17 sentabr kuni “Mustaqillikning 25 yilligi” konidan yana oltingugurt gazi chiqa boshlashi bilan bog‘liq avariyada 4 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan. Jabrlanganlarning 10 nafariga shu kuni uyiga javob berilgan.
Bu haqda favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev va energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ishtirokida 18 sentabr kuni Boysundagi kon yaqinida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Brifing formatidagi anjumanda mas’ullar jurnalistlar savollariga javob bermadi.
Rasmiylarga ko‘ra, 17 sentabr kuni soat 16:00 larda kondagi 604-sonli quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi chiqayotgani qayd etilgan. 1 sentabr kungi texnogen ofat ham ushbu quduqda ro‘y bergan, natijada bir necha qishloqlar aholisi uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgandi. Ikki hafta Boysun shahrida yashagan aholi 15 sentabr kuni zaharli gaz chiqishi to‘xtatilgani e’lon qilinganidan keyin, yana uylariga qayta boshlagandi.
18 sentabr kungi brifingda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hodisaning takrorlangani konning geografik joylashuvi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liqligini aytdi.
Quyida vazir tomonidan jurnalistlarga berilgan ma’lumotlar vazirlik keltirgan rasmiy tahrirda keltirib o‘tilmoqda.

Jo‘rabek Mirzamahmudov, O‘zbekiston energetika vaziri:
— “Mustaqillikning 25 yilligi” koni Boysun shahridan 20 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Geografik jihatdan hudud tog‘oldi-adir relefidir. Relefning mutlaq balandligi dengiz sathidan 1000 metrni tashkil etadi.
“M-25” (“Gajak”) koni birinchi marta 1933 yilda geologik tadqiqot yo‘li bilan aniqlangan va 1938 yilda tayyorlangan. 1941 yilda bu yerda birinchi qidiruv qudug‘i burg‘ilangan.
1974 yilda 5-sonli quduqni sinovdan o‘tkazishda quyi bo‘r qatlamlaridan gazning sanoat oqimlari olingan. Xuddi shu yili tuzilma kon toifasiga kiritilgan.








