«Hududingda kimdir vafot etsa, tobutini ko‘tar, shunda hurmat qilishadi» – Almatov ichki ishlar organi xodimlarining o‘rni haqida gapirdi
Kun.uz sizni qiziqtirgan mavzularda suhbatlar uyushtirishda davom etadi. Bu galgi suhbatdoshimiz O‘zbekistonning eng taniqli insonlaridan biri, 15 yil davomida Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan general-polkovnik Zokirjon Almatov bo‘ldi. Ayni damda Ichki ishlar vazirining maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan suhbatdoshimiz bilan jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar va ichki ishlar organi xodimlarining o‘zaro munosabatlari va yana ko‘plab mavzularda gaplashdik.
– Bir muammo borki, unga IIV ham, umuman, jamiyat ham e'tibor bermayotgandek. Bu – oila ichidagi zo‘ravonlik. Mentalitetimizda oila muqaddasligi aytiladi va oilaviy mojarolar bo‘lsa, doim yarashtirishga harakat bo‘ladi. Oqibatda eridan doimiy kaltak yeydigan ayol dodini kimga aytishni bilmay qoladi va o‘zini osishgacha boradi... Oilani saqlab qolish uchun mana shu davomli zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib qo‘yayotgandekmiz... Bu borada oltin o‘rtaliqni topish vaqti kelmadimi?
– Yuqorida ishsizlikni yo‘qotish haqida gapirdik, bu ko‘p janjallarga sabab bo‘ladi. Oilaviy janjallar qanday oqibatlarga olib kelayotganini o‘qib odam ezilib ketadi. Shu uchun hukumat ham oilaga jiddiy e'tibor beryapti, kambag‘allikni, ishsizlikni yo‘qotishga harakat qilyapti. Aqli raso odam tarbiyani avvalo o‘zidan, farzandlaridan boshlaydi, o‘qitadi, bilim beradi. Ammo ota farzandi bilan araq ichib o‘tirsa, pichoq ko‘tarib o‘g‘liga ursa yoki o‘g‘li pichoqni otasiga ursa... bu qanaqa tarbiya?
O‘zbek ayoli mehnatkash, iboli. O‘zingiz o‘ylang, qaysi ayol dardini formadagi ichki ishlar xodimiga aytadi? Profilaktika inspektori o‘sha xonadonga borsa, ayol yuzini bekitib unga erim ichib keladi, meni uradi deydimi? Ayol farzandim yetim bo‘lmasin deb gap chiqarmaydi. Ular dardini xotin qizlar raisalariga aytishi mumkin. Avval dasturxonchilar bo‘lardi odamlarning uyiga kirib kim xotinini urayotganini surishtirib ularni tartibga ham chaqirardi.
Xotin-qizlar vakillari bu ishlarni qilishyapti, lekin yetarli darajada emas. Ba'zi xotin-qizlar raisalari tilla baldoq bilan kirib borib hovli supurayotgan mehnatkash ayolga nima deya oladi? Boshga ro‘molni o‘rash kerak, kirib oddiy ayolning gapini eshitsin, keyin muammoni biz bilan hal qilish yo‘lini qidirsin. Ayol kishi dardini kimga aytadi? Iboli ayolga aytadi.
Agar oiladagi erkak «odam bo‘lmaydigan bo‘lsa», ichkilikka mukkasidan ketgan bo‘lsa, biz chora ko‘rishimiz kerak, ammo avval tarbiya, keyin jarima. Men har bir oila saqlab qolinishi tarafdoriman. Jazoni ikkinchi darajaga qo‘ygan ma'qul.
