O‘zbekiston | 14:08 / 16.02.2023
21099
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent uchun sotib olinayotgan mingta avtobusdan 200 tasi 18 metrli bo‘ladi

Shu oy oxiridan boshlab aprelgacha Toshkentga Xitoydan mingta yangi avtobus olib kelinadi. Ulardan 700 tasi gazda yuradi, 300 tasi elektromobil bo‘ladi. Ayni paytda, Fransiya kompaniyasi Shimoliy vokzaldan Yangi O‘zbekiston bog‘igacha tramvay liniyasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqyapti. Bular haqida Kun.uz savoliga javoban “Toshshahartransxizmat” mas’ul xodimi ma’lum qildi.

“Toshshahartransxizmat” AJ Marketing loyihalar va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi xodimi Ikrom Shodiyev aprelga qadar shaharga olib kelinishi kutilayotgan ming dona yangi avtobus haqida Kun.uz muxbiriga ma’lumot berdi.

Uning aytishicha, hozirda bu borada Xitoy kompaniyalari bilan shartnomalar tuzilib, kelishuvlarga erishilgan.

— Shahar havosiga jamoat transportidan chiqadigan zararli moddalar miqdorini kamaytirish maqsadida, jamoat transportini yangilash dasturi asosida shu yil birinchi choragi davomida ming dona yangi, zamonaviy avtobus xarid qilinishi belgilangan. Mana shu ming dona avtobuslardan 700 tasi siqilgan tabiiy gazda, 300 tasi esa to‘liq elektrda yuradi (elektrobus). Bu avtobuslar keltirilib, yo‘nalishlarga chiqarilganida shahar havosiga jamoat transportidan chiqadigan zararli moddalarning miqdori bir necha barobar kamayishi uchun imkoniyat yaratiladi. Yangi avtobus yo‘nalishlari ham ochiladi.

Mingta avtobusning 200 tasi 18 metrli uzunlikda bo‘ladi, ular yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan yo‘nalishlarga qo‘yiladi.

Avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda shartnomalar ham imzolangan. Xitoyning “King Long” va “Yutong” degan kompaniyalari bilan shartnomalar tuzilgan. Bular asosida fevralning oxiridan boshlab avtobuslar kelishi rejalashtirilgan.

Ilgari yiliga 100-200 ta avtobus olib kelinardi, 1 yilning o‘zida ming dona kelishi katta miqdor hisoblanadi. Bu transportlar shahar aholisiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga, yangi yo‘nalishlar ochishga katta yordam beradi.

— Shartnoma qiymatini ochiqlay olasizmi?

— Tijoriy sir bo‘lgani uchun, uzr, buni aniqlashning iloji yo‘q. Lekin bir narsani aytib o‘taman, shartnomalarni tuzish uchun transport vaziri boshchiligida ishchi guruh, ya’ni maxsus xarid komissiyasi tuzilgan. Bu ishchi guruh XXRga borgan holda ishlab chiqaruvchi 8 ta zavodning hammasiga kirgan, salohiyati va imkoniyatini o‘rganib chiqqan, ularning qanchalik sifatliligini aniqlash maqsadida o‘sha joyning o‘zida ishlatib ham ko‘rgan. Xarid qilinayotgan avtobuslar bo‘yicha boshqalarning fikri ham o‘rganilgan. O‘rganishlar natijasida mana shu “Yutong” va “King Long” degan kompaniyalardan avtobus xarid qilishga kelishilgan.

King Long kompaniyasining bo‘g‘inli avtobusi / Foto: China Buses

Bir narsani ham aytish joizki, avtobuslar juda katta chegirma bilan sotib olinmoqda. Mingta avtobus uchun tuzilgan 3 ta shartnomadan tashqari, Xitoydagi o‘sha zavodlar shu qiymatning ichida beg‘araz tarzda 2 ta 18 metrli, 2 ta 12 metrli elektrobus beryapti; bundan tashqari, Toshkent shahrida to‘liq jihozlangan servis stansiyalari tashkil etish va avtobuslarni avtomat yuvish uskunalari ham beg‘araz beriladi, ya’ni shartnoma qiymatining ichida. Qolaversa, shartnoma qiymatining 1 foizi miqdorida (bir necha million dollar to‘g‘risida gap ketyapti), ehtiyot qismlarini berishi ham kelishilgan.0

Yil davomida bu kabi avtobuslar sifat jihatdan yaxshiligini, yo‘lovchi tashish uchun qulay ekani hamda tasarruf xarajatlarining kamligini ko‘rsatdi. Oldin bu yo‘nalishlarda “Mercedes Benz” yoki “Man” rusumli avtobuslar ishlatilgan bo‘lsa, ular iqtisodiy zarar bilan ishlagan. 2022 yilda xuddi shu yo‘nalishlarga elektrobuslar chiqarilishi natijasida, jamoat transporti cheklangan tarif asosida xizmat ko‘rsatishiga qaramay, daromad bilan chiqilgan.

