O‘zbekiston | 22:25 / 13.09.2025
14157
12 daqiqa o‘qiladi

Oshadigan pensiya yoshi, qirg‘in keltirgan avariya va “dov”da bolalar haqi - hafta dayjesti

Maktablarda 12 yillik ta’limga o‘tiladigan bo‘ldi, Sariosiyoning “vijdonli” ayol “zamhokimi” tumandoshlarini paxta terimiga majburlashi ortidan 20 mln jarimaga tortildi, yaqin istiqbolda erkaklar pensiya yoshi 63 ga, ayollarniki esa 58 ga ko‘tariladigan ko‘rinadi. Samarqanddagi davlat bog‘chalari ta’minoti xavf ostida qolgani aytilmoqda.    

Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish rejalashtirilyapti

Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Otajonovga ko‘ra, erkaklar uchun pensiya yoshi hozirgi 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshga oshirilishi rejalashtirilyapti. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilib, har yili 6 oydan qo‘shib borilishi mumkin. Pensiya jamg‘armasi direktori mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ortib borayotganini qayd etdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 75 yilni tashkil etyapti.

Otajonovning qo‘shimcha qilishicha, pensiya yoshini oshirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilingani yo‘q. Pensiya jamg‘armasi aholining pensiya tizimini isloh qilishga oid takliflarini yig‘ish uchun maxsus platforma ishga tushirishni rejalashtiryapti. Takliflar bir oy davomida qabul qilinadi. So‘ng ularni o‘rganib chiqib, qayta muhokamadan o‘tkazish, zarur o‘zgartirishlar kiritish va pensiya islohoti loyihasini jamoatchilikka rasman taqdim etish ko‘zda tutilgan.

Maktablarda 12 yillik ta’lim: bu qanday bo‘ladi?

O‘zbekistonda 12 yillik umumiy ta’lim joriy etiladi. Aytishlaricha, 12 yillik ta’lim quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

- 1 yil maktabga tayyorlov;

- 4 yil boshlang‘ich ta’lim;

- 5 yil bazaviy umumiy o‘rta ta’lim (5-9-sinflar);

- 2 yil umumiy o‘rta ta’lim (maktablar, akademik litseylar, harbiy maktablar yoki texnikumlarda).

Bu yangilik davlat rahbari huzurida ta’lim sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan selektor yig‘ilishi oldidan e’lon qilindi.

Ushbu selektorda yana qator yangiliklar ham aytildi. Jumladan, endi maktablarda maslahatchi lavozimi joriy etiladi. Ta’kidlanishicha, maslahatchilar o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi. Uning maoshi maktab direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab maslahatchilariga har oy 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Bog‘cha tarbiyachilari ishlab turib ham bakalavr darajasini olishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun o‘rta pedagogika oliygohlarida maxsus ma’lumotga ega tarbiyachilarga mo‘ljallangan bakalavriatning alohida shakli joriy etiladi: tarbiyachi “1+5” shaklida haftada 1 kun o‘qib, 5 kun ishlaydi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xususiy bog‘cha bilan davlat bog‘chasi uchun ta’lim-tarbiya sifati bo‘yicha yagona yondashuv yo‘q. Shu munosabat bilan kelgusi yilda har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilari pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi tayanch “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi.

Kasbiy ta’lim agentligi ochiladi. Prezident hokimlarga kelasi yil 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizini texnikumlarga qamrab olish topshirig‘ini berdi. Kasbga o‘rgatishda Xitoy tajribasini joriy etish uchun har bir viloyatda 2 tadan “O‘zbekiston–Xitoy ustaxonasi” ochiladi. Til o‘rgatish uchun yuzdan ortiq xitoyliklar taklif etiladi.

Bu ishlarni olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadigan bo‘ldi.

Darvoqe, selektorda oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari birvarakayiga ishdan olingani bo‘ldi. Manbalarimiz bu “tozalash”ning sababi yaqinda ayrim oliy ta’lim muassasalarining litsenziyalari bilan bog‘liq muammo ortidan bo‘lganini aytmoqda.

FIFA prezidenti O‘zbekistonda bo‘ldi

Yakunlangan haftada FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekistonga keldi. U tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, unga davlat rahbarining ism-sharifi yozuvi tushirilgan maxsus to‘p sovg‘a qildi. O‘z navbatida FIFA rahbari “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

O‘sha kuni Toshkentda o‘tgan CAFA Nations Cup – 2025 turniri finalida  O‘zbekiston va Eron to‘qnash keldi. O‘zbekiston milliy jamoasi qariyb butun o‘yin davomida raqibdan bir futbolchi ko‘p bo‘lib o‘ynadi, ammo g‘alaba golini so‘nggi daqiqada urdi va shu bilan turnir g‘olibiga aylandi.

O‘yindan keyin prezident Shavkat Mirziyoyev va FIFA rahbari Janni Infantino sovrindor futbolchilarga medallarni va kubokni topshirdi.

“Paxta – 2025”: majburiy mehnatga “start”!

Paxta terimida majburiy mehnat barham topgani haqida yuksak minbarlarda baralla aytilayotgan bir paytda Surxondaryoda tuman hokimi o‘rinbosari odamlarni xuddi eski davrlardagi kabi terimiga majburlash bilan ovora.

“Ayolmisan-yo‘qmi, noinsof?” Vijdonsiz! Kelsang kel, mana bu yoqqa tez-tez, ishlaging kelmasa, yo‘qol, ket!” deydi Sariosiyo tuman hokimining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Toshmatova mahalla faollarining Telegram guruhiga yuborgan videoli xabarida.

