Jamiyat | 15:57 / 08.06.2019
157471
6 daqiqa o‘qiladi

«Zotdor qizga uylanaman, piyoda yurish jonga tegdi» yoxud prezident nomini ermak qilmang!

Sarlavhani so‘nggi paytlarda boylarning qiziga uylanishni orzu qilgan “kuyovchak”lar bilan bog‘lamang, gap yana o‘sha uchizaklar va ularga berilayotgan “Kobalt”lar haqida.

Oddiy kunlarning birida tahririyat telefoni jiringladi. Qo‘ng‘iroq qilguvchi gapni uzoqdan boshladi. Yurtimizdagi islohotlarni, prezidentni maqtadi. Ayniqsa uch nafar farzand tug‘ilganda berilayotgan sovg‘alar haqida alohida to‘xtaldi. Qizig‘i, shu paytga qadar uch farzand ko‘rganlarga sovg‘a berishni maqtab qo‘ng‘iroq bo‘lmagandi. Akamiz tez orada indalloga o‘tdi:

– Biz ham uch o‘g‘il ko‘rgandik, Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism ham qo‘ygandik. Lekin shu paytgacha “Kobalt”dan darak yo‘q. Shu masalani hal qilib bersangizlar. O‘zbekistonda qonunga amal qilinadimi yo‘qmi?

– Qanaqa qonunni nazarda tutyapsiz?

– Uchta tug‘ilganlarga mashina berilyapti-ku. Hammaga teng ko‘z bilan qaralishi kerak-da!

Bu odamga nimanidir tushuntirish mushkul edi. Farzandni Alloh berishi, uch farzand uch karra ne'mat ekanligi, unga chiroyli ism qo‘yish ota-onaning vazifasi ekani, buning uchun endi nimanidir tama qilish o‘ta uyat bo‘lishi haqida ming va'z o‘qima, foydasi yo‘q. Gap bitta – boshqalarga berildimi, menga ham berilishi kerak!

Bir qarashda u haq – uch egizak (uch o‘g‘il desak to‘g‘riroq bo‘lar) tug‘ilsa va ularga yuqoridagi ismlar qatorlashtirib qo‘yilsa, “Kobalt” sovg‘a qilish bo‘yicha yozilmagan (!) qoidaga amal qilinmoqda. Demak bu murojaatda ham g‘ayritabiiylik yo‘q, andishasizlikka kelsak, endi bu alohida masala, har kimda bu tushuncha har xil.

Keling, umuman farzand tug‘ilsa ommaga oshkor qilish va sovg‘a olishning yaqin tarixiga nazar tashlasak: bir vaqtlar Mustaqillik bayrami kuni tug‘ilgan o‘g‘il chaqaloqlarga Islom deb ism qo‘yish urf bo‘ldi. Hokimiyat yoki mahalla baholi qudrat sovg‘a (odatda bitta gilam yoki servis) olib kirishdi va bu holat bo‘yicha televideniyega lavhalar tayyorlandi. Shundan keyin Islom ismli bolalar ko‘payib ketdi, mavzu bir xil va siyqasi chiqqani uchun bu “tadbir” e'tibordan qoldi.

Keyinchalik hatto uch yoki to‘rt farzand tug‘ilganda muayyan sovg‘a berish amaliyoti rasman to‘xtatilgani haqida e'lon qilindi ham.

Ammo so‘nggi ikki yilda uch farzand ko‘rish, aniq ismlar qo‘yish va “Kobalt” ilinji shu qadar urchidiki odamlar bunday xabarlarni ochiqdan-ochiq istehzo bilan kutib ola boshladilar, boqimandalik, laganbardorlik va tamagirlik qorishmasi deb baholadilar. Bunga asos bor edi albatta, chunki o‘g‘illar qolib, hatto uch qiz chaqaloqlarga shu ismlarni qo‘yib yuborib, mashina so‘ragan ota haqidagi xabarlar ham tarqaldi. Ayrim manbalarda hatto qanday qilib birdaniga uch nafar chaqaloq tug‘ish mumkinligi haqida mutlaqo jiddiy qo‘llanmalar ham e'lon qilindi.

Haqiqatdan ham, mavzuning o‘yga toldiradigan jihatlari ko‘p:

1. Uch farzand ko‘rishdagi imtiyozlar qaysi qonunchilik bilan tartibga solinadi?

2. Uch yoki to‘rt farzand ko‘rganlarning yagona reyestri olib boriladimi, ular soni bugungacha nechta bo‘ldi? Qanchasiga qanaqa sovg‘alar berildi?

3. Sovg‘alar kim – aynan qaysi tashkilot tomonidan berilyapti? Bu bolalarning ismlari kelajakda o‘zgartirilsa, sovg‘alar taqdiri nima bo‘ladi?

4. Prezident sovg‘asi deb taqdim etilayotgan bu sovg‘alardan prezidentning o‘zi xabardormi?

5. Eng muhimi, sovg‘alar, xususan avtomobil pulini kim to‘laydi? Davlat bo‘lsa, soliq to‘lovchilarning mablag‘i bunday maqsadda sarflanishi to‘g‘risida hisobot berilishi kerak emasmi, homiylar hisobidan bo‘lsa, ular kimlar va bu harakatlari ixtiyoriymi?

Ko‘rib turganingizday, ochiqlanmagan savollar bisyor. Bu savollarga albatta rasmiy OAV javob bermasligi tayin. Lekin internet, ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu uzluksiz muhokama bilan birga shunchalar hajv qilindiki, xijolat bo‘ladigan darajaga yetdik. Ularning bittasini, faqat bittasini misol keltiraylik: “Birdaniga uchta tug‘adigan zotdor qiz kerak. Piyoda yurish jonga tegdi...”.

Vakolatim va salohiyatim davlat rahbariga aql o‘rgatishga yetmasligi aniq, lekin shu o‘rinda oddiy bir ijodkor, mamlakat fuqarosi sifatida prezidentimizga iltimos va taklifim bor.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Qisqa va yagona qaroringiz bilan bu amaliyotni butunlay hamda qaytib tiklanmaydigan qilib to‘xtating!

Ishoning, ota-onalarning sizning ism-sharifingizdan foydalanib nimadir undirishga urinishi yoki hududiy rahbarlarning ularga turli-tuman sovg‘alar, xususan “Kobalt” taqdim etib, sizga yaxshi ko‘rinish uchun laganbardorlik qilishi aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Balki siz bexabardirsiz, ammo ming afsuski bu holat ermakka aylanib ketdi va davlat rahbari sifatida sizning ism-sharifingiz bu mavzuga tama maqsadida aralashtirilayotgani ko‘pchilikning g‘ashini keltiryapti.

Zero, siz O‘zbekistonning yagona rahbarisiz va sizning sha'ningiz shu yurtning har bir farzandi sha'nidir!

Abror Zohidov.

Mavzuga oid