Muzokaralar naf bermayapti. Suriyada Rossiya va Turkiya o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y beradimi?
Rossiya va Turkiya diplomatlari olib borayotgan muzokaralarga qaramasdan Suriya shimolidagi vaziyat keskinlashishda davom etmoqda. Bi-bi-si vaziyat nazoratdan chiqishi va keng ko‘lamli mojaro kelib chiqishi ehtimolini tahlil qildi.

Foto: AFP
Turkiyadagi yuqori martabali amaldorlardan birining Blumberg agentligiga ma'lum qilishicha, Anqara AQShga mamlakat janubiga ikkita Patriot batareyasi - havo hujumiga qarshi zenit-raketa majmuasini joylashtirish bo‘yicha iltimos bilan chiqqan. AQShning Turkiyadagi elchixonasi bu xabar bo‘yicha hech qanday izoh bermadi.
Patriot majmualari Turkiyaga Suriyaning Idlib viloyatida keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlash uchun kerak. Bu hududdagi harbiy harakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, bu yerda aviatsiya yordamisiz urush olib borish halokatga yetaklaydi. Demak, agar Turkiya Idlibdagi Asad muxolifatini qo‘llab-quvvatlab amaliyot boshlasa, quruqlikdagi qo‘shinlarga yordam uchun F-16 qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘tarishga to‘g‘ri keladi.
Agar F-16 samolyotlari Suriya osmoniga kirsa, ularni nafaqat Asad armiyasi qiruvchi samolyotlari, balki rossiyaliklarning harbiy samolyotlari ham qarshi oladi.
Demak, urushmi?
Blumbergda chiqqan ma'lumot tasdiqlangan taqdirda ham, Patriot majmualari Turkiyaga berilishi oson bo‘lmaydi. Anqara 2019 yilda Rossiyadan S-400 zenit-raketa majmualari sotib olgach, Vashington turk harbiylari bilan hamkorlikni kamaytira boshlagan.

Aref Tammawi / AFP / Scanpix / LETA
Turkiya hududida ayni vaqtda bir necha Patriot majmualari bor, ammo ular Amerika harbiy bazasiga joylashtirilgan. Bi-bi-sining Turkiyadagi xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Erdo‘g‘an erishishi mumkin bo‘lgan maksimum natija - AQSh Injirlikdagi Patriot majmualarini amerikalik harbiylar nazoratida Turkiyaning Suriya bilan chegara yaqinidagi Xatay shahri hududiga joylashtirishi bo‘ladi. Bu holatda zenit-raketa majmualari rossiyaliklarning harbiy samolyotlarini nishonga olar darajada masofada bo‘ladi.
2019 yil dekabrida Suriya hukumati armiyasi Idlibni to‘liq egallash uchun yurish boshlagan, bu amaliyotda Asad kuchlariga rossiyaliklar aviatsiyasi va Eron ta'siridagi harbiy guruhlar ko‘maklashmoqda. 2020 yil yanvar oyining ikkinchi yarmida harbiy harakatlar ko‘lami ortdi va mojaro ishtirokchilarining barcha tomonlari harbiy yo‘qotishlarga uchray boshladi, ayniqsa turk harbiylari ko‘p qurbon bermoqda.
20 fevral kuni ham Turkiya Idlibda ikki nafar harbiysi halok bo‘lganini ma'lum qildi va bu bilan turklarning Suriyada shu oydagi qurbonlari soni 15 nafarga yetdi. Bundan biroz avvalroq Rossiyaning Suriyadagi dushman tomonlarni yarashtirish markazi Su-24 bombardimonchilari guruhi Idlibdagi ayirmachi kuchlar pozitsiyalariga zarba bergani haqida ma'lumot tarqatgandi. Xabarda muxolifat kuchlari turk artilleriyasi ko‘magida Suriya armiyasining Idlibdagi marralarini yorib o‘tishga harakat qilgani aytiladi. Turkiyadagi nashrlarda aytilishicha, turk harbiylari Idlibdagi muxolifat kuchlarini nafaqat artilleriya orqali, balki maxsus topshiriqli jangchilar bo‘linmalari va tanklar yordamida ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bu xabarlar Turkiyadagi siyosatchilar va harbiy qo‘mondonlarni qattiq asabiylashtirmoqda.
Idlib qay darajada muhim?
Idlib 2011 yildan buyon Bashar Asadga qarshi kurashib kelayotgan Suriya muxolifatining so‘nggi tayanchidir.

