Yer kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi
“O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
1998 yil 30 aprelda qabul qilingan 598–I-son qonun bilan tasdiqlangan Yer kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
Xususan, kodeks 36-1-modda bilan to‘ldiriladi. Unda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining bekor qilinishi tartibi belgilangan.
Qayd etilishicha, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini tugatish ijara shartnomasini bekor qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechish maqsadida tuman (shahar) hokimiga berilgan arizasi bir hafta muddatda yerga oid masalalarni ko‘rib chiquvchi doimiy komissiyasida ko‘rib chiqiladi va komissiya xulosasi asosida tuman (shahar) hokimi yoki xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bekor qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar yuridik va jismoniy shaxs yer uchastkasi bilan bog‘liq bo‘lgan majburiyatlarini bajarishga majburdir.
Yer uchastkasini ijaraga olish muddati tugashidan bir oy oldin ijaraga beruvchi ijaraga olingan yer uchastkasini qaytarib berish to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxsga ogohlantirish yuboradi. Yuridik va jismoniy shaxs ijaraga olingan yer uchastkasini qaytarib berishga rozi bo‘lsa, uning rozilik xati asosida ijaraga beruvchi tomonidan ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida tegishliligiga ko‘ra mahalliy davlat hokimiyat organlarining yoki xalq deputatlari Kengashlarining qarori qabul qilinadi. Ushbu qaror aynan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining bekor bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Yuridik va jismoniy shaxs ijaraga olingan yer uchastkasini qaytarib berishga rozi bo‘lmasa, u holda ijara shartnomasi sud orqali bekor qilinadi.
Agar ijarachi yer uchastkasi ijarasi shartnomasining muddati tugagandan so‘ng ijaraga beruvchi tomonidan e'tiroz yo‘qligi bildirilganda, ijara shartnomasi o‘sha shartlarda ma'lum muddatga qaytadan tuzilishi mumkin.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin qishloq xo‘jalik korxonasiga va fermer xo‘jaligiga ijaraga olish shartnomasini tanlovlarsiz yangi muddatga uzaytirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Yer uchastkasi ijara huquqi berilgan holatlarda, sudning hal qiluv qaroriga binoan ijara shartnomasi bekor qilinadi hamda tuman (shahar) hokimining yoki xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining qaroriga asosan yer uchastkasi qaytarib olinadi.
Bundan tashqari, kodeks 41-1-modda bilan to‘ldiriladi. Unda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish haqida so‘z yuritiladi.
Yer uchastkasidan foydalanuvchilar, yer uchastkasining ijarachilari, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qiluvchilari va mulkdorlarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan himoyalanadi va u quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:
- yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishini, boshqaga o‘tishini, cheklanishini va bekor bo‘lishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat tomonidan tan olish;
- yer uchastkasining huquqlar buzilgunga qadar bo‘lgan holatini tiklash va huquqni buzuvchi yoki uning buzilish tahdidini yaratuvchi harakatlarning oldini olish;
- bitimlarni, shuningdek, davlat va boshqa organlarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning buzilishiga olib kelgan qarorlarini sud tomonidan haqiqiy emas deb topish;
- davlat va boshqa organlar tomonidan amaldagi qonunlarga zid bo‘lgan hujjat qabul qilinishi natijasida huquq egasiga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning o‘rnini davlat organlari va boshqa organlar tomonidan qoplash;
- yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni huquq egasining o‘zi himoya qilishi;
- yerga oid huquqiy munosabatlarni tartibga solishda qonun hujjatlari barqarorligini ta'minlash;
- davlat va boshqa organlarning qonunga zid bo‘lgan hujjatlari sud tomonidan qo‘llanilmasligi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotganda ushbu yer uchastkasidagi uy-joyni, xo‘jalik-yordamchi imoratlarni, inshootlarni va dov-daraxtlarni buzib tashlashga zararlarning o‘rni to‘liq qoplangunicha yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, kodeks 46-1-modda bilan to‘ldiriladi. Unda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning kadastr bahosini aniqlash tartibi aytiladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning kadastr bahosini aniqlash ishlari Kadastr agentligining “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning kadastr bahosi yer uchastkasining tabiiy joylashuvi, tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlari, yerlarning suv bilan ta'minlanganligi, tuproq bonitet balli, yetishtiriladigan mahsulotlarning bozor narxlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning kadastr bahosini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mavzuga oid
10:22 / 12.06.2021
Yer kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi
22:45 / 25.12.2020
Ko‘chmas mulkning bozor qiymati va boshqa xarajatlarning o‘rni to‘liq qoplanmagunicha uni buzish taqiqlandi
12:54 / 15.12.2020
Yer kodeksining 8ta moddasi bugungi kun talablariga javob bermasligi ma'lum qilindi
09:02 / 16.05.2020