Jahon | 11:49 / 01.03.2020
86586
7 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Putinga: «Qarshimizdan chekining va bizni rejim bilan xoli qo‘ying»

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Idlibda 34 askar shahid bo‘lgan hujumdan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kechgan muloqoti haqida so‘z ochdi. U Suriya masalasi Turkiya uchun aslo bir sarguzasht yoki chegaralarni kengaytirishga bo‘lgan urinish emasligi, qochqinlar masalasida Turkiyaning eshiklarini ochish qarori qat'iy ekani, Yevropa Ittifoqi bergan va'dasining ustidan chiqishi lozimligini ta'kidlagan.

Foto: YeniKalem

Adolat va taraqqiyot partiyasining Istanbuldagi deputatlari yig‘ilishida so‘zga chiqqan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyaning chegaralarni ochib yuborish qaroriga urg‘u berar ekan shunday dedi: «Kecha nima qildik, eshiklarni ochib yubordik. Bugun tongdagi holatga ko‘ra, chegaradan kesib o‘tganlar soni 18 mingni tashkil qildi, ularning soni bugun 25 ming bo‘lishi mumkin. Biz bundan keyin ham eshiklarni yopmaymiz. Yevropa Ittifoqi va'dasida turishi kerak». 

HABERTURK.COM

Erdo‘g‘anning nutqidan kelib chiquvchi satrboshilar quyidagicha:

«Suriya masalasi bir sarguzashttalablik iddaosi emas»

«Suriya masalasi Turkiya uchun aslo bir sarguzashttalablik yoki chegaralarni kengaytirishga bo‘lgan urinish emas. Biz siyosiy doiralarda va ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizning Suriyada olib borayotgan kurashining mohiyatini hali ham tushunmayotganlar borligini ko‘rmoqdamiz.

Qarshimizdagi manzara g‘oyat aniq va ravshan. Turkiya 40 yil davomida tafriqachi terror tashkiloti tomonidan energiyasi g‘orat qilingan bir o‘lka sifatida yashadi. Biz buni o‘zgartirish uchun ko‘plab usullarini sinab ko‘rdik.

Demokratlashtirishdan tortib, to yirik infratuzilma sarmoyalariga qadar uzangan bu odimlarda ijobiy natijalarga erishdik. Qoloqlik muammolarini hal etib, Turkiyani bo‘linmas bir butun holatga keltirdik. …bosh-keti uzilmagan ichki va tashqi muammolarga duch keldik. Millatimiz o‘yinlarni ko‘rdi va yonimizda turdi.

Albatta, biz badallar to‘ladik, maqsadlarimizga yetishishda qiyinchiliklarga uchradik, ammo biz hech qachon mamlakatimiz oyoqosti qilinishiga izn bermadik. 15 iyul – Turkiyani cho‘ktirishga bo‘lgan urinishning cho‘qqisi edi. Bundan bir ish chiqmagach, janubiy sarhadlarimiz bo‘ylab o‘lkamizni qurshab olishga harakat qildilar.

Ular Bazmi Alem Valide masjidini uch kecha-yu uch kunduz ishg‘ol qildilar. U yerdan pivo shishalari va qutilarini yig‘dik. Shuncha voqea sodir bo‘lgani holda, go‘yo bu vatanni sevishini iddao qilganlar asosiy muholifat boshi yoshlarni oydinlik rahbari sifatida e'lon qilishdi. Bular oydinlik emas, aldangan yoshlardir».

Idlib masalasi

«Idlib masalasi mamlakatimizni farqli bir tarzda burchakka tirash va boshqa yutuqlarni qo‘limizdan tortib olish uchun qo‘zg‘atilgan mavzu sifatida qarshimizga keldi. Hozir 4 million odam chegara tomon harakatlanmoqda. Biz bularning barchasi uchun xavfsiz hudud yaratish ustida ishlayapmiz. Bir tomondan, Atme lagerida tirbandlik bor, boshqa tomondan, biz yanada qulay turar-joy hududini yarataylik, deyapmiz».

