O‘zbekiston | 13:13 / 19.07.2021
5638
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent konferensiyasida 600dan ortiq ishtirokchi qatnashgani ma'lum qilindi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaga 600 nafardan ortiq mehmonlar tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma'lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otgan.

OAV uchun o‘tkazilgan an'anaviy brifingda Kun.uz muxbiri prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga “Toshkent konferensiyasiga jami necha nafar ishtirokchi tashrif buyurdi, kutilgan mehmonlarning barchasi kelishdimi?” deya savol berdi.

“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiya xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otdi. 80 dan ziyod nufuzli xorijiy OAVlari vakillari bevosita Toshkentga kelib yoritishdi. Bundan tashqari, anjuman onlayn tarzda ham yirik platformalar orqali uzatib borildi.

Mehmonlar soniga kelsak, taklif qilingan mehmonlarning barchasi yetib kelishdi. Umumiy hisobda 600 nafardan ortiq ishtirokchilar mazkur konferensiyada qatnashdi.

Fursatdan foydalanib, xorijiy va mahalliy jurnalistlarga tadbirni faol yoritib borganlari uchun minnatdorchilik bildiraman”, dedi Sherzod Asadov savolga javoban.

Mavzuga oid