Idlibga yurish muvaffaqiyatli tugashi Suriya hukumatiga ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan manfaatlidir. Asad armiyasi uzil-kesil g‘alabaga erishsa, mamlakat transport tizimining qontomiri bo‘lgan M4 va M5 avtomobil trassalarida to‘liq nazorat o‘rnatadi.
Turkiya uchun ham Idlib juda muhim. Anqara bu hududni o‘z ta'siridagi hudud deb hisoblaydi. 2016 yildan buyon turk harbiylari va ularning Suriyadagi ayirmachilardan iborat ittifoqdoshlari mamlakat shimolida uch marta harbiy amaliyot o‘tkazdi, ammo shu vaqtgacha bu amaliyotlarning hech biri to‘g‘ridan-to‘g‘ri Asad kuchlariga qarshi qaratilmagandi.
Ammo hozirda Idlibda Asad muxolifati bo‘linmalari joylashgan, Turkiya ularni yillar mobaynida moddiy ta'minlab, o‘qitib, qurollantirib kelmoqda. Agar Erdo‘g‘an hozir o‘z vaqtida kurd otryadlariga qarshi kurashda yordam bergan ittifoqchilarini yolg‘iz qoldirsa, Turkiya ichida uning reytingi qulashi tayin.
Ichki ziddiyat
Ko‘plab ekspertlarning fikricha, Erdo‘g‘an ichki siyosatdagi sabablarga ko‘ra Idlibdagi harakatlarni keng ko‘lamli amaliyotga aylantirib yuborishi mumkin. Turkiya iqtisodiyotida kichik inqiroz yuzaga kelgan, ishlab chiqarish sohasida pasayish kuzatilmoqda. Inflatsiya 2018 yilgi inqiroz vaqtidagiga nisbatan sekinlashgan bo‘lsada, yuqoriligicha qolmoqda.

Shu bilan birgalikda, Erdo‘g‘an armiya ta'minotiga va yangi qurollar sotib olish uchun katta mablag‘lar sarflamoqda. Bu xarajatlarni esa qandaydir yo‘l bilan oqlash kerak bo‘ladi.
Bularning barchasi mamlakat ichkarisida norozilik boshlanishiga zamin hozirlamoqda. Erdo‘g‘anning partiyasi esa 2019 yilgi saylovlarda Istanbulda ham, Anqarada ham mag‘lub bo‘lgandi.
Bu fonda harbiy amaliyot Erdo‘g‘an uchun millatni birlashtirish va hukumatdagi partiya reytingini oshirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi.
Turkiya prezidenti «Idlib masalasida yechim topish va Suriya hukumati qo‘shini chekintirilishi uchun sanoqli kunlar qolgani» haqida gapirdi.
19 fevral kuni Erdo‘g‘an turk armiyasining Suriya hukumatiga qarshi amaliyoti «muqarrar» ekanini aytdi.
«Idlibda harbiy amaliyot boshlanishi - vaqt masalasi», - dedi Erdo‘g‘an va Suriya hukumatiga so‘nggi ogohlantirish berilayotganini ta'kidladi.
Shu bilan bir vaqtda, Anqara Moskva bilan munosabatlarda o‘zini tiyib turibdi. Turkiya Mudofaa vazirligi Idlibdagi vaziyat bo‘yicha Rossiyaga e'tiroz yo‘qligini bildirdi. Vazirlik Turkiyaning bu masaladagi barcha e'tirozi Bashar Asad rejimiga qaratilganini ma'lum qildi.
Rossiya suriyalik harbiylarni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgan.
«Yo‘qotishlar ulkan bo‘ladi»
IShID batamom mag‘lub etilgach, asosiy e'tiborini o‘z hududini tiklashga qaratgan Suriya hukumati armiyasi shimoldagi yerlarni egallay boshladi va katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
2018 yil sentyabrida Sochidagi kelishuvga ko‘ra Suriya shimolidagi muxolif kuchlar va boshqa guruhlar uchun faqat Idlibdagi qurolli harakatlardan xoli hudud qoldirildi. Kelishuvga ko‘ra Turkiya bu hududdagi kuchlar front chizig‘idan o‘tmasligi, shuningdek, magistral yo‘llar to‘lig‘icha Asad kuchlari nazoratiga o‘tishini ta'minlashi, Rossiya esa Suriya hukumati Idlibga bostirib kirmasligini ta'minlashi kerak edi. Ammo tomonlar bu shartlarga amal qilishmadi.
Idlibda ayni vaqtda muxolif kuchlar otryadlari, boshqa jangari guruhlardan tashqari mamlakatning turli qismlaridan kelgan, Asad hukumatiga bo‘ysunib yashashni istamagan qochqinlar to‘plangan - ularning soni 3,5 million kishi atrofida.


BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Idlibda harbiy harakatlar qayta boshlangach bu yerdagi mahalliy aholi vakillarining 900 mingga yaqini o‘z boshpanalarini tark etib, shimolga, Turkiya bilan chegaralar yaqiniga ko‘chgan, ularning orasida yarim millionga yaqin bolalar bor.

