Ko‘chmas mulk | 15:17 / 20.09.2025
30237
4 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi qurilishga ruxsat olishda “assalomu alaykum”siz ish bitmaydi, degan quruvchi ustidan IIVga ariza kiritdi

Arizada Toshkentda qurilish uchun ruxsatnoma olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy “xarajatlar” haqida gapirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamatovni javobgarlikka tortish so‘ralgan. Qurilish vazirligi tadbirkorning bu da’vosi jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sabab bo‘lib, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazdi, deb hisoblagan.

Foto: Savdo-sanoat palatasi efiridan kadr

Qurilish vazirligi tadbirkor Usmonjon Abdusamatovga javobgarlik choralari qo‘llashni so‘rab IIVga ariza kiritdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

29 avgust kuni qurilish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov Toshkentda qurilish uchun ruxsatnomalar va kadastr hujjatlarini olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy “xarajatlar” bitta uy uchun 200 ming dollargacha yetishi mumkinligini bildirgan. Qurilish vazirligi tadbirkor bu da’vosi bilan jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sababchi bo‘lganini ma’lum qilgan.

“Mazkur ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni keltirib chiqardi. Natijada qurilish sohasida respublika miqyosida olib borilayotgan islohotlarga, soha vakillari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda. Bu esa o‘z navbatida vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazmoqda.

Shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi fuqaro (tadbirkor) Usmonjon Abdusamatovga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari qo‘llanishini so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritganini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.

Vazirlik qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda faqat elektron tarzda amalga oshirilishini, jarayonda qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mutlaqo taqiqlanganini ma’lum qildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini olish uchun arizalarni faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkinligi aytilgan.

“Arizalarni ko‘rib chiqishda fuqaro va vakolatli organ vakili o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan, obekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, uni foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali to‘liq nazorat qilinadi. Bu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar asosida aniq tartibga solingan”, deya ma’lum qilgan Qurilish vazirligi.

Tadbirkor Usmonjon Abdusamatov o‘z chiqishida Toshkentda qurilish uchun ruxsatnomalar va kadastr hujjatlarini olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy “xarajatlar” haqida gapirgandi.

Yerni sotib oldik. Ana endi ruxsatnoma olish kerak. Ruxsatnomaga “zayavka” tashlayapmiz – “otkaz”. “Zayavka” tashlayapmiz – “otkaz”. Toki haligi manziliga borib, “assalomu alaykum” bo‘lmaguncha (tadbirkor qo‘li bilan pul sanash ishorasini qiladi – tahr.). To‘g‘ri gapni gapirishimiz kerak. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri ertangi xarajatimizga ta’sir qilyapti. Misol uchun, bitta uyni 500 ming dollarga ko‘tarayotgan bo‘lsak, kimgadir 50 ming, kimgadir 100 ming, kimgadir 20 ming bo‘lib, u o‘sha joyga minib qolyapti”, degandi tadbirkor.

Tadbirkor Toshkentda ruxsatnomalar olish va kadastr reyestridan o‘tish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar har bir uy uchun 200 ming dollar, Toshkent viloyatida esa 100 ming dollargacha yetishi mumkinligini da’vo qilgan hamda mutasaddilardan arizalarning asossiz rad etilishiga qarshi chora ko‘rishni so‘ragan.

Mavzuga oid