– Ichki ishlar organlarining imiji shakllanishi ishchi xodimlarning harakatlariga bog‘liq. Aytaylik, biror voqeaga tezkorlik bilan munosabat bildirish ham muhim. Xalq orasida «Qonun hamma uchun bil xil emasmi?» mazmunidagi savol bejizga tarqamaydi. Ba'zi qo‘shiqchilar, xalq artistlari o‘zlariga ko‘p narsani ep ko‘rayotgandek. Ammo xuddi shu ishni oddiy odam qilsa, jazo oladi. Vaqti kelganda uni xaspo‘shlaysizlar, ruhiy zo‘riqish ta'sirida bo‘lgan ekan, deb. Bu xalq orasida paydo bo‘lgan fikr. Ularning ba'zi mulohazalari sizlarga haqoratdek tuyulsa ham kerak. Masalan, kabinetdagilar nimani ham bilardi, deyishlari. Adolat prinsiplari nimaga asoslanishi kerak?
– Qonun hamma uchun teng. Amaldorga ham, boshqaga ham. Qonunga rioya qilmaslikka hech kimning haqqi yo‘q. Amaldor bo‘ldingmi, demak ozgina farosating bor ekan. Xalqqa biror karomat ko‘rsatgan odammi, amaldormi oyog‘i yerdan uzilmasligi kerak. Odam 20-30 yil oldin kim edim deb o‘ylashi kerak. Yoki uni boshini silagan rahnamosi bo‘lganmi? Odamga aql-farosati bilan baho berish kerak. Amalni ham farosatli odamlarga bergan ma'qul.
Esingizda bo‘lsa, 1999 yilda Toshkentda portlash bo‘lgan. O‘shanda profilaktika inspektorlari, imomlar, xotin-qizlar raisalari, yozuvchilar ishtirokida «Panorama» kinoteatrida yig‘ilish o‘tkazdik va men xodimlarga gapirgandim: «Ey, baraka topgurlar, sovet davri tugadi. Bugun bilan yasha, mustaqil O‘zbekistonga xizmat qilyapmiz, shu xalq dardi bilan yashanglar. Uchastkangda, ikki yosh oila qurayotgan bo‘lsa, bir dasta gul bilan borib tabrikla, baxt tila, kimdir vafot etsa, formada bo‘lsang ham, kirib ta'ziya bildir, tobutini 5-6 qadam ko‘tarib bor, shunda xalq uchastka inspektorini biladi, o‘ziga yaqin oladi, hurmat qiladi».
Mamlakat odamlariga qulay sharoit yaratib berish uchun ko‘p ish qilyapti. Sergelida hukumat nomidan odamlarga uy topshirayotganda ular quvonchdan yig‘layotganini ko‘rdim. Yosh oilalarga uy qurish uchun yer bo‘lib berilyapti. Axir bir ota uchta o‘g‘li bilan yashayapti, ma'lum vaqtdan keyin ularni uylantirishi kerakmi? Ularga uyni qayerdan topib beradi?
Pandemiya vaqtida qancha xarajat qilindi. Yoki bo‘lmasa Sardobada minglab odamlarga uy qurib berildi. Bularning hammasi qayerdan bo‘layapti? Tabiiy boyliklarimizning ham oxiri bor. Ammo 1990 yillarda O‘zbekistondan chiqib ketib haliyam davlat to‘ntarishi qilamiz, deb yurganlar bor. Ular davlat strukturasi nimaligini, davlat siyosati nimaligini bilmaydi. VVS'ning 50 yilligida Londonda ba'zi o‘zini rahnamo deb yurganlar «Biz qalamimizni sindirdik, endi O‘zbekistonda faqat qurolli qo‘zg‘olon qilishimiz mumkin», degan.
Baraka topgur, yoshing 70dan oshib ketdi, kel avf so‘ra, mehnat qil. Hali harakat degani chiqadi, tirnoq orasidan kir qidiradi. Mustaqillik qo‘lga kiritgan vaqtimizda og‘ir damlarni boshdan kechirganmiz. Endi mustaqil bo‘lgan davlat edik, talabalar shaharchasida 30 mingdan ortiq talabani ko‘chaga olib chiqib qo‘zg‘olon qilshdi. Yoki 1999 yil Toshkentda... O‘sha voqealarni ko‘zim bilan ko‘rganman. Bir haftaga yetadigan bug‘doy rezervimiz qolgan zaxirada. Qanday qiyin vaqtlar edi. Tez orada chorasini ko‘rib, ocharchilikning oldi olindi.
