Sport | 10:05 / 12.09.2021
22136
7 daqiqa o‘qiladi

G‘oliblik ortidagi ko‘rinmas mashaqqatlar. Paralimpiada qahramonlari bilan tanishuv

Paralimpiya sovrindorlarining har birining alohida hikoyasi bor, ularning har biridan o‘rnak olsa arziydi. Kun.uz Tokioda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan para-atletlarni jamoatchilikka yaqinroq tanishtirish maqsadida ulardan uch nafari bilan suhbatlashdi.

“Ovozga qarab sakrashni o‘rganaman deb, 4-5 marta oyog‘im gips qilingan” — qat'iyatli Asila

Asila Mirzayorova sog‘lom, bolaligidan turli sport va musiqa to‘garaklariga faol qatnashadigan qiz edi. U 9-sinfni tugatayotgan paytda oromgohda koptokdan kuchli zarba oladi va ko‘z pardasi ko‘chishi sodir bo‘ladi. Bir yil davomida shifoxonama-shifoxona yurish foyda bermaydi, Asilaning ko‘zi kundan kunga xiralashib boraveradi.

“Para yengil atletika bilan 5 yildan beri shug‘ullanaman. 2016 yilda Rioda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlaridan so‘ng men ham Paralimpiya o‘yinlarida qatnashaman va medal olaman, deb qat'iy niyat qilgandim.

Dastlab, murabbiyim – yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya jamoasi bosh murabbiyi Sardor aka Abduxoliqovning yoniga borib, meni jamoasiga olishini so‘raganimda, u: “Tashqi ko‘rinishing umuman sportchilarga to‘g‘ri kelmaydi, lekin jasorating sabab seni, albatta, chempion qilaman”, degandi. Shundan so‘ng shug‘ullanishni boshlaganman.

Boshida uzunlikka sakrash men uchun juda qiyin bo‘lgan. Sababi ovozga qarab sakrashdan juda qo‘rqqanman. 4-5 marta yiqilib, oyog‘im gips bo‘lgan. Boshqa sakramayman deb tushkunlikka tushgan paytlarim ham bo‘lgan”, – deydi para yengil atletika bo‘yicha Tokio o‘yinlari kumush medali sohibi Asila Mirzayorova.

O‘z ustida tinimsiz ishlash natija ko‘rsatib, Asila ketma-ket yutuqlarga erisha boshlaydi. U birinchi ishtirokidayoq Paralimpiya o‘yinlari chempioni bo‘ldi.

Asilaning onasi Dilfuza Hasanova butun oila qizini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaganini bildirib, boshqa ota-onalarga ham shuni maslahat berdi.

“Ota-onalar hech qachon farzandim nogiron, qo‘lidan hech narsa kelmaydi deb o‘ylamasin, ota-ona farzandlariga to‘g‘ri yo‘l tanlashda yordam bersa, har qanday odam ham yo‘lini topib ketadi”, – deydi sportchining onasi.

Asila esa ko‘zi ojiz yigit-qizlarga sport bilan shug‘ullanishni, hech qachon tushkunlikka tushmaslikni tavsiya qiladi.

“Odamning ko‘rinishiga qarab baho bermaslik kerak. Mening raqiblarim mendan ancha bo‘yi baland va jismoniy jihatdan baquvvat edi. Lekin men ularni kumush medal olib qo‘rqitib qo‘ydim. Sport insonni qat'iyatli qiladi”, – deydi Asila Mirzayorova.

“Yutuq ortidagi qiyinchiliklar ko‘rinmaydi” — Bobur Omonov hikoyasi

Bobur Omonov bolaligida bo‘yi pastligi sabab o‘zini himoya qilish uchun turli sport turlari bilan shug‘ullanishga, kuchli bo‘lishga harakat qiladi, 2017 yilda para yengil atletikaga kirib keladi.

Bobur 2021 yilda jahon chempionatida tosh uloqtirish bo‘yicha 14,31 sm uzunlik bilan jahon rekordini yangilagan. Tokio paralimpiya o‘yinlarida esa 14,06 sm bilan Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.

 “Paralimpiya o‘yinlariga kirib kelishim 2016 yilda murabbiyim bilan tanishuvim bilan boshlangan. Murabbiyim 2016 yilda Rio o‘yinlarida qatnashib, “Malibu” avtomobili bilan taqdirlangan edi. Sportning ortidan ham shuncha yutuqqa erishish mumkinligi meni hayron qoldirgan va mening ham jiddiy shug‘ullanishimga sabab bo‘lgan.

Tashqaridan qaraganda tosh uloqtirish boshqalarga oson tuyuladi. Lekin mashaqqati ko‘p. Odamlarga asl qiyinchiliklar bilinmaydi”, – deydi Para yengil atletika bo‘yicha Tokio o‘yinlari oltin medali sohibi Bobur Omonov.

Bobur Omonov keyingi Paralimpiya o‘yinlarida ham bir necha martalab chempion bo‘lishni maqsad qilgan.

“Hali ham o‘yinning og‘riqlarini tanamda his qilyapman” — Guljanoy Naimova

Guljanoy Naimova – para taekvondo bo‘yicha Tokio o‘yinlari oltin medali sohibi, u O‘zbekiston hisobiga oxirgi oltin medalni taqdim qildi va o‘yinlar yuqori kayfiyat bilan yakunlanishiga hissa qo‘shdi.

Guljanoy kichikligidan sport bilan shug‘ullanadi. Dastlab gimnastika bilan shug‘ullangan bo‘lsa, keyinroq akalariga qiziqib, taekvondoga qatnay boshlaydi.

“Uydagilarimga boshida bu sport turiga borishim yoqmagan. Meni qaytarmoqchi bo‘lishgandi, darvozani yuzimga yopib qo‘yishgan paytlari ham bo‘lgan. Lekin hozir hammalari xursand, meni qo‘llab-quvvatlashadi”, – deydi Guljanoy.

Chempion Tokio o‘yinlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rganini aytadi. Yarimfinalda o‘zi ko‘p marta yutqazgan, xalqaro reytinglarda o‘rni baland britaniyalik sportchi bilan kurashgan va kuchli ishonch bilan raqibini katta farq evaziga mag‘lub qilgan.

U paralimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lgan eng yosh para taekvondochi bo‘ldi.

“O‘yinlar juda shiddatli bo‘ldi. Hozir O‘zbekistonda bo‘lsam ham, hali tanamda his qilyapman.

Boshqalarga ham kuchli bo‘lishni, mehnat qilganda oxirigacha qilishni, charchaganda sabr qilishni aytaman. Bizni yaxshi marralar kutib turibdi”, – deydi Guljanoy.

Sportchi mukofot puliga ota-onasini Haj safariga olib borishni, qolaversa, mehribonlik uylariga sovg‘a-salom bilan borishni niyat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 24 avgustdan 5 sentyabrgacha Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan 16-yozgi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 8ta oltin, 5ta kumush va 6ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 16-o‘rinni egalladi.

Sportchilar Toshkentga qaytgan kuni oltin medal sohiblari 200 ming dollar, 3 xonali uy va Tahoe avtomobili; kumush medal sovrindorlari 100 ming dollar, 2 xonali uy va Traverse avtomobili; bronza medal egalari 50 ming dollar, 2 xonali uy va Trailblazer avtomobili bilan mukofotlandi.

Para-atletlar va ularning murabbiylariga davlat mukofotlari ham berildi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Kun.uz materialni tayyorlashga yordam bergan O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasiga minnatdorchilik bildiradi.

Mavzuga oid