Central Asian University (CAU) tibbiyot fakultetining besh nafar talabasi norasmiy ravishda dunyodagi eng murakkab tibbiy imtihonlardan biri sanaladigan USMLE (United States Medical Licensing Examination)ning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ushbu olamshumul muvaffaqiyat CAU Tibbiyot maktabi tomonidan taqdim etilayotgan yuqori sifatli ta’lim va puxta tayyorgarlikning yaqqol isbotdir.

Talabalarning muvaffaqiyati, asosan, CAU Tibbiyot fakulteti tomonidan ishlab chiqilgan va muvofiqlashtirilgan o‘quv dasturi samarasi hisoblanadi. CAU o‘quv dasturi shunday ishlab chiqilganki, u nafaqat universitet imtihonlarida yuqori natijalarni ta’minlaydi, balki shu bilan birga USMLE Step 1 imtihonini muvaffaqiyatli topshirishingiz uchun yetarli bo‘lgan bilimni taqdim eta oladi. Buni olingan bilimlar, universitet imtihonlari hamda USMLEʼga tayyorgarlikda naqadar ahamiyatli va qadrli ekanligini alohida ta’kidlab o‘tgan talabalarning so‘zlari ham tasdiqlaydi.

USMLEʼning o‘ziga xos xususiyati nimada va nega u dunyodagi eng murakkab imtihonlardan biri hisoblanadi?

USMLE Step 1 — bu asosiy tibbiy bilimlar va uni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini baholovchi ko‘p bosqichli imtihonning birinchi bosqichi hisoblanadi. Imtihon Qo‘shma Shtatlarda tibbiy litsenziya olish uchun majburiy sanalib, talabalardan nafaqat keng nazariy bilimga ega bo‘lishni, balki ushbu bilimlarni klinik amaliyotda qo‘llay olish qobiliyatini ham talab qiladi. USMLE Step 1 dunyodagi eng murakkab imtihonlardan biri hisoblanishining bir nechta sabablari mavjud:

Davomiylik va qamrov: Sinov sakkiz soat davom etadi va tibbiyot fanlarining barcha jabhalarini qamrab oluvchi, ham aqliy, ham jismoniy chidamlilikni talab qiluvchi turli savollardan iborat bo‘ladi.

Materialning keng qamrovi: Talabalar tibbiy ta’limning birinchi va ikkinchi yiliga teng bo‘lgan barcha asosiy tibbiyot fanlari bo‘yicha to‘liq bilimga ega bo‘lishlari lozim.

Qattiq nazorat: Imtihon jarayoni kuchli nazorat ostida bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar kameraga yozib olinadi, ularning cho‘ntaklari, kiyim-kechaklari tekshiriladi hamda imtihon jarayonida ham kuzatib boriladi.

USMLE imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan o‘zbekistonlik talabalar foizi past bo‘lib kelayotganligi sababli,  CAU talabalarining yutuqlari ayniqsa muhim va e’tirofga munosibdir.