Qancha machitlar ochildi. Axir sovet vaqtida 70 yil qalbimizdan Allohni chiqarishga harakatlar bo‘lgan, ateistik tarbiya berishgan, lekin xalqimiz Allohni qalbidan chiqarmadi. O‘shanda O‘zbekistonga kelgan missionerlar, islom mamlakati quramiz, deb bo‘lgan Namangandagi voqealar – hammasiga guvoh bo‘ldik. Rahbariyatning orqasidan yo‘l ochib shu kunlarga yetib keldik. Tanqid ham qilish kerak, ammo evi bilan-da. Ruslar Moskva bir kunda paydo bo‘lmagan deydi. Bo‘layotgan ishlarga chet eldan nazar solgin-da, keyin baho ber.
Meni Andijon voqealarida aybdor deb ko‘p gapirishadi. Ha, men o‘shanda shtab boshlig‘i bo‘lganman, qarorni men qabul qilganman, ammo kim o‘shanda Andijonga qurol ko‘tarib keldi? Kim chegaradan qurol bilan o‘tdi? Kim Ichki ishlar vazirligiga qarashli PPSga qurolli hujum qildi, kim harbiy qismga hujum qilib, qurol-yaroq oldi? Kim tergov hibsxonasiga hujum qilib, 500dan ortiq ashaddiy jinoyatchilarni chiqarib yubordi? Kim hokimiyat binosini egallab unga o‘t qo‘ydi? Kim yuzga yaqin sud-huquq tizimidagi xodimlarni tutqunda ushlab, ba'zilarini qatl etdi? Hukumat nima, qarab turishi kerakmidi?
Biz ularga chiqib ketinglar, dedik. Adashmasam, 34 nafar militsiya, prokuratura xodimlari halok bo‘ldi. Tez yordam xodimlari otib tashlangan. Odamlarni bo‘yniga sirtmoq solib olib chiqib ketishmoqchi bo‘lishdi. Tinch aholiga o‘q uzilgan deyishadi, yo‘q, 12 soat oldin ularning 600-700 nafar oila-a'zolarini Qirg‘izistonga chiqarvorganmiz.
Bular kelayotganda harbiy qismdagi kapitanni otib qo‘yishgan. Keyin oddiy askarlar nima qiladi? Ikki tomon o‘rtasidagi otishma sabab bitta joyda 100 kishi o‘lgan. Ularning ichida bizning xodimlar ham, terrorchilar ham bo‘lgan. Jami bo‘lib 187 kishi o‘lgan. Allohning oldida rost gapni gapiraman, bu aniq raqamlar.
30dan ortiq jurnalist O‘zbekistondagi voqeani yoritamiz deb Qirg‘iziston chegarasida paydo bo‘lgandi. Ular qayerdan kelib qoldi? Bularning hammasi O‘zbekistonda fuqarolik urushini uyushtirish uchun qilingan ishlar edi».
– Sizning davringizda qarorlarni o‘zingiz chiqargansiz. Qaror chiqarishda nimaga tayangansiz? Siz rahbar bo‘lgan vaqtingizda qaror chiqarish bilan hozirgisida farq bormi? Ijobiy yoki salbiy farq – ahamiyatsiz. Nimalarni o‘zgartirgan bo‘lardingiz, nimalarni o‘zgartira oldingiz? Ortga qaytsangiz, afsus qiladigan holatlar bordir, ko‘krak kerib maqtanadigan ishlaringiz bordir?
– Hozir Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hududiga kiradigan Qizil O‘zbekiston degan kolxoz bo‘lardi, o‘sha yerda oddiy dehqon oilasida tug‘ilganman. Otam 8 yosh vaqtimda olamdan o‘tganlar. Onam rahmatli olti farzandni yolg‘iz voyaga yetkazganlar. 5-6 sinf vaqtimiz dalaga chiqib ishlardik. Hamma qiyinchiliklarni ko‘rib oddiy xalq ichida katta bo‘lganman. Xalq dardi nimaligini bilaman, amal orqasidan quvmaganman, ichki ishlar organlarida barcha pillapoyalarni bosib o‘tganman.
