Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Biznesni 15 daqiqada boshlash tizimi va o‘zbek-turkman chegaraoldi savdo zonasi – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
1 yanvardan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tizimi ishga tushadi
2026 yil 1 yanvardan e’tiboran «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili joriy etilib, o‘z biznesini ro‘yxatdan o‘tkazayotgan tadbirkorlarga shu vaqtning o‘zida elektron raqamli imzo kalitini berish, bank hisobvaraqlarini ochish, ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi guvohnomasini olish, onlayn nazorat-kassa mashinalarini masofadan turib sotib olish va ularni soliq organlarida onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqa xizmatlar taqdim qilinadi.
Bu xizmatlardan foydalanish tadbirkor uchun ixtiyoriy bo‘ladi. Tanlangan xizmatlar bo‘yicha yagona QR kod orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
«Shovot–Toshhovuz» chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng «Shovot–Toshhovuz» qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini ochish marosimida ishtirok etdi. Yangi savdo hududi Xorazm va Toshhovuz viloyatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Mazkur hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlarining ma’muriy binolari, savdo paviloni va omborlar joylashgan.
Zonada «yagona darcha» tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, interfaol tizimlar, bank, tibbiyot va mehmonxona xizmatlari uchun zarur infratuzilma, katta avtoturargoh ham tashkil etilgan.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi
Prezident farmoni bilan, O‘zbekistonda biznes yuritishni soddalashtirish choralari belgilandi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar hujjatlarda to‘liq ism-sharifi bilan atab kelinadi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa ular o‘z firma nomiga ega bo‘lishi mumkin – prezident farmoni asosida bunga ruxsat berildi. Shuningdek, yuridik shaxslar litsenziya qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortilganida, ularning mansabdor shaxslarini alohida ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi.
«Credit House» ishi sudga oshirildi: 9 kishi ayblanmoqda
Toshkentda oson shartlar bilan uy olib berishni va’da qilgan «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakunlanib, ish mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ish doirasida ayblanayotganlar 9 kishi. Ular uyushgan guruh tomonidan juda ko‘p miqdorda firibgarlik, mulkiy zarar yetkazish, juda ko‘p miqdorda valuta qimmatliklarining qonunga xilof muomalasi, chet el valutasini yashirish, juda ko‘p miqdordagi soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa moddalar bilan ayblanmoqda.
IIV «Kriminal» dasturida e’lon qilingan dastlabki ma’lumotda 860 nafardan ortiq fuqaro jabrlanuvchi sifatida e’tirof qilingan va aniqlangan zarar miqdori 182 mlrd so‘m ekani aytilgandi.
O‘zbekistonda ilk bor ona va o‘g‘il o‘rtasida vena transplantatsiyasi amalga oshirildi
Milliy tibbiyot markazida O‘zbekiston tibbiyoti tarixida ilk bor bir insondan boshqasiga teri osti yirik vena (vena saphena magna) transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Qirg‘izistonlik 71 yoshli ayol oyoqlaridagi og‘ir qon yetishmovchiligi tufayli amputatsiya xavfi ostida edi. Uning 43 yoshli o‘g‘li esa onasini saqlab qolish maqsadida donor bo‘lib, venasi bemorning pastki oyoq arteriyasiga shunt sifatida ko‘chirib o‘tkazildi... Ushbu tarixiy operatsiya bemorning hayotini saqlab qolish bilan birga, O‘zbekiston tibbiyotida yangi sahifa ochilganini yana bir bor tasdiqladi. Hozir bemorning ham, donorning ham ahvoli barqaror.
Mavzuga oid
22:53 / 10.02.2026
Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest
21:45 / 06.02.2026
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026