Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri va jarima ballarini olgan 60 ming haydovchi – mahalliy dayjest
2026 yilda O‘zbekiston aholisi va qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar sonini ro‘yxatga olish jarayoni bo‘lib o‘tadi. Poytaxtdagi ekologiyaga zarar yetkazayotgan korxonalar Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi. Uch oyda 60 mingdan ziyod haydovchi jarima ballarini oldi. Samarqand bog‘chalariga muzlatilgan va hidlangan go‘sht yetkazilgani aytilmoqda. «Tashabbusli budjet»da yana 35 ta loyiha qo‘shimcha g‘olib deb topildi. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
2026 yilda aholini ro‘yxatga olish jarayoni o‘tkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar O‘zbekiston aholisi va qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar sonini ro‘yxatga olish jarayoni bo‘lib o‘tadi. Tadbirning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa «mahalla yettiligi» ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Ro‘yxatga olish natijasida 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Poytaxtdagi ekologiyaga zarar yetkazayotgan korxonalar Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Qayd qilinishicha, Toshkent viloyatidagi ayrim bo‘sh yerlar «Toshkent invest» kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, poytaxtda ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar shu joylarga ko‘chiriladi.
Viloyatda 2 milliard 500 million dollarlik investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Agar ular bajarilsa, 11 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanadi, 434 million dollarlik eksport quvvati yaratiladi.
Uch oyda 60 mingdan ziyod haydovchi jarima ballarini oldi
1 iyundan boshlab, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash tizimi ishga tushirilgan edi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining xabar berishicha, o‘tgan uch oy ichida 60 mingdan ortiq haydovchi jarima ballarini olgan.
Shuningdek, uch oy ichida qoidabuzarliklar va yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamaygan. Xususan, iyun-avgustda 167 mingta qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan (285 mingta) 58 foizga kam. Bu davrda haydovchi aybi bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 2024 yildagi 531 tadan joriy yilda 338 tagacha — 36 foizga qisqargan.
Samarqand bog‘chalariga muzlatilgan va hidlangan go‘sht yetkazilgani aytilmoqda
9 sentabrdan Samarqand viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari yangi autsorsing kompaniyasi bilan ishlay boshladi. Ammo dastlabki kundanoq ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklar paydo bo‘ldi.
Jumladan, Samarqand shahridagi ko‘plab bog‘chalarga yetkazib berilgan mahsulotlar, ayniqsa go‘sht sifati haqida shikoyatlar ko‘paydi. Xabarlarga ko‘ra, bog‘chalarga muzlatilgan va hatto hidlangan go‘sht tarqatilgan. Kun.uz ushbu holat bo‘yicha jurnalistik surishtiruv olib bordi.
«Tashabbusli budjet»da 35 ta loyiha qo‘shimcha g‘olib deb topildi
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan g‘olib bo‘lmagan navbatdagi loyihalarni moliyalashtirish uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 47 mlrd 657 mln so‘m ajratilib, 35 ta loyiha qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha tarzda g‘olib loyihalarni e’lon qilish vakolati berilgan.
«Tashabbusli budjet»ning 2025 yil ikkinchi mavsumida 18734 ta loyiha ishtirok etdi, ular uchun jami 11 mln 137 mingta ovoz berilgan va qiymati 3,1 trln so‘mdan ortiq bo‘lgan 2332 ta loyiha g‘olib deb topilgan.
Mavzuga oid
21:28 / 25.12.2025
Deputatlar yashirincha tasdiqlagan 41 trln so‘m va YHXX raddiyasi – mahalliy dayjest
21:41 / 24.12.2025
Yo‘llardagi yuzlab kameralarning internetda ochiq qoldirilishi va o‘zbek so‘mida sigareta tutatgan xorijliklar – mahalliy dayjest
21:57 / 23.12.2025
Yirik supermarketlarga ogohlantirish va sudi boshlanayotgan «Credit House» – mahalliy dayjest
23:40 / 22.12.2025