Amaldor xonim tashqarida 21-asr ekanini unutgan ko‘rinadi chog‘i – bosim va dag‘dag‘alari aks etgan video internetda tarqalib ketgach, tegishli idoralar uning tanobini tortib qo‘ydi.

Dilfuza Toshmatova Bandlik va mehnat bo‘yicha davlat huquq inspektorining qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi tartibida 20 mln 600 ming so‘mlik jarimaga tortildi.

Kun.uz o‘z manbalari orqali kuzatib turgan onlayn platformadan ko‘rinishicha amaldor hozircha jarimani to‘lamagan. 

Bo‘stonning poraxo‘r “zamhokimlari”

Antikorrupsiya agentligi reytinglarida eng ko‘p korrupsiyalashgan hudud sifatida yuqori o‘rinlarda yuradigan Andijon viloyati hali-beri bu “reytinglardagi o‘rnini” bergisi kelmayotgan ko‘rinadi

O‘tgan haftada viloyatning Bo‘ston tumani hokimining biryo‘la ikki o‘rinbosari pora bilan ushlangani ma’lum bo‘ldi. Hokimning investitsiya va qishloq xo‘jaligiga mas’ul o‘rinbosarlari o‘zaro til biriktirib, 65 mln so‘m pora olganlikda ayblanib, qamoqqa olindi. Ular fermer xo‘jaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini fiktiv operatsiyalar bilan yopib bermoqchi bo‘lishgan.

O‘tgan yili ham Bo‘ston hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs 10 ming dollar bilan qo‘lga tushgandi.

Angren fojiasi va hisobsiz qurbonlar

7 sentabr kuni Angren shahrida qirg‘inga teng yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. A-373 «Toshkent–O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining 93-kilometrida sement tashuvchi Shacman rusumli yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida harakat yo‘nalishidagi temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikki yuk avtomobili va beshta yengil avtomashina bilan to‘qnashgan. Yo‘l-transport hodisasi natijasida yong‘in yuzaga kelgan.

Vafot etganlar va jabrlanganlar haqida aniq axborot berilgani yo‘q: Ichki ishlar vazirligi hodisa oqibatida 7 nafar fuqaro voqea joyida vafot etganini ma’lum qildi. Ammo Farg‘ona viloyati hokimining Vazirlar Mahkamasi farmoyishi ijrosini ta’minlashga oid farmoyishida Angrendagi hodisada 11 kishi vafot etgani haqida qayd mavjud. Ammo bu haqida na Ichki ishlar vazirligi, na Prokuratura rasmiy ma’lumot bergani yo‘q. Hokimning farmoyishi ham ko‘p o‘tmay e-qaror bazasidan o‘chirib yuborilgan.

Kun.uz manbalari esa aslida vafot etganlar soni 13 kishiga yetganini aytdi. Ichki ishlar vazirligi rasmiylari bu raqamni tasdiqlamadi.

Hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi.

Chilonzorda minorali kran quladi

Chilonzor tumanidagi turar joy majmuasi qurilish maydonida minorali kran qulab tushdi. Holat 8 sentabr kuni sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, tan jarohati olganlar ham bor. 

Ma’lum bo‘lishicha, kran qulagan hududda “Omega-agro stroy” MChJ tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Ammo kran yordamchi pudratchi sifatida ishlagan boshqa firmaga tegishli bo‘lgan.

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga ko‘ra, montaj ishlari olib borilayotganda kranning tayanch oyoqlarini asosga o‘rnatib ushlab turuvchi qismi mustahkam qotirilmagan. Shu sababli kranning keyingi qismini qo‘yish uchun harakatlanish davrida kran bir tomonga og‘ib ketgan va uning asosga qotirilmagan 2 ta oyog‘i ko‘tarilib ketishi oqibatida yerga qulagan.  

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 257-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tirsakobod mahallasida yashovchilarning aytishicha ushbu qurilish obektida oldin ham baxtsiz hodisalar yuz bergan.

Samarqand bog‘chalariga muzlatilgan va hidlangan go‘sht yetkazilgani aytilmoqda

Bolalar haqidan qo‘rqmaydigan ayrim ucharlar endi ularning sog‘ligini ham tahlikaga qo‘ya boshladi. Samarqand viloyatidagi bog‘chalarda yangi autsorsing kompaniyasi ish boshlashi bilanoq shikoyatlar ko‘paydi. Birinchi kundanoq ko‘plab muassasalarga muzlatilgan go‘sht va keragidan ancha kam sut yetkazilgan. Ayrim bog‘chalar go‘sht va boshqa sifatsiz mahsulotlarni qaytarishga majbur bo‘lgan. Mutaxassis muzlatilgan go‘sht yetkazish me’yorlariga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda.

Bunga nirozilik bildirgan mudiralarga ta’minotchi tomonidan “kerak bo‘lsa boshqa narsani ham yedirasiz”, degan tahdidli javob qaytarilgan.

SES mutaxassislari bolalarga muzlatilgan go‘sht berish mumkin emasligini aytmoqda.

Butun boshli viloyatda bolalar hayoti bilan o‘ynashilayotgan bir paytda na bog‘cha vazirligi, na prokuratura va na viloyat hokimligi lom-mim degani yo‘q – go‘yoki hamma tomoshabin. Vaziyat qay darajada qo‘rqinchli ekanini Kun.uz e’lon qilgan surishtiruvni to‘liq ko‘rib tushunib olsangiz bo‘ladi.

Muallif – Dilshod Abduqodirov
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Montaj ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid