Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Tanqidiy fikr uchun jazolanishga yo‘l qo‘yilmaydi” – Qurilish vazirligining tadbirkor ustidan shikoyatiga aks sado
Qurilish sohasida korrupsiyaviy “xarajat”lar haqida gapirgan tadbirkorning ustidan IIVga chora ko‘rilishi uchun murojaat qilingani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan ayrim faollar hamda quyi palata deputati, biznes ombudsman munosabat bildirdi. Jamiyat a’zolari demokratik va qonun ustuvor mamlakatlarda muammo haqida gapirganlar jazolanmasligi kerakligini, bu so‘z erkinligining bo‘g‘ilishiga sabab bo‘lishini bildirmoqda.
O‘zi nima gap?
29 avgust kuni Savdo-sanoat palatasida o‘tgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmon Abdusamatov qurilish uchun ruxsatnomalar va kadastr hujjatlarini olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy “xarajatlar” bitta uy uchun 100-200 ming dollargacha yetishi mumkinligini aytib chiqdi.
Qurilish vazirligi tadbirkor bu da’vosi bilan “jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sababchi bo‘lgan va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazgan” deb hisoblab, Abdusamatovga javobgarlik choralari qo‘llashni so‘rab IIVga ariza kiritdi. Bu haqda vazirlik 20 sentabr kuni rasmiy kanalida axborot berdi.
Ayni keys jamoatchilikda so‘z erkinligi bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirib, keng muhokamalarni keltirib chiqardi. Faollar tadbirkor aytgan tanqidi uchun jazolanishiga qat’iy qarshi chiqishyapti. Kun.uz shu munosabatlardan ayrimlarini keltiradi.
“Kameraga maqtab-maqtab, hammasi zo‘r deb ketilishi kerak bo‘lsa, muloqotning nima zaruriyati bor?” – iqtisodchi
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov vazirlikning bu xatti-harakatidan hayron qolganini aytarkan, muammolarni sanagan tadbirkorlar jazolansa, keyingi muloqotlarda hech kim dardini aytmay qo‘yishidan tashvishdaligini bildirdi.
“Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi doirasidagi muloqotlarda Soliq qo‘mitasi, Markaziy bank, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermerlar kengashi, Texnik tartibga solish agentligi qancha tanqid qilindi. Bironta vazirlik yoki idora rahbari hali seni qarab tur, ko‘rsatib qo‘yaman, muammoni aytganingga ming pushaymon bo‘lasan, demadi. Muloqot shuning uchun ham muloqot. Kameraga maqtab-maqtab, hammasi zo‘r, deb ketilishi kerak bo‘lsa, muloqotning nima zaruriyati bor?
“Bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor” deyilgan gapga Qurilish vazirligi obro‘sizlanib qolgan bo‘lsa, demak, vaziyat obro‘sizlanadigan darajaga yetganini balki anglash kerakdir?” – deydi u.
Bakirovning yozishicha, qurilayotgan uylarning hisobotdagi tannarxi va bozor narxlari karrasiga farqlanayotgan vaqtda muammo bor va u korrupsion muammo.
“Qurilish biznesida to‘lanayotgan soliqlar va uylarning bozor narxi nisbatini bir qarang. Rasmiy statistika bo‘yicha qurilishdagi norasmiy sektor ulushiga bir qarang. Balki Statqo‘mniyam sudga berarsizlar, bu raqamlar sizlarni obro‘sizlantirmayaptimi?” – deydi iqtisodchi.
Otabek Bakirov versiyasiga ko‘ra, Qurilish vazirligining yuqoridagi pozitsiyasi hamda “Shaffof qurilish“ milliy axborot tizimi orqali jarayonlar to‘liq nazorat qilinishidan kelib chiqilsa, “Toshkentda 2 mingta holatda uy-joylarning har bir kvadrat metri atigi 1 million so‘m deb rasmiylashtirilganini” aytgan Qudbiyevni yoki “ish haqini «konvertda to‘lash» orqali 6,3 mingta obekt 1 nafardan ko‘p bo‘lmagan rasmiy ishchi bilan qurilganini” aytgan Vahobovni ham sudga berish kerak.