1 yanvar kunidan buyon gumanitar tashkilotlar qurolli harakatlar oqibatida tinch aholi vakillaridan 299 nafari halok bo‘lganini qayd etgan. Kimdir aviazarbalar qurboniga aylangan, kimdir sahro hududida yoki to‘lib-toshgan qochqinlar lagerida boshpana topolmasdan sovuqdan muzlab halok bo‘lgan. Muammo shundaki, hozirda harbiy harakatlar Idlibda aholi zich yashaydigan hududlar tomon yaqinlashib kelmoqda.
BMT bosh kotibi o‘rinbosari Mark Loukok harbiy harakatlar bu hududlarga yetib kelsa, qochqinlar orasidagi qurbonlar soni haddan ziyod ko‘p bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.
«Oilalar Suriyaning u burchagidan bu burchagiga qochib yashashga majbur bo‘lmoqda. Lekin ko‘pchilik odam baribir bombalar ostida halok bo‘lishi mumkin», - degan jurnalistlarga BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bashelet.

Muxolifat qo‘lida bo‘lgan, masalan, Atarib shahrida bombardimon qilish ishlari olib borilmoqda.
So‘nggi kunlarda aviazarbalar oqibatida 10ta shifoxona va 19ta maktab, shuningdek, qochqinlar lagerlari zarar ko‘rgan.
«Shifoxonalarga, boshqa tibbiyot muassasalariga va maktablarga qilinayotgan ko‘p sonli hujumlar tasodifiy emasligi aniq», - deya qayd etgan Bashelet.

Erdo‘g‘an Rossiya va Asad armiyasini tinch aholiga hujum qilishda ayblamoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi bunday ayblovlarni rad etgan.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Hozirda voqealar rivoji qanday kechishini taxmin qilish qiyin. Moskva va Anqaraning inqirozdan chiqish bo‘yicha muzokaralari hozircha muvaffaqiyat keltirmayapti, muzokaralarning uch raundidan keyin ham deyarli kelishuvga erishilmadi.
«Ammo bu hali tomonlar ziddiyatni harbiy yo‘l bilan hal qilmoqchi, degani emas. Bundan avval vaziyat keskinlashgan vaqtlarda masalani Putin va Erdo‘g‘an o‘zaro uchrashuvda qo‘l rejimi orqali hal qilishni afzal ko‘rishgan edi… Aftidan, bu safar ham so‘nggi so‘zni shu ikki prezident aytadi» - deya qayd etgan Moskvadagi Karnegi markazi eksperti Aleksey Xlebnikov.
Turkiya TIV ham shunday variantga ishora qilmoqda. U yerdagilar, agar yaqin kunlarda diplomatlar Idlib inqirozi masalasida yakuniy kelishuvga erisha olishmasa, Putin va Erdo‘g‘an yana bir marta uchrashishi mumkinligini istisno etmagan.

Ehtimol, Moskva va Anqara Idlibda vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bo‘yicha kelishuvga erishar, deb hisoblaydi Bi-bi-sining Turkiya xizmati tahlilchisi Irem Koker.
«Bu tomonlarga barchani qanoatlantiradigan shartlar bo‘yicha kelishib olishga imkon va vaqt beradi. Tomonlar nafaqat Suriyadagi masala bo‘yicha, balki Liviya, kurdlar hamda iqtisodiy loyihalar bo‘yicha ham kelishib olishi mumkin», - deya qayd etgan jurnalist.
Bunday sulhga erishish uchun zarur shartlar mavjud. Moskva va Damashq uchun Idlib shahri emas, birinchi navbatda M4 va M5 trassalari muhim.
M5 trassasi butun Suriya bo‘ylab o‘tadi. U shimolda Halab shahrini Xama, Xoms va Damashq shaharlari bilan bog‘laydi va janubda Dera provinsiyasi va Iordaniya chegarasigacha boradi. Yo‘l harbiylarga asbob-uskunalar va ta'minotni tezda yetkazib berishga imkon beradi. 2012 yildan beri avtomagistral qurolli muxolifat nazorati ostida qolmoqda.
Anqara esa nazoratidagi hududlarning bir qismini topshirib, evaziga Idlib shahri yaqinidagi va Suriya-Turkiya chegarasi yaqinidagi pozitsiyalarini kuchaytirib olishi mumkin.
Irem Kokerning hisoblashicha, bularning hech biri kelajakda Suriya shimolida Rossiya va Turkiyaning harbiy to‘qnashuvi va ehtimoliy eskalatsiyani istisno etolmaydi. Lekin ayni damda voqealar bunday tus olishi ehtimoli yuqori emas.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, 5 mart kuni Istanbulda Idlibdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha 4 davlat yetakchilari - Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Germaniya kansleri Angela Merkel, RF prezidenti Vladimir Putin va Fransiya rahbari Emmanuel Makron ishtirokida sammit bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid

21:40 / 04.02.2025
Suriyaning yangi rahbari Erdo‘g‘an bilan uchrashuvga yo‘l oldi

17:15 / 12.01.2025
Erdo‘g‘an yana bir prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yishini istisno etmadi

16:28 / 08.01.2025
Yangi Suriyada terrorchi tashkilotlarga o‘rin yo‘q – Erdo‘g‘an

20:48 / 25.12.2024