Foto: Busworld

— Hozirgi “Mercedes Benz” va “Man” rusumli avtobuslar nima bo‘ladi? Hozirda harakat tarkiblari ichida ularning ulushi qancha?

— Hozirgi kunda “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibida 8 ta avtobus saroyi mavjud bo‘lib, jami avtobuslar soni 1,5 ming atrofida bo‘lsa, shularning 500 tasi – “Mercedes Benz” avtobuslaridir. Bu avtobuslar 2009 yildan boshlab xarid qilingan. Ya’ni ular orasida muddati 10 yildan oshib ketganlari ham bor. Amaldagi qonunchilik bo‘yicha 15 yil tasarruf etilgan avtobuslarga litsenziya varaqalari berilmaydi. Bu degani, mazkur avtobuslar yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatishi mumkin emas. Texnik va yo‘lovchilar xavfsizligi nuqtayi nazaridan ko‘pchiligi o‘z salohiyatini yo‘qotgan. Shu sababli “Mercedes Benz” avtobuslarining 200 taga yaqini eskiligi, ta’mirlash uchun ko‘p mablag‘ zarurligi, samarasiz ekani inobatga olingan holda hisobdan chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

— Tramvay haqida ham ma’lumot berolasizmi? O‘tgan yil oxirida prezident davlat tashrifi bilan Fransiyaga borganida tramvay liniyasini fransuzlar qurishi aytildi. Bu loyiha qaysi bosqichda, texnik-iqtisodiy asoslari belgilandimi?

— Tramvay liniyasi bo‘yicha hozir bitta aniqroq reja belgilangan: Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab, Shimoliy vokzalgacha. Loyiha bo‘yicha Fransiyaning Alstom kompaniyasi bilan birgalikda Transport vazirligi, “Toshshahartransxizmat” hamda shahar hokimligi o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda. Shu yilning yanvar oyida ularning delegatsiyasi Toshkentga kelishdi, yana muzokaralar olib borildi. Hozirda loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha Alstom kompaniyasi tomonidan ishlar olib boryapti. Bu birdaniga bo‘ladigan ish emas, hisob-kitoblar ancha vaqtni talab qiladi. Tramvay yo‘lini qurish o‘zi emas. Ko‘p narsani hisobga olish kerak, shuning uchun 1-2 oyda bu asoslarni ishlab chiqish mumkin emas.

Alstom kompaniyasi taklif etayotgan tramvay choksiz liniya bo‘ladi. Oldin Toshkentda harakatlangan tramvaylar relsda yurganda ovoz chiqardi, yangilarining choki bo‘lmasligi hisobiga ovozsiz yuradi. Hammasi past polli, juda ham qulay tramvaylar bo‘ladi. Bu jarayonda O‘zbekistonning iqlim sharoiti, seysmik tomonlarni ham hisobga olish kerak bo‘ladi.

— Tramvay yo‘nalishining Yangi O‘zbekiston bog‘iga qadar qurilishini qanchalik to‘g‘ri deb hisoblaysiz? Chunki bu bog‘ shahar markazidan ancha chekkaroqda joylashgan, u yerga hamma ham boravermaydi.

— Aytish joizki, Yangi O‘zbekiston bog‘i deyilganda hozirgi holat nazarda tutilmaydi. Bu ishlar oldinni ko‘rib qilinmoqda. Reja bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston” bog‘i tomonlarda katta qurilishlar qilinishi kutilyapti. Olimpiya majmuasi qurilyapti, bundan xabaringiz bor. Uning atrofida boshqa turar joylar, boshqa binolar ham quriladi. Ya’ni bir necha yillardan keyin bu ko‘chalar gavjumlashadi, ko‘plab turar joylar, boshqa binolar joylashgan mavze bo‘ladi. Shuning uchun birinchi bosqichda bu yo‘nalishning qurilishi to‘g‘ri deb hisoblanadi. Bundan tashqari, yana boshqa bosqichlar ham bor.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Asror Almurodov.

Mavzuga oid