O‘zbekiston | 19:37 / 11.06.2020
85753
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim avtomobillarni olib kirishda aksiz solig‘i bekor qilindi. Bu import mashinalar narxiga qanchalik ta'sir etadi?

Prezidentning tegishli qarori bilan 2020 yil 1 avgustdan boshlab 8701 (traktorlar), 8702 (10 yoki undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan motorli transport vositalari), 8703 (yengil avtomobillar) va 8704 (yuk tashishga mo‘ljallangan motorli transport vositalari) TIF TN kodlar bo‘yicha transport vositalarini olib kirishda amalda bo‘lgan aksiz solig‘i stavkalari bekor qilinadi.

Bundan tashqari, 1 avgustdan utilizatsiya yig‘imi stavkalari va utilizatsiya yig‘imi to‘lanadigan g‘ildirakli transport vositalari ro‘yxati tasdiqlandi.

Transport vositalarini «erkin muomalaga chiqarish» (import) bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar yoki O‘zbekiston hududida sotiladigan g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalarini ishlab chiqaradigan (yig‘adigan, tayyorlaydigan) jismoniy va yuridik shaxslar utilizatsiya yig‘imi to‘lovchilari hisoblanadi.

Import mashinaga aksiz solig‘ining bekor qilinishi va utilizatsiya yig‘imining paydo bo‘lishi narx-navoga qanday ta'sir etadi? Avtomobil bozorida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? Bir necha markadagi xorijiy avtomobillarni import qiluvchi Roodell kompaniyasi bosh direktori Doniyor Davletyarov bilan suhbatda shu haqda so‘z borgan.

«O‘zbekistonda import qilinuvchi mashinalar bir nechta turlarga ajratilgan. Masalan, yengil va yengil tijoriy turdagi avtomobillarni import qilish uchun qanday to‘lovlar joriy etilgani haqida gaplashsak, Rossiya, Qozog‘iston, Belorus va Ukrainada ishlab chiqarilgan mashinalarni import qilishda davlat boj to‘lovi nolga, aksiz solig‘i esa 2 foizga teng.

Importdagi aksiz solig‘ining bekor qilinishi ularga katta ta'sir qilmaydi. Boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan mashinalarning importi uchun 30 foiz davlat boji o‘rnatilgan. Bundan tashqari, motor kuchining har bir sm/kub uchun haq to‘lanadi. Bunga aksiz solig‘i ham hisoblangan: u ham dvigatel hajmiga qarab to‘lanadi. Import mashinalar to‘lovining 60 foizini davlat boji tashkil etadi, aksiz solig‘i esa 30-40 foizga tenglashadi. Bundan tashqari, alohida shaklda QQS to‘lanadi. Shunda, RF, Qozog‘iston va Ukrainada ishlab chiqarilgan mashina bo‘lmasa, aksiz solig‘i bekor qilingani tufayli narxdan 30 foizga kamayishi mumkin», – deydi u.

Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va MDHdagi boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan avtomobilning ishlab chiqarilganligi ST-1 sertifikati bilan tasdiqlanmasa, ulardan boj to‘lovi undiriladi. 

Davletyarov ma'lumotiga ko‘ra, qo‘shimcha imtiyozlarsiz O‘zbekistonga import qilinayotgan mashinalar orasida Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan mashinalar yetakchilik qiladi. Ularning importdagi ulushi qariyb 88 foizga teng. Shu tufayli, shu paytgacha import qilingan mashinalar narxida keskin tushish kuzatilmaydi. 

Doniyor Davletyarov suhbat davomida utilizatsiya yig‘imlarining joriy etilishi va uning mashina narxiga ta'siri haqida gapirib o‘tgan. Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.

Mavzuga oid