Loyihada Jinoyat va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, shuningdek, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritish masalasi ko‘zda tutilmoqda.

Unga ko‘ra, qonun barcha jarayonlarda ma'qullanadigan bo‘lsa, O‘zbekistonda quyidagi amaliyotlar kuchga kiradi:

Jumladan, Jinoyat kodeksining 244-moddasida:

  • hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka;
  • ommaviy tartibsizlikka;
  • fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da'vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash.

Bu jinoyat uchun jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish.

Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga:

  • fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga ommaviy da'vat qilganlik;
  • fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, internet, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da'vat qilganlik uchun – BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishni nazarda tutuvchi norma (201-modda 1-qism) kiritilishi.

Loyiha yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati Umid Jabborov chiqish qilgan va deputatlardan qonun loyihasini ma'qullab berishni so‘ragan.

Umid Jabborov

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, qonun loyihasi muhokamasida bir qator deputatlar ham so‘z olgan. Jumladan, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilganda ko‘plab jurnalist va blogerlar uni qo‘llab-quvvatlagani va takliflarini bergani haqida gapirgan.

«Bu qonun loyihani tushunganlar ma'qullayapti, ammo tushunmaganlar so‘z, namoyish erkinligiga qarshilik deb tushunyapti. Ammo bunday emasligini bilamiz. Hammasi qonuniy.

Bu kabi qonunchilik dunyoning ko‘pgina davlatlarida bor edi, bizda esa yo‘q. Bizda hatto nega O‘zbekistonda bunday qonunchilik yo‘q, degan savollar bo‘layotgandi», degan u.