To‘g‘risi, sovet davrining tarbiyasini olgan odamman, buni yashirmayman. Pioner ham, komsomol ham, kommunist ham bo‘lganman, ammo o‘zbek farzandi ekanimni unutmaganman. Doim qalbimizda Alloh bo‘lgan. Mustaqil bo‘lgach, ko‘p narsa o‘zgardi, ko‘zimiz ochildi. Bilasizmi, sovet vaqtida jinoyatlarga panja orasidan qarashardi, o‘sha vaqtda juda ko‘p xodimlarimiz qurbon bo‘lgan.
Keyinchalik men rahbar bo‘lgan vaqtda ham xodimlar orasida eski sovet usuli ancha vaqtgacha saqlanib qoldi. Qattiqqo‘llik, jinoyat qildimi qamash, bo‘yniga ilish, nasha tashlab qo‘yish, jinoyatni ochish uchun shunaqa ishlar qilishgan. Keyinchalik biz hay'at yig‘ilishida bu narsalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun maxsus qaror chiqarganmiz. Fuqarolar murojaatini o‘rganish borasida alohida qarorlar chiqarganmiz, ammo to‘g‘risi bu «kasallikni» xodimlardan chiqarish qiyin bo‘lgan.
Ichki ishlar vazirligi va viloyat boshqarmalarida shtatlar ikki baravar qisqartirildi va asosiy e'tibor quyi qismlarga qaratildi. Hozir xodimlarimizga aytayapmiz: postda bir o‘zing turma, Milliy gvardiya bor, mahalla faollaridan birortasini yoningga ol, o‘shalar bilan birga qonunbuzarlar bo‘lsa, rasmiylashtir, bu vaqtda oldingda odam bo‘lsin. Ba'zi xodimlarimiz jismoniy tayyorgarligi yaxshi bo‘lmagani uchun o‘zini himoya qila olmayapti. Ichki ishlar xodimi har tomondan chiniqqan bo‘lishi kerak. Nega bizning xodimlarga pichoq urib ketishyapti? Bunga sabablardan biri jismoniy tayyorgarlikning yaxshi emasligi, xodim baquvvat bo‘lishi, kerak usullarni bilishi kerak.
– Ichki ishlar organlariga tanish-bilish bilan ishga kirgan, pul bilan kirgan, doimiy maosh berilishi uchun kirganlar bor deb hisoblaydi odamlar. Balki mana shunday xodimlarning borligi yuqoridagi muammolarni keltirib chiqarayotgandir?
– Bunday kamchilik bor. Ishga qabul qilish ishimizdagi asosiy jihatlardan biri. Oramizga «ichiga shayton bekinib qolgan» odamlar kirib qolishidan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Ichki ishlar tizimini tozalashga e'tibor qaratib kelamiz. Har bir viloyatda Ichki ishlar vazirligiga qarashli akademik litseylar ochilib, ularga test sinovlari asosida o‘quvchilarni qabul qilish juda yaxshi o‘zgarish bo‘ldi. Biz aynan ulardan ichki ishlar organlariga xodim olishimiz kerak. Bundan tashqari ichki ishlar organlariga xodim yetkazib beradigan maxsus yuridik oliygoh ochildi. Akademiya qoshida kurslar bor. Ishga olingandan keyin ham xodimlar qayta tayyorlanadi.
Agar nomzod ruhan sog‘lom bo‘lmasa, jismoniy jihatdan tayyorgarligi yaxshi bo‘lmasa, erka o‘sgan bo‘lsa, bu sinovlar vaqtida seziladi. Ruhiy sinovlar vaqtida yolg‘on gapirsa, u qanday holatda bo‘lmasin ishga olinmaydi.
