2017 yili poytaxt markazida «Toshkent siti» qurilishi munosabati bilan hududdagi ko‘plab bino-inshootlar buzib tashlangan edi.
Kun.uz'ga murojaat qilgan «Mehnat Agrofirmasi» MChJ mas'ullarining aytishicha, ularga tegishli bo‘lgan «Marmaris» restorani ham «siti» qurilishi munosabati bilan buzilgan.
Korxona yuristi Sanjar Muhammadjonovning aytishicha, restoran 2017 yilda, Toshkentning o‘sha vaqtdagi hokimi Rahmonbek Usmonovning shaxsan o‘zi va prokuratura xodimlari kelganidan so‘ng, hokimiyat vakillari tomonidan hech qanday to‘lov berilmasdan buzib tashlangan. Firma esa restoran ichidagi mebellar va idish-tovoqlarni olib chiqishga ulgurgan, xolos.

Furqat ko‘chasi 2-uy manzilida joylashgan restoran «Veritas» MChJ baholovchi tashkiloti tomonidan 14 mlrd 856 mln so‘mga, yetkazilgan zarar miqdori esa 2 mlrd 377 mln so‘mga baholanadi.
Restoran mulkdori yetkazilgan zararni qoplab berishni so‘rab, «Toshkent siti» direksiyasi, Shayxontohur tuman hokimligi, Toshkent shahar hokimiyati va uning huzuridagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markaziga murojaatnoma va talabnomalar beradi.
Barcha murojaatlar e'tiborsiz qoldirilgach, «Mehnat Agrofirmasi» MChJ Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritadi. 2020 yil 8 iyul kuni sud javobgar Toshkent shahar hokimiyati hisobidan «Mehnat Agrofirmasi» MChJ foydasiga 14 mlrd 856 mln so‘m kompensatsiya to‘lovi undirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi.

E'tiborli jihati shu kunga qadar shahar hokimligi na qarordan norozi bo‘lib yuqori instansiyaga shikoyat kiritgan, na tadbirkorning pulini to‘lab bergan.
«Mehnat Agrofirmasi» MChJ yuristi Sanjar Muhammadjonovning aytishicha, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida» qonunning 30-moddasiga muvofiq, ijro hujjatining talablari ixtiyoriy ijro etilishi uchun belgilangan muddat [15 kun] tugagandan e'tiboran ko‘pi bilan 2 oy muddat ichida davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilishi va ijro etilishi kerak.
Lekin ish borasida 2020 yil 13 avgust kuni sudning hal qiluv qarorini qabul qilib olib, o‘sha kuni ijro ishini qo‘zg‘atish bo‘yicha qaror qabul qilgan Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘limi esa oradan 3 oy o‘tgan bo‘lsa-da undiruvni ta'minlab bera olmayapti.











