O‘zbekiston | 18:59 / 26.07.2020
228349
10 daqiqa o‘qiladi

1 avgustdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an'anasiga muvofiq 2020 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Bir qator transport vositalaridan utilizatsiya yig‘imi olinadi

Utilizatsiya yig‘imi stavkalari va utilizatsiya yig‘imi to‘lanadigan g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari turlari va toifalari ro‘yxat asosida tasdiqlangan.

Asos: «G‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish to‘g‘risida»gi hukumat qarori.

Ayrim transport vositalarini olib kirishda amalda bo‘lgan aksiz solig‘i stavkalari bekor qilinadi

8701 (traktorlar), 8702 (10 yoki undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan motorli transport vositalari), 8703 (yengil avtomobillar) va 8704 (yuk tashishga mo‘ljallangan motorli transport vositalari) TIF TN kodlar bo‘yicha transport vositalarini olib kirishda amalda bo‘lgan aksiz solig‘i stavkalari bekor qilinadi.

Asos: «Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada tartibga solish va avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori.

Davlat tilida markirovkalanmagan tovarga muvofiqlik sertifikati berilmaydi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan iste'mol tovarlarining ayrim turlari ishlab chiqaruvchi tomonidan O‘zbekistonning davlat tilida (lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida) markirovka qilinmagan taqdirda, mazkur tovarlarga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish taqiqlanadi (qonun hujjatlaridagi istisnolardan tashqari).

Asos: 2018 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3818-son qaroriga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi prezident qarori.

Senatda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish, shuningdek, aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish maqsadida o‘rganilgan masalalar bo‘yicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qo‘mitalarining sayyor majlislarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Asos: 2020 yilgi davlat dasturiga oid prezident farmoni.

Ayrim teatrlarda chiptalarni sotish Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimi (BOYaET) orqali amalga oshiriladi

1 avgustdan boshlab, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri, O‘zbekiston milliy akademik drama teatri, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri va «Buxoro» davlat muzey-qo‘riqxonasida chiptalarni sotish BOYaET orqali amalga oshiriladi.

Asos: «O‘zbekiston Respublikasida muzey va teatrlarning marketing faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi hukumat qarori.

Temir yo‘l transporti tashkilotlari o‘zlarining axborot tizimlarini bojxona organlarining axborot tizimlariga integratsiyalaydi

Bu orqali temir yo‘l transporti tashkilotlari bojxona nazorati ostidagi vagon va konteynerlarning mamlakat ichidagi harakatlari haqidagi ma'lumotlarni bojxona organlariga real vaqt rejimida beg‘araz tarzda taqdim etib boradi.

Asos: «Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Ayrim davlat tashkilotlari huzurida nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlari tashkil etiladi

Eksperiment tariqasida Davlat bojxona qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlari tashkil etiladi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida o‘z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilgani haqidagi murojaatlari Apellyatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi o‘rnatiladi.

Asos: «Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori.

Majburiy ijro byurosining ayrim vakolatlari boshqa tashkilotlarga o‘tkaziladi

1 avgustdan boshlab, MIBning:

  • elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarining joriy etilishini tashkil etish va ushbu jarayonlar ustidan monitoring o‘tkazishga doir vazifa va vakolatlari ― Energetika vazirligiga;
  • elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta'minlash, iste'molchilarning qarzdorligi kamaytirish, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz sotuvi va iste'molini hisobga olish bo‘yicha vazifa va vakolatlari ― tegishlicha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning hududiy korxonalariga va «Hududgazta'minot» AJning hududiy gaz ta'minoti tashkilotlariga;
  • elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olishga doir vazifa va vakolatlari ― tegishlicha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning hududiy korxonalariga va «Hududgazta'minot» AJning hududiy gaz ta'minoti tashkilotlariga hamda o‘z vakolatlari doirasida tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘tkaziladi.

Asos: «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Andijon, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarida «ochiq osmon» rejimi joriy etiladi

Reyslar soni va yo‘nalishlari bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishni, shuningdek, xorijiy aviakompaniyalarga 5-darajadagi «havo erkinligi»ni taqdim etishni nazarda tutuvchi «Ochiq osmon» rejimi Andijon, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi.

Shuningdek, investorlarning yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini («Chorvoq» erkin turistik zonasi hududida tashkil etilayotganlardan tashqari) tegishli xavfsizlik darajasini ta'minlagan holda qurish va jihozlash uchun yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismi ularni 2023 yil 31 dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga kamida 500 metr bo‘lish sharti bilan har bir 500 metr yo‘l uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 1 milliard so‘m miqdorida qoplanadi. Bunda yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini qurish va jihozlash bo‘yicha dastlabki 50 ta loyihaga yo‘naltirilgan investorlar xarajatlarining bir qismi qoplanadi.

Bundan tashqari, gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarning xizmatlari o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Asos: «Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori.

HETKlar tomonidan sotib olinadigan muqobil energiya tarifi belgilanadi

Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalari, quvvati 1 MVt gacha bo‘lgan mikro va kichik gidroelektrstansiyalardan, shu jumladan o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib olish bo‘yicha tarif, sotish, tarqatish va yetkazib berish xarajatlarini chegirib tashlagan holda, II tarif guruhi iste'molchilari darajasida belgilanadi.

Asos: «Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori.

«Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kiradi

2019 yil 7 noyabrda imzolangan «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonun joriy yilning 1 avgustidan boshlab kuchga kiradi.

Qonun ko‘p kvartirali uylardagi turar joylar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning mulkdorlari, ko‘p kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchilar, uy-joy mulkdorlarining shirkatlari, shuningdek faoliyati ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa shaxslarning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi.

Mavzuga oid