O‘zbekiston | 00:24 / 02.12.2020
7407
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat «snos»lar bo‘yicha tadbirkorlar oldidagi qarzini 2021 yilda ham uza olmasligi mumkin

Hukumat yer uchastkalari olib qo‘yilgani uchun yetkazilgan zararni qoplashga 2021 yilda 150 mlrd so‘m ajratmoqchi. Rasul Kusherbayevning fikricha, bu mablag‘ 2–3ta tumanga yetadi xolos. Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov «budjetning imkoniyati» shu ekanini aytdi.

2021 yilgi davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, 2021 yilda Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha jamg‘armaga 150 mlrd so‘m ajratilishi kutilmoqda.

«Snos»lar ko‘lamidan kelib chiqilsa, bu miqdor juda ham kam, deb hisoblaydi deputat Rasul Kusherbayev. U O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovga shu haqda savol berdi.

«Bu summa qayoqdan kelib chiqdi? Amaldagi real ehtiyojga qaraganda juda ham kam summa qo‘yilgan.

Masalan, Toshkent viloyatining bitta tumanini bilaman, shu tumanning o‘zida asosan tadbirkorlardan 100 mlrd so‘m atrofida qarzdorlik bor. Pullar haligacha qoplab berilmagan. Joyini buzishga buzib tashlab, haliyam yotibdi... Bu yerdagi raqam respublika bo‘yicha 2 yoki 3 ta tumanni qoplaydi xolos.

Hokimiyatlar bilan qanchadan beri janjallashamiz, «pulimiz yo‘q» deyapti. Lekin joyini buzib bo‘lgan, nima qilsa qilgan.

Bu raqam qayerdan kelib chiqdi? Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, kelasi yil davomida ham tadbirkorlar oldidagi qarzimizni uza olmas ekanmiz-da? U yerda oddiy fuqarolar ham bor. Bu [yo‘nalishga ajratiladigan mablag‘] aslida qanchadir trillion bo‘lishi kerak», – dedi Rasul Kusherbayev.

Bunga javoban, moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 150 mlrd so‘m «budjetning imkoniyatidan kelib chiqib qo‘yilgani»ni aytdi.

«Yangi tartib ishlab chiqildi. Yangi tartibga ko‘ra, buzilishdan oldin ruxsat olinadi, yetarli mablag‘ bor bo‘lsa, keyin buziladi. Shundan kelib chiqib, budjetning imkoniyatidan kelib chiqib, 150 mlrd mablag‘ qo‘yganmiz bu yo‘nalishga», – dedi u.

Mavzuga oid