O‘zbekiston | 21:58 / 04.09.2025
5416
5 daqiqa o‘qiladi

Qurilishdagi «salom-alik» va molxonada saqlangan ona-bola – mahalliy dayjest

Toshkentlik tadbirkor qurilish uchun ruxsatnomalar va kadastr hujjatlarini olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy «xarajatlar» haqida gapirdi. Farg‘ona vodiysida gaz zapravkalar ta’mirlash ishlari tufayli ikki kunga gazdan uziladi. Surxondaryoda ayol va uning 5 oylik farzandi yashirin ravishda molxonada saqlangani aniqlandi. Toshkent shahrida elektr energiya ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida Xitoydan ko‘chma nimstansiyalar keltiriladi. Namanganda fuqaro IIB binosida 2 kun davomida qiynoqqa solingani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Assalomu alaykum» bo‘lmaguncha, ruxsat berishmaydi — tadbirkor qurilishdagi korrupsiya haqida gapirdi

Toshkentda qurilish uchun ruxsatnomalar va kadastr hujjatlarini olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy «xarajatlar» bitta uy uchun 200 ming dollargacha yetishi mumkin, deb ma’lum qildi tadbirkor Usmonjon Abdusamatov.

U davlat organlari tomonidan arizalar qayta-qayta rad etilishi, «assalomu alaykum» bo‘lganidan keyingina ruxsat berilishini aytib, asossiz rad javobi beradiganlarga chora ko‘rishni so‘radi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tadbirkorning da’volarini rad qildi.

Farg‘ona vodiysida gaz zapravkalar ikki kunga gazdan uziladi

Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi «Ohangaron–Pungon» magistral gaz quvurining tog‘li hududdan o‘tuvchi qismida qariyb 22 km qo‘shimcha quvur yotqizildi.

Ushbu yangi quvurni tarmoqqa ulash bo‘yicha montaj ishlari olib borilishi munosabati bilan 2025 yil 5 sentabr kuni soat 12:00 dan boshlab 36 soat davomida «Ohangaron–Pungon» magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz uzatish vaqtincha to‘xtatiladi. Shu sababdan Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) hamda yirik iste’molchilarning gaz ta’minotiga 5-6 sentabr kunlari vaqtincha cheklov kiritiladi.

Surxondaryoda ayol va uning 5 oylik farzandi yashirin ravishda molxonada saqlangani aniqlandi

Ayolning turmush o‘rtog‘i onasi va yaqin qarindoshlari bilan til biriktirib, bir necha oy davomida unga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik ishlatgan holda molxonada saqlagan. Jabrlanuvchilar zudlik bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Erkak va uning ishga aloqador bo‘lgan uch nafar yaqin qarindoshi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Gumondorlar ayolning ruhiy holatida o‘zgarishlar borligidan (tilida nuqsoni borligi, fikrlarini to‘liq bayon qilishga qiynalishi) foydalangani ta’kidlanmoqda. Jinoyat ishi Surxondaryo viloyati IIB tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, ish yuzasidan barcha tegishli sud-tibbiyot ekspertizalari tayinlangan.

Toshkentga Xitoydan ko‘chma nimstansiyalar keltiriladi

Toshkent shahrida elektr energiya ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida Xitoydan ko‘chma nimstansiyalar keltiriladi, ulardan statsionar nimstansiyalarni ta’mirlash paytida foydalaniladi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.

U Xitoy bilan yangi yo‘nalishda, gidroakkumulyatsiya elektr stansiyalari (GAES) qurish loyihasi bo‘yicha ham kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Namanganda fuqaro IIB binosida 2 kun davomida qiynoqqa solingani aniqlandi

Holat 2025 yil 14 avgust kuni sodir bo‘lgan. 1991 yilda tug‘ilgan Abdulahad O‘rmonovni profilaktika inspektori B.D. va boshqa xodimlar IIB binosida ikki kun davomida qiynoqqa solib, hayoti uchun og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. So‘ngra uni mayda bezorilikda ayblab, Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudiga olib borishgan. Ammo ayblov tasdiqlanmagan, ma’muriy ish sud tomonidan rad etilgan.

IIV holat alohida nazoratga olinganini bildirdi. Qayd etilishicha, vaziyatni xolisona va to‘liq o‘rganish hamda xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida vazirlik rahbariyati boshchiligida tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilgan va Namangan viloyatiga xizmat safariga yuborilgan.

Mavzuga oid