– Xodimlarda fikrlash qobiliyati qanday bo‘lishi kerak? Masalan, «yuqoridan buyruq bo‘lgan» degan gapni ko‘p eshitamiz. Oddiy futbol o‘yinlariga kirayotganda maxsus ruxsatnoma bo‘lsa ham, ichki ishlar xodimlari tepadan buyruq bo‘lgan, bu yerdan hech kim kiritilmaydi, deb aytishi ko‘p uchraydigan holat. Mana shunday holatlarga buyruq ruxsatnomasiz odamlarni kiritmaslik haqida bo‘lgandir, deb xodim fikrlashi kerak emasmi?
– Biz yelkasiga pogon ilgan odamlarmiz. Bizning tizimda tartib juda muhim. Lekin biror obektga kirishi mumkin bo‘lgan odamga u yerga kirishiga hech kim qarshilik qilmaydi. Bu holat kamdan-kam bo‘lishi mumkin. Alloh har bir odamga aql, farosat va tahlil qila olish qobiliyatini bergan. Ba'zan mana shu farosat yetishmay qolishi mumkin. Xodimlarimizga farosat bilan ishlashni tayinlaymiz.
Ba'zan shunday voqea sodir bo‘lishi mumkinki, u yerda qanday harakat qilish ustavda ham yo‘q, bu haqda hech qanday buyruq ham yo‘q. Men harbiy taktikani ko‘p o‘rganganman, terorchilarga qarshi ko‘p janglarda qatnashganman. Hamma yerda jang qilishning o‘z taktikasi bo‘ladi. Tog‘da jang qilish boshqa, mikrorayonda, cho‘lda jang qilish boshqa. Mana shunday vaqtda rahbarga ko‘p narsa bog‘liq, u vaziyatdan kelib chiqib ishlashi kerak. Agar bunday qilolmasa, u tanazzulga yuz tutadi, urushda yutqazadi. Bizning xodimlar ham jangchi, o‘z postida komandir. To‘g‘ri, faqat buyruq bilan ishlaydiganlar bo‘lishi mumkin, lekin ularni tuzatish bizga o‘xshagan rahbarlarning ishi.
– Siz ham ko‘chada yurasiz, ko‘p mashina haydaysiz. Shu bois ko‘chadagi bir jihat haqida gaplashsak. Jarimalar haqida. To‘g‘ri, ularni siz belgilamaysiz, ammo sizning nazdingizda, jarimalar odamlarning daromadiga nisbatan ko‘p emasmi? Har qadamda taqiqlarning o‘rnatilgani ichki ishlar xodimlari va odamlar o‘rtasida tushunmovchilikni keltirib chiqarmoqda. Masalan, tepalikdan tushib kelishga 50 belgi qo‘yilgan bo‘ladi. Vaholanki mashina inersiyasi bilan ham 50dan tez yurib ketadi. Yoki bo‘lmasa Chorsuda «to‘xtash mumkin emas», degan belgi turadi, vaholanki bozorga keladigan mashinalar sig‘adigan avtoturargohning o‘zi yo‘q. Odamlar mashinasini qayerga qo‘ysin? Muqobil variant taklif qilib, keyin taqiqlar kiritilsa yaxshi emasmi?
– Bizning asosiy maqsad jinoyatchilikning oldini olish. Agar bu narsalarni (taqiqlarni) bekor qilsak, «it egasini tanimay qoladi», ko‘chada besaramjonlik boshlanib ketadi. Biz bozorning ichiga mashinalarni kiritmaslikka harakat qilyapmiz, chunki butun dunyoga terrorizm xavf solib turibdi. Bozorga kelganlar tinchgina savdo qilishi kerak. Bu ishlar xavfsizlik uchun qilinyapti. Hukumat odamlar qurbon bo‘lmasin, jinoyatchilik kamaysin deb yo‘llarda, ko‘chalarda kameralar o‘rnatyapti. Buni tushunish kerak. Hamma narsaga «GAI»ni aybdor qilmaslik kerak. Axir qoida buzmasangiz, kim sizni jarimaga tortadi?
– Kameralar haqida gapirdingiz. Ayting-chi, qachon tergov xonalarida to‘liq kameralar bo‘ladi yoki qachon xodimlar to‘liq bodi-kameralar bilan ta'minlanadi?