Merkel bilan dialog

«Merkelga dedimki, qarang, shunday bir vaziyat bor. Menga va'da bergandingiz. Bu yerga keling va dastak bering, uddasidan chiqaylik. Tortisha-tortisha ko‘pi bilan 25 million yevro beraman, dedi. U pulni «Qizil Xoch»ga berishini, u yerdan esa «Qizil yarim oy»ga o‘tkazilishini aytdi. Dediki, bu raqam BMTning qochqinlar bo‘yicha idorasiga borishi kerak. U yerdan «Qizil Xoch»ga, keyin «Qizil yarim oy»ga boradi. Albatta, bunday narsa yuz bermadi.

Men kanslerga qo‘ng‘iroq qildim. U pul tayyorligini aytdi. Jo‘natadigan bo‘lsangiz, bu pulni to‘g‘ridan to‘g‘ri bizga jo‘nating yoki men bu qochoqlarni sizga jo‘natay-da, 100 million yevro beray», dedim.

Ishonish mumkin emas. Biz o‘z kindigimizni o‘zimiz kesishga majburmiz. Rabbim barakatini bersin, inshalloh. Bu ishlarni biz shunday yurityapmiz, yuritajakmiz.

Biz immigratsiyaning yangi to‘lqinini ko‘tarishga qodir emasmiz. Qolaversa, biz millionlab odamlarni rejimning rahm-shafqatiga shundoq tashlab qo‘ymoqchi ham emasmiz. Biz u yerga Asad mehmoni sifatida emas, balki Suriya xalqining mehmoni sifatida bordik. Suriya xalqi: «Bu ish hal bo‘ldi», demay turib, u yerni tark etish niyatimiz yo‘q».

Ayni vaqtda Turkiya o‘n minglab qochqinlar uchun Yevropa Ittifoqi chegaralarini ochib yuborgan / Reuters

Putin va Tramp bilan muloqot

«Putinga «Sizning u yerda nima ishingiz bor? Qarshimizdan chekiling, bizni rejim bilan xoli qo‘ying», – dedim

Ular esa chekildik, deya olmayaptilar. Manfaatlari nima? Ishoning, buni hal qila olmayapmiz. Masala baza qurish bo‘lsa, mayli quring, bundan tashvishlanishga hojat yo‘q.

Tramp «Putin bu yerda nimani kutmoqda?», deb so‘rayapti. Men ularning Qamishlida neft bilan bog‘liq dardi borligini aytdim. «U yerda neft bormi?» dedi. Bor, lekin Deyrizor qadar emasligini aytdim. Bizning bunday dardimiz yo‘q.

Idlibda hamma joyni shafqatsizlarcha yo‘q qilishdi. Ushbu kurashni Idlibda davom ettirishimiz kerakligining sababi – odamlarning boshiga tushgan falokatdir. Muammoni faqat Idlib misolida ko‘rib chiqish noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Turkiyaning Suriya masalasidagi siyosatiga boqish kerak.

Agar bugun chegaralarimizni terrorizmdan tozalamasak, ertaga qarshimizdan chiqadigan manzara aniq. Bugun biz Idlib, Qamishli, Rasulaynda qilmagan jangimizni ertaga, Xudo asrasin, Shirnoqda, Mardinda, Hatayda qilishimizga to‘g‘ri keladi. Asl nishon Suriya emas, Turkiyadir. Bugun Suriyani uchga bo‘lib yuborganlarning ertaga Turkiya hududiy yaxlitligiga nisbatan hurmat bajo keltirishini xayol qilish – g‘aflatdir. Bugun birgina Suriyada yetishtirilgan terrorchilar soni 40 ming bilan 60 ming orasida. Qolaversa, Suriyada ko‘zlari bizning tuproqlarimizda ekanini inkor etmaydigan bir rejim bor ekan, qanday qilib biz bu yerda tinch yashay olamiz.

... «Turkiyaning Suriya bilan nima ishi bor?» savoli, aslida, Turkiya terror tashkilotiga va dushman rejimga taslim bo‘lishi kerak, degan gap bilan barobardir».

Mavzuga oid