zbekiston | 08:58 / 15.12.2023
3717
4 daqiqa o‘qiladi

Central Asian University'da Nobel mukofoti laureati Muhammad Yunus ishtirokida yopiq ma’ruza tashkil etiladi

21 dekabr kuni CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar zalida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, Grameen Bank asoschisi Muhammad Yunus bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Central Asian University o‘z akademik taqvimidagi muhim tadbir – Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, Grameen Bank asoschisi va global o‘zgarishlarga ulkan hissa qo‘shayotgan professor Muhammad Yunusning ma’ruzasini o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqda. Yopiq tartibdagi ma’ruzalar turkumiga kiruvchi ushbu tadbir 21 dekabr kuni soat 16:00 da Toshkentdagi CAEx Uzbekistan ko‘rgazma zalida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ma’ruza universitet talabalari, professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun maxsus tashkil etilgan bo‘lib, Yunus janoblari boshchiligida amalga oshirilayotgan innovatsiyalar va ijtimoiy o‘zgarishlar olami bilan tanishish kabi noyob imkoniyat taqdim etadi.

“Nochorlar bankiri” va “Mikromoliya otasi” degan nomlarga sazovor bo‘lgan professor Muhammad Yunus zamonamizning eng nufuzli iqtisodiy mutafakkirlaridan biri hisoblanadi. Uning mikromoliya va ijtimoiy tadbirkorlik sohasidagi faoliyati butun dunyo bo‘ylab kambag‘allikni bartaraf etish amaliyotiga keng qamrovli ta’sir o‘tkazgan.

Professor tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion yondashuv: imkoniyati cheklangan aholi qatlamiga garov talab qilmasdan kichik kreditlar taqdim etish tizimi qashshoqlikni kamaytirishga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib yubordi va dunyo bo‘ylab amaliyotda keng qo‘llanila boshladi. 2006 yilda Yunus va Grameen Bank birgalikda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni eng quyidan boshlashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun Tinchlik Nobel mukofotiga munosib deb topilgan.

Yunus janoblarining yutuqlari mikromoliyalash sohasi bilan cheklanib qolmagan. U faol ijtimoiy biznes tarafdori va qator nufuzli kitoblar, jumladan, bessellerga aylangan «Nochorlar bankiri» kitobi muallifi hamdir. Qahramonimiz o‘z shaxsiy namunasida amalga oshirgan ishlar qashshoqlikka barham berish, barqaror rivojlanishga erishish va butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar hayotini o‘zgartirishga qaratilgan global harakat vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.

Bo‘lajak ma’ruza Markaziy Osiyo universiteti hamjamiyati uchun dunyoni yangi bosqichga olib chiqa olgan jahon yetakchisidan qimmatli bilim va maslahatlar olish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatdir. Yunus janoblarining hayot yo‘li — faqat iqtisodiy nazariya yoki amaliyot haqida emas; bu dunyoning eng dolzarb muammolarini hal etishda innovatsion fikrlash va mehr-shafqat kuchi qanchalik ahamiyatga ega ekanligidan dalolat berib turadi.

Muhammad Yunusning bo‘lajak ma’ruzasi kabi tadbirlar Central Asian University o‘quv jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Ular talabalar va professor-o‘qituvchilarga ilg‘or g‘oyalar va amaliyotlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi, mintaqaning bo‘lajak yetakchilarini shakllantirishga yordam beradi, o‘z dunyoqarashini kengaytirish hamda mintaqa va dunyo uchun eng yaxshi kelajak qurish yo‘lida munosib ishtirok etish imkoniyatini taqdim etadi.

Telefon: (+998) 71−200−05−22.

Manzil: Mirzo Ulug‘bek tumani, Milliy Bog‘, 264-uy.

Veb-sayt: centralasian.uz

E-mail: info@centralasian.uz

Instagram: @cauniversity.official

Telegram: t.me/centralasianun

Reklama

Mavzuga oid