– Endi, ko‘p narsa mablag‘ bilan bog‘liq... Bodi-kameralar barchasi chet eldan keladi. Hozir ko‘pchilik xodimlarimizni bodi-kameralar bilan ta'minladik, yil oxirigacha barcha xodimlarni ta'minlashga ulgursak kerak. Ko‘p qavatli uylarda, podezdlarda jinoyatchilikning oldini olish maqsadida kamera qo‘yish foyda berdi. O‘g‘rilik qilganlar, mashinalarni olib qochganlar kameralar orqa tezda qo‘lga olinyapti.
Hozir ichki ishlar tizimida karantin bo‘lishiga qaramay, uyda bemalol oyog‘ini uzatib yotadigan xodim yo‘q. Kimdir g‘alla o‘rimiga xavfsizlikni ta'minlashga ketgan, minglab xodimlar Sardobada. Ana, o‘tiribdi ichki ishlar xodimi postida, deb bepisandlik qilish to‘g‘ri emas. 8 soatlab tik oyoqda turish, hujjat tekshirish oson emas, bu uchun sabr kerak. U kerak bo‘lsa kasal bo‘lganini ham yashiradi, shamollab qoldim deyishga uyaladi.
Men sovet vaqtida ham ishladim, mustaqillik boshida ham ishladim va hozirgi ichki ishlar xodimlariga boshimni egib ta'zim qilaman. Birov borib qo‘lini siqib rahmat desa, bilasizmi xodim qanday xursand bo‘ladi? Uyiga yaxshi kayfiyatda boradi. Ichki ishlar xodimlarining oila a'zolari uni boshqacha ishtiyoq bilan kutadi. Xodim bamisoli har kuni jang maydonidan qaytayotgandek. O‘z oyog‘i bilan uyidan chiqib ketib, uyiga qaytmaydiganlar, vafot etadiganlar ko‘p. Shu bois ularning aksarini odamlar hurmat qiladi, chunki xalq ko‘rib turibdi ularning ishlayotganini.
– Suhbatimiz yakunida xalqimizga nima degan bo‘lardingiz?
– Allohdan Vatanimizni mana shu kasallikdan forig‘ qilishini so‘rayman, kasal bo‘lganlarga davo tilayman. Alloh barchamizga sabr-toqat bersin.
– Biz ham tahririyat nomidan sizga salomatlik, xalq xizmatida kuch-quvvat va oilangizga tinchlik tilaymiz.
Bobur Akmalov suhbatlashdi
Operator va montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov
Tavsiya etamiz
Toshkentda yana bir avtosalon egasi qamoqqa olindi
O‘zbekiston | 19:54 / 24.01.2025
Daniya, AQSh yoki mustaqillik: Grenlandiya "kimniki?"
Jahon | 17:40 / 24.01.2025
2025 yilgi global xatarlar qaysi? Jahon iqtisodiy forumi hisoboti
Iqtisodiyot | 21:23 / 23.01.2025
Donald Trampning qaytishi qanday oqibatlarga olib keladi?
Jahon | 20:30 / 23.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Gvardiola Husanovning debyuti haqida: «Har qanday o‘yinchi xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin, u hali yosh va albatta o‘rganadi»
Sport | 01:58
-
Germaniyalik muhandis suv ostida 120 kun yashab, rekord o‘rnatdi
Jahon | 01:50
-
Niderlandiyada muzeydan namoyishga qo‘yilgan Ruminiya xazinalari o‘g‘irlab ketildi
Jahon | 01:32
-
G‘arbiy sohilda Isroil ozod qilgan falastinliklar tantana bilan kutib olindi - video
Jahon | 01:00
Mavzuga oid
10:21 / 22.01.2025
Ichki ishlar organlarida ma’muriy konvoy guruhlari tashkil qilinadi
16:02 / 22.04.2024
Ichki ishlar organlari o‘z faoliyatida dronlardan foydalanishni boshlaydi
13:51 / 22.12.2023
IIO navbatchilik qismlarida fuqarolarni alkotester yordamida tekshirish tartibi e’lon qilindi
08:28 / 25.10.2023