“O‘zbekistonda muzlatkichlarni sertifikatlash byurokratik ravishda to‘xtatib qo‘yilganini, tovarlar oylab ushlab turilishini aytgan tadbirkor Alfiya Musina ustidan na Bojxona qo‘mitasi, na Texnik tartibga solish agentligi shikoyat qildi, uni hech kim jazolagani yo‘q.
Qaytaga davlat rahbari orden bilan mukofotladi. Musina muammoni ochiq aytgani uchun yuzlab tadbirkorlarning og‘iri yengil bo‘ldi, budjetga milliardlab boj va soliqlar to‘lanyapti. Oq iqtisodiyot o‘syapti. Balki sizlar ham muammoni aytgan o‘sha tadbirkorga, hech qursa, rahmat deyishinglar kerakdir?” – degan u.
“Hukumat idoralarini tanqid qilish jamoatchilikning manfaatidadir” – jurnalist
Jurnalist Ibrat Safo ham o‘z sahifasida fikrlarini yozib qoldirgan. Unga ko‘ra, demokratik va qonun ustuvor davlatlarda hukumat idoralari biron shaxs ustidan tuhmat, sha’nini bulg‘ash kabi ayblar bilan sudga murojaat qila olmaydi.
“Masalan, Britaniyadagi “Common law”ga muvofiq, markaziy va mahalliy hukumatlar idoralari tuhmat ayblari bilan sudga ariza yozishga haqqi yo‘q. Bu qoidaning asosidagi tamoyilga ko‘ra, hukumat idoralarini tanqid qilish jamoatchilikning manfaatidadir, aksincha, so‘z erkinligi bo‘g‘ilishi mumkin.
Jurnalistlarga ham shunga o‘xshash tamoyillar o‘rgatiladi: vazirlik, hukumat, mahalliy hokimiyat, politsiya, sud, xullas, istalgan davlat tashkilotini “korrupsiyaga botgan”, “uquvsiz”, “bir tiyinga qimmat” va boshqa ayblar bilan tanqid qilish mumkin, lekin muayyan bir amaldorni jiddiy korrupsion ishlarda ayblayotganda dalil-isbot bo‘lishi shart. Ya’ni davlat idorasi tirik shaxs emas, unda xafa qiladigan sha’n, g‘urur degan narsa yo‘q, amaldor esa issiq jon”, – deydi Safo.
Qolaversa, jurnalist kinoya bilan o‘z postini shunday yakunlagan: “O‘zbekistondagi Qurilish va’zirligi balki tirik jondir, ko‘ngilchasi og‘rib “qurilish jarayonida 200 ming dollar pora beriladi” degan quruvchi ustidan IIVga shikoyat beribdi. Huquqshunos do‘stlar, O‘zbekiston qonunchiligida nima deyilgan o‘zi, davlat idorasi tuhmat ayblovi bilan adliya tizimlariga shikoyat berishga haqlimi?”
Vazirlikning IIVga shikoyat kiritishi huquqiy bilimsizlikni bildiradi – huquqshunos
Huquqshunos Dilshod Abduqodirov ayni vaziyatning huquqiy jihatlarini Kun.uzʼga tushuntirishga urindi. Uning aytishicha, bunda vazirlik jabrlanuvchi bo‘la olmaydi.
“Bayonotda Usmon Abdusamatovga “tuhmat qilgan” degan ayblov ilgari surilgan. Qonunchilikda tuhmat uchun sodir etishdagi holatlar va og‘irlik darajasiga qarab ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Ammo har ikki javobgarlik turida ham vazirlik tashkilot, yuridik shaxs bo‘lgani uchun jabrlanuvchi bo‘la olmaydi.
Binobarin, tadbirkor o‘z fikrida aynan bir yoki bir necha shaxsning ism-sharifini ham tilga olmagan”, – deydi mutaxassis.
Abduqodirovning qo‘shimcha qilishicha, bu holatda vazirlik to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo ariza kiritishi lozim edi. “Oliy sud Plenumi qaroriga ko‘ra, sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini pastga uruvchi ma’lumotlarni rad etish haqidagi talablar, ma’lumotlar qanday shakl va uslubda tarqatilganidan qat’i nazar, sudga taalluqlidir”, – dedi u.
“Tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi” – biznes ombudsman
Ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalib, keskin noroziliklarni chiqargach, biznes ombudsman ham o‘z munosabatini bildirib, vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi.
“Tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur holat biznes ombudsman tomonidan tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholanadi.
Har bir tadbirkorning erkin faoliyat yuritishi va ularning huquqlariga rioya etilishi qonun bilan kafolatlangan. Shu bois, tadbirkorlar duch kelgan muammolarni hal etish biznes ombudsmanning ustuvor vazifasi sanaladi.
Biznes-ombudsman barcha davlat organlarini tadbirkorlarning fikrlarini tinglash va biznes yuritishga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni hal etish bo‘yicha konstruktiv yechimlarni birgalikda izlashga chaqiradi”, – deyiladi izohda.
Ta’kidlanishicha, tadbirkorlarning ochiq fikr bildirishlari va tanqidiy mulohazalari hukumat islohotlarini yanada takomillashtirishga va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchiga ko‘ra, agar tadbirkor soha rivoji yo‘lida fikr bildirsa, bu holat tanqid va jazoga sabab bo‘lmasligi lozim. “Aksincha, bunday fikrlar muammolarni hal etish uchun imkoniyat sifatida qabul qilinishi zarur”, – deyiladi xabarda.
“Vazirlik jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun mavjud mexanizmlardan foydalanmayapti” – deputat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi, “Yuksalish” harakati rahbari Bobur Bekmurodov esa vazirlikni jamoatchilikdan to‘g‘ri foydalanolmayotgani uchun tanqid qildi.
“Vazirlik jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun mavjud mexanizmlardan foydalanmayapti. Masalan, Qurilish vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashida bor-yo‘g‘i 2 ta nodavlat-notijorat tashkiloti bor. Vaholanki, prezident farmoni bilan bu talab kamida 50 foiz etib belgilangan. Kengash orqali mavjud muammolardan uzilib qolmasdan, ularni doimiy kuzatib, tahlil qilib borish imkoniyati mavjud.
Shuning uchun, tadbirkorning e’tirozlariga - sohaga emas, mavjud muammolarga berilgan baho sifatida qarash lozim. Va aksincha, bildirilgan tanqid ortidan ruxsat berish jarayonlarining shaffofligini yanada oshirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish kerak deb hisoblayman”, – dedi Bekmurodov.
Qayd qilinishicha, bu vaziyatda vazirlik tadbirkor bilan uchrashib, muammolarning yechimi yuzasidan takliflarini olishi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lardi.
Eslatib o‘tamiz, 11 sentabr kuni Kun.uz studiyasida Qurilish vazirligi vakillari, tadbirkor Usmon Abdusamatov hamda soha eksperti bilan suhbat tashkil qilinib, ayni iddao ham muhokama etilgandi. O‘shanda rasmiylar korrupsion holatlar borligini rad etmagan.
Mavzuga oid
16:06 / 16.12.2025
Qurilish vazirligining binosi 182,5 mlrd so‘mga sotildi
11:13 / 17.11.2025
YaTTlarning firma nomiga ega bo‘la bo‘lishiga ruxsat beriladi
10:12 / 17.11.2025
1 yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tizimi ishga tushadi
08:47 / 12.11.2025